O‘zbekiston | 09:54 / 23.10.2023
20167
2 daqiqa o‘qiladi

Qiziltepa va Xatirchi tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi

Qiziltepa tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Fayziyev viloyat hokimining qarori bilan lavozimidan ozod etildi. Xatirchi tumani hokimi Sayfiddin Nizomov esa oldinroq prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishdan olingandi.

Navoiy viloyatining Xatirchi va Qiziltepa tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimi Normat Tursunovning tegishli qarorlari qabul qilingan.

Viloyat hokimining qarori bilan Xatirchi tumani hokimi lavozimiga Umidjon Adizov tayinlangan. U bugungi kunga qadar viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, JXX boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Umidjon Adizov

Xatirchi tumaniga 2021 yil martidan buyon hokim bo‘lgan Sayfiddin Nizomov 2023 yil 11 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishdan olingandi.

Shuningdek, Normat Tursunovning qarori bilan Qiziltepa tumani hokimi lavozimiga Bekzod Bobomurodov tayinlangan. U 2020 yil oktyabridan buyon Navoiy viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bekzod Bobomurodov

Qiziltepa tumaniga 2022 yil iyul oyidan buyon tadbirkor va senator Ulug‘bek Fayziyev hokim bo‘lib kelayotgandi. Navoiy viloyati hokimining qarori bilan u 23 oktyabrdan lavozimdan ozod etilgan.

Ulug‘bek Fayziyev biznesmen hokim sifatida ko‘p bora OAV e’tiboriga tushgan. U hokimlik davrida qator MChJlar rahbarligini saqlab qolgandi

Mavzuga oid