O‘zbekiston | 14:56 / 12.07.2020
76247
14 daqiqa o‘qiladi

Qoniqarsiz koll-markaz, immunitetni ko‘tarish yo‘llari va uyda davolanish tartibi - Nurmat Otabekov bilan suhbat (1-qism)

Kun.uz Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov bilan telefon orqali intervyu tashkil etib, ayni kunlarda dolzarb bo‘lib turgan qator savollarga javob oldi.

Foto: KUN.UZ

Ma'lumki, Maxsus komissiyaning iyul oyidagi 33-sonli yig‘ilish qarori bilan ayrim bemorlarning o‘z uyida davolanishi belgilangan edi. Ammo bugun fuqarolardan kelayotgan ko‘plab murojaatlarga ko‘ra, kasallik yuqtirgan va uyda qolib davolanayotgan bemorlarning 1003 koll-markaziga qilgan aksar qo‘ng‘iroqlari javobsiz qolmoqda.

Bundan tashqari, soatlab kutilgan javobdan keyin ham markaz bilan bog‘lanilganda, u yerdagi mutaxassislar bemorlarni qoniqtiradigan darajada kerakli maslahatni bera olishmayapti. Markaz tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat sifati bilan bugun hech kim qiziqmayapti, u o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Nurmat Otabekovga ilk savolimiz shu xususda bo‘ldi.

«Aslida ma'lumotlar markazi faoliyati bilan bog‘liq masalalarga mening baho berishim qiyin. Negaki, bu markaz Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil qilingan.

Ma'lumotlar markazi faoliyatini tashkil bo‘yicha vazirlikning 176-sonli buyrug‘i chiqqan. Shuningdek, ushbu buyruqqa muvofiq, koronavirus kasalligiga chalingani tasdiqlangan va kasalligi klinik belgilarsiz kechayotgan bemorlarni uy sharoitida hamda hududiy poliklinikalar nazorati ostida davolashga ham ruxsat berilgan.

Albatta, bemorlarning uyda davolanishini tashkil qilishdan maqsad odamlar uchun qulaylik yaratish. Bilasiz, O‘zbekiston bir necha oydan buyon koronavirus kasalligi bilan kurashib kelyapti. Mana shu davr mobaynida biror klinik belgilarsiz 14 kun shifoxonada va yana 14 kun reabilitatsiyada yotib chiqqanlar bo‘ldi. Shunday ekan, hozirgi vaqtda bu chora kasallika chalinganlar soni ortib borayotgani, qolaversa, kasalligi klinik belgilarsiz o‘tayotgan fuqarolarni uy sharoitida davolash mumkinligini inobatga olib qo‘llanmoqda. Mobodo bemorning ahvoli og‘irlashsa yoki boshqa jiddiyroq holatlar kuzatilsa, biz uni tezda shifoxonaga olamiz.

Bundan tashqari, biz ushbu chorani qo‘llash orqali joy bilan bog‘liq tanqisliklarning oldini olishga harakat qilyapmiz.

Haqiqatan ham, koronavirus bilan zararlanishning klinik belgilari 14 kun mobaynida kuzatilishi aytilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu boradagi fikrini hozircha o‘zgartirgani yo‘q. Lekin O‘zbekistondagi holatlardan ko‘rinyaptiki, kimgadir kasallik yuqqan bo‘lsa, uning namoyon bo‘lishi uchun 10 kun muddat yetarli hisoblanadi.

Virus bilan zararlanganlar orasida 11-12-kunlarga kelib klinik belgilari paydo bo‘lgan bemorlar kamdan-kam kuzatilyapti», – deya javob berdi Nurmat Otabekov.

Albatta, bu masalaga yana qaytamiz. Hozirgi bergan savolim esa 1003 ma'lumotlar markazining qoniqarsiz faoliyati borasida edi. Hozir kuzatilayotgan og‘ir holatdan kelib chiqib, bu markaz faoliyatini takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Markaz bilan bog‘lanish imkoniyatini osonlashtirish va u yerdagi tajribali, bilimli mutaxassislarni ko‘paytirish zarurati, markaz faoliyati bugun odamlarni umuman qoniqtirmayotganiga izoh bersangiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligining men yuqorida aytgan buyrug‘ida 2 kun muddatda uyda davolash bo‘yicha kerakli tartib va guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Bunda kasallik holati hisobotlarini yuritish bo‘yicha alohida va kasallikka chalinganlar bo‘yicha alohida tartib ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan. Hozir mana shu tartiblar hammasi ishlab chiqildi. Lekin shu bilan birga ma'lumotlar markazidagi xodimlar bu tartiblardan to‘la xabardor bo‘lib, uni to‘liq anglab yetolmagan bo‘lishi mumkin.

Albatta, bu amaliyot O‘zbekistonda birinchi bor qo‘llanilayotgani uchun odamlarda bu borada savollar juda ko‘payib ketmoqda. Lekin men sizning fikrlaringizga qo‘shilaman. Chunki bizga ham bu borada turli murojaatlar va tanqidlar kelib turibdi. Demak ko‘rinadiki, ma'lumotlar markazining faoliyatini takomillashtirish, unga sohani yaxshi bilgan, bemorlarga kasallikdan davolanish bosqichlarini to‘g‘ri tushuntirib beradigan mutaxassislarni jalb qilish kerak.

Men aniq bilaman, ma'lumotlar markaziga kimdir telefon qilib o‘z savoliga ko‘ngildagidek javob ololmas ekan, u taajjublanadi. Keyinchalik tizimdan norozi bo‘ladi. Ayniqsa hozir – vaziyat og‘irlashgan, odamlar sarosimaga tushayotgan paytda bu markazning faoliyati tubdan yaxshilanishi kerak.

Koronavirusdan uyda davolanayotgan odamlarga yetarli ma'lumot berish borasidagi kerakli topshiriqlar Maxsus komissiyaning ketma-ket imzolangan 31, 32, 33, 34, 35-sonli yig‘ilish bayonnomalarida ham ko‘rsatilgan.

Komissiyaning oxirgi yig‘ilish bayonnomalaridan birida keltiriladiki, biz agar lozim bo‘lsa, tibbiyot sohasida ishlagan, tajribali shifokorlar bilan shartnoma tuzib, ularni kasallikka qarshi kurash sohasiga qayta jalb qilishimiz mumkin. Bular 1-2 kun ichida bartaraf etiladigan holat.

Tushuning, Ilyosbek, O‘zbekiston tibbiyoti bu borada endigina tajriba orttiryapti, tajribamiz endigina oshyapti.

— Maxsus komissiyaning yuqorida aytilgan qarorida uyda davolanayotganlar holidan xabar olish, ularning davolanishiga yordam berish uchun mobil guruhlarni tashkil qilish vazifasi yuklatilgan edi. Xo‘sh, bu qanday guruh? U qanday tizimda ishlaydi? Uning ham faoliyati afsuski, ko‘p sohalarda bo‘lgani kabi xo‘jako‘rsinga bo‘lib qolmaydimi?

— Bizda hozir nafaqat mobil guruhlar tashkil qilinyapti, balki viloyatdagi tibbiyot muassasalari mutaxassislariga kasallikni davolash yo‘llari va profilaktikasi bo‘yicha maslahatlar berib turilibdi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining 176-sonli buyrug‘i bilan har bir viloyatga maxsus tibbiyot xodimlari, ya'ni olimlar va professorlar biriktirilgan.

Endi mobil guruhlar haqida. Mobil guruhlarning ikkita toifasi bor. Birinchisi – bemorlarning uyda yoki statsionar sharoitda davolanishini hal qiluvchi guruh. Bu guruhda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi vakillari, QVP vakillari va vrach-infeksionist bo‘ladi. Ular birgalikda saralash guruhi vazifasini bajaradi. Bu – bemorlarni qayerda davolanishi kerakligi bo‘yicha xulosa beruvchi guruhdir.

Ikkinchisi – faol mobil guruh. Bu guruh buyurtmani oilaviy poliklinikalar, QVP va markaziy poliklinikalardan oladi. Demak, bemorlar uyda davolanish barobarida kasallikning biror-bir klinik belgilarini sezsa, ya'ni tana xarorati ko‘tarilsa, tana qaqshab og‘risa, poliklinikalarga murojaat qiladi. Poliklinikalar mobil guruhga murojaat qiladi. Guruh vakillari esa o‘z navbatida bemorning uyiga yetib boradi. Vaziyatni ko‘zdan kechirib, bemor ahvolini baholab, agar lozim topsa, tez yordam avtomashinasida shifoxonaga o‘tkazadi. Bemorning qolgan oila a'zolari bilan bilan muloqotda bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirishni nazoratga oladi.

Mobil guruhning vazifasi kundalik kuzatuvdan farqli o‘laroq, faqat malakali tibbiyot xodimlarining malakali maslahati zarur bo‘lgandagina ishga tushish. U har bir tuman va shahar tibbiyot birlashmasida tuziladi.

Mobil guruhlar bir nechta bo‘lishi mumkin. Bu kelib tushayotgan buyurtmalar soniga va xizmat ko‘rsatish radiusidan kelib chiqqan holda tuziladi.

— Bu borada ma'lum tajriba orttirdik, deya ta'kidlab o‘tdingiz. Ayting-chi, kasallikdan himoyalanish uchun sanitar-gigiyenik qoidalarga amal qilishdan tashqari (bularni odamlar yodlab ham olishdi), yana qanday choralar ko‘rish lozim? Iste'mol qilinishi kerak bo‘lgan mahsulotlar, ovqatlanish qoidalari, kerakli dori va boshqa vositalarni nazarda tutyapman.

— Albatta, dori-darmon haqida gap ketganda fuqaro kasallik yuqtiradigan bo‘lsa, o‘z hududidagi shifokordan maslahat olishi kerak. O‘sha shifokor biladi bemordagi haqiqiy holatni. Har bir shaxs alohida individ.

Lekin biz aniq bilamiz, aytganingizdek, ehtiyot choralari haqida shunchalik ko‘p gapirdikki, uni odamlar yodlab oldi. Endilikda biz immunitetni ko‘taradigan, inson immun tizimini barqaror ushlaydigan vositalar haqida ko‘proq ma'lumot berishimiz kerak.

Biz bu borada tajribamizdan aniq bilamizki, inson o‘z imunitetini mustahkamlashi uchun to‘yib uxlashi, yaxshi dam olish, xotirani jamlashi, ortiqcha asabiylashmaslik, to‘yib ovqat yeyishi (me'yorni buzmagan holda) va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi hamda zararli odatlardan (ichkilik, chekish va h.k.) voz kechish kerak.

Yana bir kerakli maslahat: O‘zbekistondagi har bir maysa bu giyoh. Buni hech qachon inkor qilish kerak emas. O‘zbekiston sharoitidagi damlamalar, yani u peshob haydaydiganidan tortib o‘t suyuqligini haydaydigan, oshqozon ichak tizimini yaxshilovchi, ovqat-hazm qilish jarayoniga ijobiy ta'sir qiladigan, qo‘yingki, har bir kasallikda davo hisoblanadi.

Giyohlardan tayyorlangan damlamalarni, turli mevalarni ko‘proq iste'mol qilish. Bularning barchasi bizning immun tizimimizga ijobiy ta'sir qiladi. Bir narsani e'tibordan chetda qoldirish kerak emas, bizda turli giyohlardan tayyorlangan va juda arzon narxda sotiladigan damlama va dori vositalari ko‘p.

Ahamiyat beradigan bo‘lsak, o‘simliklardan tayyorlangan vositalar bizning amaliyotimizda keskin kamayib ketgan. Biz asosan kimyoviy yo‘l bilan olingan dorilarni qabul qilyapmiz. Bu juda zararli. Borib-borib qaysidir organlarimizga albatta zarar yetkazadi.

Shunday ekan, biz turli o‘simliklar: na'matakdan tortib, kiyik o‘ti, makkajo‘xori tuklari, romashka guli va ayniqsa tog‘da o‘sadigan dorivor o‘simliklarni iste'mol qilishni kanda qilmasligimiz kerak. Imkon qadar kimyoviy dori vositalardan foydalanmaylik.

Insonning hatto ichadigan suyuqliklari tarkibida ham damlamalar bo‘lishi kerak.

Tabiat ne'matlaridan uzoqlashmaslik kerak. Masalan, isiriq o‘simligining ham foydasi juda katta.

Bundan tashqari, oddiy yong‘oqni oling, u miya to‘qimalari faoliyatini yaxshilaydi. O‘rik va uning turshagi yurakka darmon.

Virus yuqtirgan va o‘z uyida davolanayotganlar-chi? Ular qanday choralarni ko‘rishi kerak? Hozir O‘zbekistondagi ko‘plab bemorlar va ularning yaqinlari aynan shunday tavsiyaviy qo‘llanmalarning mavjud emasligidan norozi bo‘lishmoqda.

Tasavvur qiling, har xil oilalar bor. Homilador va yosh bolali ayollar, qariyalar, kasallar, ko‘p qavatli uyda va juda yaqin masofada turib yashashga majburlar.

— Kasallikka chalinib uyda davolanayotgan bemorlar uchun qo‘llanma tayyorlash jarayoni yakuniga yetgan. Hozir uni barcha tashkilot va vazirliklarga yetkazish uchun ko‘paytirish jarayonlari ketyapti. Albatta, bu hammaga yetarli miqdorda bo‘ladi. Aholiga esa OAV, jumladan, internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlar, yirik auditoriyaga ega telegram kanallari orqali yetkazmoqchimiz.

Men kasallikka chalinib uyda davolanayotgan bemorlarga bir jihatni eslatmoqchiman. Ular avvalo organizmida virus borligini bir daqiqa bo‘lsin yoddan chiqarmasligi kerak. Ikkinchidan, kasallik ularning oila a'zolariga hali yuqib ulgurmagan bo‘lsa, uni yuqtirib qo‘yishdan jiddiy saqlanish kerak. Bemorlar o‘zini imkon qadar alohidalashi kerak.

Lekin uyda sharoit bo‘lmasa va kasallik klinik belgilarsiz kechayotgan bo‘lsa, bunday paytda yuqoridagi guruh qaror qiladi. Ya'ni u balki statsionar davolanishga olinishi kerakdir. Negaki, ayrim bemorlarning uy sharoitida davolanish imkoniyati yo‘q va uni oila a'zolariga yuqtirib qo‘yishi mumkin.

Bundan tashqari, hozir bizda virusdan ehtiyot bo‘lishning eng samarali yo‘li sifatida doka niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va odamlar to‘plangan joyga bormaslik bo‘lib turibdi.

Shuningdek, karantin muddatini to‘la o‘tash – kasallikdan tuzalib ketish va uni boshqalarga yuqtirmaslikning yagona imkoniyati. Albatta, odamlar shifoxonaga yotadigan bo‘lsa, ularda shunga yarasha qandaydir noqulayliklar ham kelib chiqadi. Begona muhit, begona sharoit va begona odamlar.

Kasallikni yuqtirganlar, ularning qancha vaqt uyda qolishi, qancha vaqtga chiqishi haqida mobil guruh bosh qotiradi.

Hozir biz tayyorlagan hujjat bo‘yicha uydagi kuzatuv muddati 10 kun qilib belgilangan. Davolash 10 kun davom etadi. Undan keyin bemor test topshiradi va natija manfiy chiqsa, kuzatuv bekor qilinadi. So‘ng bu odam bemalol ishga chiqaverishi mumkin.

— Demak, bemor to‘la davolanib chiqish uchun 10 kun to‘la yetarli muddat?

— Albatta. Yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston sharoitida kasallik tashxisi qo‘yilganlar, kasallikning yengil formasi bilan zararlanganlar 8 kunda to‘liq davolanib ketyapti.

Aytilgan tavsiyalarga to‘la amal qilinsa, virus yuklamasining ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmasa, kasallik tezda davolansa, bemorning organizmida asorat qolmaydi. Bundan to‘g‘ri xulosa qilish kerak.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid