O‘zbekiston | 09:20 / 13.05.2018
10357
2 daqiqa o‘qiladi

Hikmat Abdurahmonov Toshkent shahri hokimligi huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashiga rahbarlik qiladi

Toshkent shahar hokimligi huzurida jamoatchilik kengashi tuziladi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bergan.

Xalqaro biznes va texnologiyalari assotsiatsiyasi (AMBiT) raisi, O‘zbek—Xitoy savdo uyi vakolatxonasi rahbari va bir qator kompaniyalar asoschilaridan biri, tadbirkor Hikmat Abdurahmonov kengash raisi etib tayinlangan.

Jamoatchilik kengashini tuzishdan ko‘zlangan maqsad — Toshkent shahrini yanada rivojlantirish, davlat-xususiy sherikchiligini kengaytirish, shaharni boshqarishda axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, Toshkent shahrini xorijiy aloqalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali shahar byudjyetiga soliq va boshqa to‘lovlar tushumini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shahar ekologiyasini yaxshilash, parklar, mini-parklar hamda yashil maydonlar tashkil etish, yoshlarning ishtirokini kengaytirish, dunyoni rivojlangan poytaxt shaharlarida sinovdan o‘tgan yangi texnologiyalarni joriy etish orqali shahar infrastrukturasini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash, sportni ommalashtirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, madaniy tadbirlarni o‘tkazish, shahar hayotini yaxshilashga oid normativ hujjatlarni ishlab chiqish masalalarida keng jamoatchilik ishtirokini ta'minlashdir.

Jamoatchilik kengashida Toshkent shahrini rivojlantirish, uni «XXI asr shahri»ga aylantirish, so‘nggi texnologik yutuqlarni joriy etish, shahar boshqaruvini shaffofligini ta'minlash, poytaxt aholisi va mehmonlariga qulayliklar yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va ularni joriy etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Obod mahalla» dasturini sifatli to‘liq ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati yangi tashkil etilayotgan kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Toshkent shahar hokimligi Jamoatchilik kengashi faoliyatida qatnashish takliflarni kengash raisi Hikmat Abdurahmonovga elektron pochta orqali yuborish mumkin.

Mavzuga oid