Jahon | 12:53 / 09.05.2026
4133
9 daqiqa o‘qiladi

Eron hamon otmoqda, Parijda bayram, Madridda xaos - hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 9 may, shanba. Bayram munosabati bilan bu gal haftalik dayjestni oldinroq e’lon qilyapmiz. Hafta davomida Eron va AQSh yana urushib ketdi. Aftidan, muzokaralar natija bermayapti. Moskvadagi parad atrofida mojaro avj oldi, dunyo futbolidagi eng asosiy musobaqa finalchilari aniqlandi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Urush davom etadimi?

Amerika prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urush tugaganini aytgandi. Undan keyin davlat kotibi Rubio chiqib yanada aniqroq qilib «Epik g‘azab» operatsiyasi tugaganini aytdi. Lekin Vashington muzokaralarda Tehronni tavbasiga tayantira olmagan ko‘rinadi. Eron BAAga hujum qildi, bunga javoban AQSh Eron harbiy katerlarini yo‘q qildi. Keyin eronliklar Amerika esminetsiga hujum qilishga urindi.

Albatta, bu otishmalar urush qaytalanishiga sabab bo‘lmadi, jiddiy hech qanday o‘zgarish kuzatilmadi, biroq Amerikaday kuchli davlat kuchli pozitsiyada turib muzokara o‘tkazayotgan bir vaqtda xuddi o‘sha Amerika prezidenti «taslim bo‘lganini» aytgan narigi davlat hujumlarni davom ettirishi ko‘p narsani anglatadi. Avvalo muzokaralar kutilgandek o‘tmayotganini.

Amerika hozircha Eronning bu hujumlariga bosiqlik bilan javob qaytarmoqda. Lekin muzokaralarda Eron tomondan kim qatnashayotgani, kim qaror qilayotgani aniq emas. Agar Amerika kemalariga hujum qilayotgan va muzokaralarda Eron tomondan hal qiluvchi so‘zni aytayotgan odam bir kishi bo‘lsa, u Tramp bilan yaxshigina siyosiy o‘yin o‘ynayapti. Agar ikki frontda ikki xil guruhlar qaror qabul qilayotgan bo‘lsa, unda vaziyat yanada jiddiy, ikki tomon bilan ham kelishish kerak bo‘ladi. Xullas, vaziyat mujmal. Yoki Amerika Eronga chinakam kuchini ko‘rsata olmayapti yoki eronliklar Amerikaning kuchidan qo‘rqmayapti.

Parij yana finalda

Hafta davomida dunyo futbolidagi asosiy musobaqa — Yevropa Chempionlar Ligasida finalchilar aniq bo‘ldi. «Bavariya» va PSJ Parijdagi fantastik birinchi o‘yindan keyin Myunhenda yana bir bor uchrashdi. Lekin bu gal oldingi kabi intensiv o‘yin bo‘lmadi, Parij juda aqlli va to‘g‘ri o‘yin ko‘rsatib, finalga chiqdi. O‘yin avvalida Diyego Maradonaning Neapoldagi o‘ng oyoqli izdoshi Xvicha Kvaratsxeliya ajoyib yurishi bilan Usmon Dembeleni golli pozitsiyaga olib chiqdi 0:1.

«Bavariya» goldan keyin deyarli butun o‘yin davomida hujumga bordi, biroq Parij juda yuqori pressing evaziga nemislarga hech qanday imkoniyat bermadi. Safonov to‘pni atay autga tepaverib, «Oliseni bo‘g‘ib qo‘yish operatsiyasini» muvaffaqiyatli boshqardi, Xvicha va hujumdagi boshqa yigitlar tez-tez Noyyerni bezor qilib turishdi. Harri Keyn javob golini juda kech urdi, qolganiga nemislarning kuchi yetmadi.

Shu tariqa PSJ haqli tarzda ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Qizig‘i, Parijga ikki marta finalga chiqish uchun shunchaki Messi, Neymar, Mbappedan qutulib, ularning o‘rniga yuguradigan yosh yigitlarni va daho Luis Enrikeni olib kelish kifoya qildi.

Ikkinchi finalchi «Arsenal» bo‘ldi. Diyego Simeone boshchilik «Atletiko» Londondagi javob bahsiga ham «maydonni avtobus parkiga aylantirish» rejasi bilan borgandi. Biroq birinchi bo‘lim yakunida Saka yagona golni urib «Arsenal»ni 20 yil deganda YeChL finaliga olib chiqdi. «To‘pchilar» oxirgi marta 2006 yil Arsen Venger boshchiligida musobaqa finaliga chiqib, Ronaldinio boshchilik «Barselona»ga yutqazgandi.

Endi finalda mavsum davomida eng ko‘p gol urgan va eng kam gol o‘tkazib yuborgan ikki jamoa to‘qnash keladi. Finalni albatta tomosha qiling, uslublar to‘qnashuvi unutilmas o‘yin taqdim etishi aniq. Men finalda hech bir jamoaga emas, gurji o‘g‘loni Xvicha Kvaratsxeliyaga muxlislik qilaman. Kechagina «Rubin»da hammani aldab yurgan yigitcha bugun Yevropa futboli taxtiga ko‘tarilishi ajoyib hikoya bo‘lardi.

«Real»da muhit yomon

Yana futbol haqida. Ispaniyaning Real Madrid jamoasida ichki muhit yomonlashgani haqida tobora ko‘proq xabarlar tarqalmoqda. Oxirgi vaqtlarda Blankosda sodir bo‘lgan voqealarga qarang: Valverde va Chuameni mashg‘ulotda janjallashib ketgan, hatto Valverdeni kasalxonaga olib borib jarohatini tikishga to‘g‘ri kelgani aytilmoqda. Mbappe tiklanish o‘rniga dugonasi bilan sayohat qilib yurganining surati tarqaldi. Jamoadoshlari klasiko oldidan bu bamaylixotirlikni yomon kutib olgan.

Karvaxal Trent bilan teskari, ba’zi futbolchilar Arbeloa bilan gaplashmay qo‘ygan, Ryudiger Karreras bilan janjallashgan. Va eng qizig‘i, Madridda ichkaridagi gaplarni tashqariga tashiyotgan «kalamush»ni qidirishmoqda. Xullas, Madridda vaziyat juda yomon.

Kiyinish xonasidagi bunaqa holatni tuzata oladigan ikki murabbiyni bilaman: biri Zidan, biri Anchelotti. Lekin hozir ularning ikkovi ham qaytmasligi aniq, Zizu Fransiya bilan kelishgan, Anchelotti Braziliyada katta missiya boshlagan. Peres vaziyatni izga tushirish uchun tezroq obro‘li murabbiyni olib kelishni istamoqda. Muxlislar Mbappeni ketkazish uchun petitsiyaga imzo yig‘ib yurishibdi. OAVda Mourino Madridga qaytarkan degan mish-mish tobora ko‘paydi.

Parad mojarosi

Hafta davomida Moskvadagi parad atrofida mojaro avj oldi. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi sulh kutilganidek mo‘rt bo‘lib chiqdi, hech kim sulhga amal qilmadi, shunaqa bo‘lishi aniq edi. Bu orada Moskvadagi parad atrofida mojaro avj oldi. Zelenskiy Rossiyaning harbiy ittifoqchisi Armanistondan turib «parad kuni hech nima qilmaslikka kafolat bermaymiz» deb shov-shuvli bayonot berdi. Qizig‘i, Zelenskiy bu gapni aytgan joydan qiruvchi samolyot bir daqiqa ham sarflamay yetib boradigan masofada Rossiya harbiy bazasi bor edi. Ana shunaqa reallik, Rossiya ko‘z o‘ngimizda yana bir ittifoqchisini boy bermoqda.

Zelenskiyning tahdidli gaplariga Rossiya tomondan Vladimir Putin ham, Sergey Lavrov ham, hech bo‘lmasa Yuriy Ushakov ham emas, TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova tahdid bilan javob berdi. Zaxarova xonimning aytishicha, Ukraina Moskvadagi paradda nimadir qilsa, Kiyevdagi «qaror qabul qilinadigan manzillarga» zarba berilarkan.

Obama xavotirda

Hafta davomida AQSh sobiq prezidenti Barak Obama mamlakat siyosiy holatidan xavotir bildirdi. Obamadan intervyuda demokratik partiyaning holati haqida so‘rashdi. Siyosatchi ikki partiyadan ham xavotirda ekanini aytdi. «Respublikachilarda ham sog‘lom partiya bo‘lishini istayman, demokratlarda ham, albatta», dedi sobiq prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar oxirgi vaqtlarda «juda yomon ishlar bilan mashg‘ul». «Oldingidek respublikachilar qaytishini istayman, konservativ, demokratlarga qarshi bo‘lgan, lekin shu bilan birga qonun ustuvorligini, sudlar, ilm-fan va faktlarni hurmat qiladigan», dedi siyosatchi.

Donald Tramp Barak Husayn (!) Obama ekanini ta’kidlab aytadigan sobiq prezidenti bugungi kundagi Amerika siyosatida kuzatilayotgan eng jiddiy muammoni juda o‘rinli tarzda ko‘tardi. Hozir Amerikada ikki partiyali tizimdan asar ham qolmagan. Kommunistik davlatlar kabi bir partiyaviy tizim amalda desak ham xato bo‘ladi, hozir Amerikadagi boshqaruv hech qanday mubolag‘asiz diktatura boshqaruvini eslatadi.

Bir partiyaviy tizimda ham bosh kotib hech bo‘lmasa partiya kengashi bilan fikr almashadi. Tramp hozir respublikachilar partiyasi vakillari bilan uchrashib, ulardan Eronda nima qilish bo‘yicha maslahat so‘rashini tasavvur qilasizmi? Trampning Amerikasida vazirlar ishdan ketganini prezidentning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan postdan bilib olyapti.

Janob Obama haq, siyosiy partiyalar kuchli, o‘z an’analariga sodiq bo‘lsa, mamlakatda boshqaruv izdan chiqib ketmaydi. Dunyodagi eng qudratli davlat Yaqin Sharqdagi bir burda davlatning so‘rovi bilan qayerdadir urush boshlashi bir odamning irodasiga bog‘liq bo‘lib qolmaydi. Hozir Amerika siyosiy partiyalari mamlakat zamonaviy tarixidagi eng ojiz damlarini o‘tkazmoqda.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid