Jahon | 17:52 / 20.01.2026
6010
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘istonda vitse-prezident lavozimini tiklashni taklif qildi

Qozog‘iston prezidenti bir palatali yangi parlamentni Qurultoy deb nomlashni va vitse-prezident lavozimini tiklashni taklif qildi. U, shuningdek, davlat maslahatchisi lavozimi ham tugatilishi kerak deb hisoblamoqda.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashkil etilishi rejalashtirilayotgan bir palatali parlamentni Qurultoy deb nomlashni taklif qildi. U Milliy qurultoy yig‘ilishida shunday tashabbus bilan chiqdi - hozir yiliga bir marta o‘tkaziladigan maslahat-kengash organi shunday ataladi.

To‘qayev so‘zlariga ko‘ra, qurultoyning tarixiy ko‘lami va ahamiyati qozog‘istonliklarga «aniq va yaqindir».

«Umuman olganda, Qurultoy nomini mamlakatimiz siyosiy tizimidagi juda muhim davlat instituti ramzi sifatida saqlab qolishimiz kerak, deb hisoblayman», dedi To‘qayev.

Yangi parlament besh yil muddatga saylanishi ko‘zda tutilgan. Unda hozirgi 148 ta (Majlisda 98 ta va Senatda 50 ta) o‘rin o‘rniga 145 ta mandat bo‘ladi. Parlamentni shakllantirishda prezidentlik kvotasidan, shuningdek, Qozog‘iston xalqi assambleyasi kvotasidan voz kechish rejalashtirilgan.

«Yangi parlamentda hech qanday eksklyuziv tayinlovlar bo‘lmasligi kerak, deputatlar barcha uchun yagona qoidalar asosida saylanishi kerak», deb ta’kidladi prezident. Parlament raisining ko‘pi bilan uch nafar o‘rinbosari bo‘ladi, qo‘mitalarning umumiy soni esa sakkiztadan oshmasligi kerak.

Shuningdek, To‘qayev mamlakatdagi bir qator apparat tuzilmalarini, jumladan, davlat maslahatchisi lavozimini tugatishni taklif qildi. «I’m very sorry» («Men juda afsusdaman») dedi prezident o‘ng tomonida o‘tirgan davlat maslahatchisi Yerlan Karinga ingliz tilida yuzlanib.

Shuningdek, To‘qayev respublikada vitse-prezident lavozimini joriy etishni taklif qildi. Uni parlament roziligi bilan (ko‘pchilik ovoz bilan) prezident tayinlashi ko‘zda tutilgan. Qozog‘iston vitse-prezidenti xalqaro va ichki tadbirlarda mamlakat nomidan ishtirok etadi.

Qozog‘istonda vitse-prezident lavozimi avvalgi davlat rahbari Nursulton Nazarboyev davrida, 1991-1996 yillarda bo‘lgan. Bu lavozimni egallagan birinchi va yagona shaxs Erik Magzumovich Asanbayev edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid