Sport | 02:20 / 01.06.2018
50398
9 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqining “Iftixor” futbol jamoasi rahbari ikki himoyachini o‘lasi qilib kaltaklagani rostmi?

Joriy mavsum Pro-ligada kutilmagan holda paydo bo‘lgan “Iftixor” jamoasi haqida ko‘p narsa bilmaymiz. Yoshlar ittifoqi tashkilotining jamoasi sifatida tanishtirilgan klub Superliga yo‘lida kurash olib borishi aytilgan edi.

Jamoa Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tashkil topgan. Ayni paytda “Iftixor” Pro-liganing “B”guruhida to‘qqizta o‘yin o‘tkazib, pastki pog‘onalardan birini band etib turibdi. Asad Do‘rmonov hamda Nodir Qo‘ziboyev shogirdlari may oyida uchta o‘yin o‘tkazib, “Labsa” klubiga 2:1 hisobida yutqazgan bo‘lsa, “Sherdor” klubi bilan mezbonda 1:1 o‘ynab, mehmonda 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Kecha internet nashrlarida “Iftixor” klubi mutasaddilari tomonidan jamoaning ikki himoyachisi Tursunboy Husanov hamda Hasanboy Ergashevlarni ayovsiz kaltaklangani haqidagi xabarlardan hayratga tushdik.

Ma'lumotlarga ko‘ra, jamoa rahbari Ahror Ergashev va murabbiy Nodir Qo‘ziboyevlar klub muvaffaqiyatsizliklarining aybdori sifatida ikki himoyachini “o‘yinni sotganlikda” ayblab, keskin va qonunga xilof ravishda chora ko‘rganlar. Har ikki futbolchi hozirda turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonada davolanmoqda.

Biz, voqeaga oydinlik kiritish maqsadida futbolchilar Tursunboy Husanov hamda Hasanboy Ergashevlar bilan bog‘landik.

Tursunboy Husanov: Hammasi “Labsa” bilan o‘yindan boshlandi

“Men “Iftixor” safiga shu yilning fevral oyida kelib qo‘shilganman. Mavsum boshida “Farg‘ona hokimi kubogi”, “Andijon hokimi Kubogi” bahslarida o‘ynadim. Jamoaga yaxshi kirishib ketdim deb o‘ylayman. Murabbiylar bilan kelishmovchilik 7- turdagi “Labsa” bilan bo‘lgan mag‘lubiyatli o‘yindan boshlandi. Nodir Qo‘ziboyev bizni o‘yinni sotganlikda ayblay boshladi. So‘ng “Sherdor” bilan o‘z maydonimizda 1:1 hisobida durang o‘ynadik, so‘ng shu jamoaga mehmonda yutqazdik.

Tursunboy Husanov

26 may, shanba kuni soat 17:00larda meni Oltiariqdagi tashlandiq lagerlardan biriga: “Hujjatlar bor, olib ketgin”, deb chaqirishdi. Borsam, u yerda jamoa boshlig‘i Ahror Ergashev, murabbiy Nodir Qo‘ziboyev va men tanimaydigan uch-to‘rtta yigitlar bor ekan. Borganimdan so‘ng meni xonaga olib kirishib: “O‘yin sotgansan, tan ol!” deya savolga tuta boshlashdi.

Men: “Nima haqida gapirayapsizlar, tushunmadim? Hayotimda bunday ishga qo‘l urmaganman?” deganimdan so‘ng, Ahror Ergashev: “Aybingni bo‘yningga qo‘yaman!” deya qo‘lidagi ichki ishlar xodimlari foydalanadigan dubinka bilan ura ketdi. Shu darajada ko‘p urdiki, oxiri qo‘lidagi dubinka sinib ketdi. Oyog‘im zarbalardan bir zumda shishib ketdi. Bosa olmay qoldim. Chap qo‘l o‘rta barmog‘im sindi. Orqa umurtqam lat yegan. Kaltaklar zarbiga boshim aylanib, ko‘nglim aynidi. Men qilmagan ishimni tan olmadim. Keyin Hasanboy Ergashevni mening oldimda bir soatcha urishdi. Uni kaltaklashayotganida bet-qo‘limni yuvib, mashinamga bir oyoqlab yetib oldim va Farg‘ona ekstrenniy(Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi) kasalxonasiga bordim.

Tursunboy Husanov
Tursunboy Husanov

Meni ko‘rgan vrachlar ham qo‘rqib ketishdi. Bir zumda rentgen, UZI qilib, xonaga yotqizishdi. Do‘xtirlar hudud ichki ishlar profilaktika nozirini chaqirishgan edi, xodim tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi”,- deydi Tursunboy Husanov.

Suhbat davomida futbolchi “Iftixor” bilan bir yillik shartnoma imzolagani, unda har oyda 1 million so‘m maosh ko‘rsatilgani, lekin shu paytgacha jami 800 ming so‘m maosh olganini aytdi. “ Jamoamiz Yoshlar ittifoqi vasiyligida. Maosh va yutuq uchun mukofot pullarini so‘rasak: “Pul tushsin beramiz” degan javobni eshitamiz.

Futbolchi: “Aka, odamni beshafqatlarcha urish qanday bo‘lishini boshimdan o‘tkazdim. Ularga qarshi chora bordir?”, deya zorlanib qoldi.

Hasanboy Ergashev: “Oyog‘im gipsda. Juda ko‘p urishdi”

O‘sha tashlandiq oromgohda bir yarim soat kaltaklanganini bildirgan Hasanboy Ergashev 31 may kuni tushda kasalxonadan chiqdi. Futbolchi faoliyati davomida “Sho‘rtan”, “Navbahor”, “Qo‘qon-1912”, “Neftchi” yoshlar tarkibida maydonga tushgan. U bilan ham bog‘landik.

“Meni ham 26 may kuni soat 17:00 larda Oltiariqning “Qapchig‘ay” degan joyidagi lagerga chaqirishdi. So‘roqqa tutishib: “Barcha yutqazishlarimizda aybdorsan! O‘yinni sotgansanlar!”, deb Ahror Ergashev bir yarim soat davomida kaltakladi. Hozir o‘ng oyog‘im boldirlari momataloq bo‘lib ketgan. Chap oyog‘im suyagi darz ketib gipsda. Ahror ketmon sopiga oyna sinig‘ini qistirib, o‘sha bilan urdi. Nodir Qo‘ziboyev ham o‘sha yerda edi. Ancha vaqtdan keyin qo‘shni xonadan Tursunboy chiqib keldi. Uni uraverib dabdala qilib tashlashgan ekan. Yangi yildan beri jamoadaman. Shu paytgacha hech qanday maosh olmasdan o‘ynab, tuhmatga qolib, ayovsiz kaltak yeganim juda alam qilyapti. Hujumchilar qulay vaqtlarni havoga sovurib, gol ura olmasa biz aybdor bo‘ldik.

Hasanboy Ergashev

O‘sha kuni Ahror meni shunaqa ko‘p urdi. Ro‘za edim. Boldirimdan qon oqib holim qolmagach, o‘sha yerdan eplab, qochib chiqib ketdim”, – deydi futbolchi.

Xulosa

Shu paytgacha o‘zbek futbolida bu darajada ayanchli holat bo‘lganini eslay olmadim. Sportchini mag‘lubiyat uchun kaltaklab, mayib qilish darajasida urish, o‘sha mutasaddining ruhiy holati chatoqligi yoki qonunlarni pisand qilmaydigan inson ekanligidan darak.

“Meni o‘g‘lim o‘yin sotadiganlardan emas. O‘sha murabbiy - Nodir Qo‘ziboyevning o‘zi kelib, o‘g‘limni jamoasiga olib ketgandi. Uning bugungi ahvolini ko‘rib dilim vayron bo‘ldi”, - deydi Tursunboy Husanovning otasi Karimjon aka. “ Mabodo, klub o‘yinchisi uchrashuv davomida raqibga yon bosib o‘ynab, salbiy natijaga sababchi bo‘lsa, uni kaltaklab, o‘ladigan asnoda urib jazolash – “samosud”-ku!”.

Fikrimizcha, Yoshlar ittifoqi vasiyligidagi jamoa barchaga har tomonlama o‘rnak bo‘lishi lozim. Futbolchilarga o‘tgan to‘rt oy davomida maoshlari to‘liq berilmabdi. Nahotki, ular klubda ichki muhit buzilganini bilishmadi. Bundan bir oy oldin murabbiy Nodir Qo‘ziboyev bilan kelisha olmay Mansur Saidov, Umid Qodirov va Sherzod Hakimov kabi o‘yinchilar ham jamoani tark etishgan ekan.

Qonun ustuvor bo‘lgan yurtda yashayapmiz. Yuqoridagi o‘zbek futboli uchun uyatli bo‘lgan holat bo‘yicha tergov ishlari boshlangan. Uning yakunlariga ko‘ra, qonunbuzarlar tegishli jazosini oladi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, PFL aybdorlarni tegishli qoidalarga asosan jazolash bilan birgalikda, muammoning asl kelib chiqish sabablarini ham tahlil qilib chiqishi zarur. Maoshsiz maydonga tushayotgan futbolchi, malakasiz mutaxassislar bilan o‘zbek futbolini ko‘tarish haqida o‘ylashning o‘zi qiyin...

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Mavzuga oid