Jahon | 11:55 / 19.03.2026
3247
5 daqiqa o‘qiladi

“Urush sabab arablarning Markaziy Osiyoga investitsiyalari kamayadi” – amerikalik tahlilchi

Vashingtondagi Xalqaro soliq va investitsiya markazi direktoriga ko‘ra, urushdan avvalo Markaziy Osiyo davlatlari ichida Tojikiston va Turkmaniston zarar ko‘rmoqda. Chunki ikki davlat Tehrondan oziq-ovqat mahsulotlari olib kelardi. Umumiy miqyosda esa endi mintaqaga arablarning investitsiyalari kamayishi kutiladi, chunki ko‘rfaz davlatlari yaqin yillarda o‘ziga ko‘proq xarajat qiladi.

Vashingtondagi Xalqaro soliq va investitsiya markazi direktori Deniyel Uittning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyoning eng katta savdo hamkori bo‘lgan Xitoy ham Erondagi urushdan iqtisodiy zarar ko‘rmoqda.

“Urushlar mojaroga aloqador bo‘lmaganlarga ham ta’sir qiladi va salbiy oqibatlarga olib keladi. Erondagi urushning ta’siri butun dunyoda sezilmoqda. Markaziy Osiyo esa Eronga qo‘shni. Siz, albatta, istisno emassiz. Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi mintaqaviy va global energiya bozorlariga katta bosim o‘tkazadi. Xususan, urushdan oldin Eron xom neftining 80-90 foizini sotib olgan Xitoy endi uning o‘rnini bosadigan yo‘llarni topishi kerak. Qo‘shnilaringiz Tojikiston va Turkmanistonga qarasak, ular Erondan oziq-ovqat import qiladi va Eronning oziq-ovqat eksportiga qo‘ygan hozirgi taqiqidan zarar ko‘rmoqda”, - deydi Uitt.

Amerikalik tahlilchining fikricha, Qozog‘iston neft narxi oshishi hisobiga yuqori daromad olishi mumkin, lekin urush natijasida global iqtisodiy sekinlashuv xavfiga ham duch keladi. 

“Ammo Markaziy Osiyo o‘zining puxta, izchil betaraflik va ko‘p vektorli tashqi siyosati tufayli yaxshi himoyalangan. Bu siyosat barcha qo‘shnilar va AQSh, Hindiston, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlari kabi boshqa global kuchlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga imkon berdi. Bu ayniqsa, inqiroz davrida siz uchun oqilona xizmat qilmoqda” , - deydi tahlilchi.

-The Guardian nashrining yozishicha, Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi urushning dastlabki kunlaridayoq 11,5 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflab tashladi va bu summa faqat harbiy xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Bungacha esa prezident Tramp jamoasi Amerika xalqiga butunlay boshqacha siyosatni va’da qilgan edi. Sizningcha, boshidan bu urush qanchalik zarur edi?

“O‘ylaymanki, ko‘pchilik Qo‘shma Shtatlarning Eronda tajovuzkor harbiy harakatlarni boshlashiga sabab Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi va uni joylashtirishining oldini olish. Va menimcha, Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi dunyoni xavfsizroq qilish-qilmasligini vaqt ko‘rsatadi. Urush tufayli Eron bilan aloqalar zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, sizning tashqi siyosatingiz iqtisodiy aloqalarni Markaziy Osiyo uchun muhim bo‘lgan boshqa hamkorlar bilan almashtirishni osonlashtirmoqda. Keling, bir daqiqaga to‘xtab, so‘nggi ikki yil ichida qo‘yilgan ajoyib qadamlar haqida o‘ylab ko‘raylik. Men O‘rta koridorni nazarda tutyapman. O‘rta koridor hozir nafaqat Markaziy Osiyo savdosi, balki global savdo uchun ham muhim. Biz buni Ukraina urushi natijasida va endi Eron urushi bilan ko‘rdik. O‘rta koridor muhim ahamiyatga ega”Deniyel Uitt, Xalqaro soliq va investitsiya markazi direktori

Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, urush sabab fors ko‘rfazi davlatlaridan Markaziy Osiyoga kelayotgan investitsiyalar oqimi ham biroz susayishi mumkin.

“Endi yana bir xavf, O‘zbekiston, Qozog‘iston, siz so‘nggi bir necha yil ichida Arab ko‘rfazidan kelgan katta sarmoyalardan juda katta foyda ko‘rdingiz. Endi bu sarmoyalarning bir qismi sekinlashishi yoki xavf ostida qolishi mumkin, chunki arab mamlakatlari o‘z pullarini ichki qayta qurishga sarflashiga to‘g‘ri keladi. Ammo tashqi siyosatingizga qaytsak, bu barcha mintaqalardagi investorlar uchun eshiklaringizni ochiq saqlash muhimligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, agar bir mintaqa iqtisodiy zarbaga uchrasa, Markaziy Osiyoga ta’siri minimallashtirilishi mumkin”, - deydi Uitt.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid