O‘zbekiston | 15:59 / 20.06.2024
2775
5 daqiqa o‘qiladi

“Mening bog‘im” loyihasida hamma hududlar ham tashabbus qoldira olmaydi, chunki...

“Mening bog‘im” loyihasi doirasida “Ochiq budjet” portalida 20 iyunga qadar fuqarolar o‘z mahallalarida yashil bog‘lar va yashil jamoat parklarini tashkil qilish yuzasidan tashabbus qoldirishi mumkin. Ammo bunday tashabbuslar hududi cheklangan. Kun.uz kuzatuvchilari ayni shu masalada tahririyatga murojaat qildi. Mas’ullar nima sababdan lokatsiyalar cheklanganiga izoh berdi.

Prezidentning 199-sonli farmoniga asosan “Yashil makon” umummilliy harakatini takomillashtirish yuzasidan farmoni imzolandi. Bunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 156-sonli qarori tasdiqlandi. Unga muvofiq, “Yashil makon” harakati doirasida davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning 50 foizi aynan “Ochiq budjet” portali orqali keng jamoatchilik ishtirokida sarflanishi belgilab o‘tildi. Shu loyihaga joriy yilning 10 iyunidan start berildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Habibullo Hamidov Kun.uz’ga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, “Mening bog‘im”da tashabbus qoldirish “Tashabbusli budjet” jarayonlaridan farq qiladi. Chunki “Tashabbusli budjet”da fuqarolar tashabbus mazmunini o‘zlari kiritgan bo‘lsa, “Mening bog‘im”da Ekologiya vazirligi tomonidan 1000 dan oshiq hududlar tanlangan. Fuqarolar faqatgina o‘sha hududlar bo‘yicha taklif qoldira oladi. Bu biror fuqaro yoki yuridik shaxsga tegishli yerga oid takliflar kiritilmasligi uchun qilingan.

“Bu yerda fuqarolar yashil zonalarni tashkil etish va belgilangan manzillarga manzarali daraxtlar ekish takliflarini ilgari surishlari mumkin. Taqdim etilgan 1000 dan ortiq lokatsiyalar portalga joylashtirilgan, bu berilgan takliflar moderatsiya jarayonlarida rad etilmasligiga yordam beradi. Ayrim fuqarolar tomonidan ma’lum hududlarda yashil bog‘lar tashkil qilish takliflari bildirilganda bu aynan o‘sha manzil boshqa fuqaroga tegishli yoki boshqa fuqaroning tomorqasi, yo biror korxonaga tegishli bo‘ladigan bo‘lsa, shu taklif moderatsiya jarayonida rad etilishi tayin. Shuning uchun belgilangan lokatsiyalar bo‘yicha takliflar kiritiladi”, - dedi IMV mas’uli.

Ekologiya vazirligi mas’uli O‘lmas Sobirovga ko‘ra, har yili har xil hududlar tanlanadi.

“Har bir tuman shaharda ekologik muhit yaratish uchun yashil bog‘lar, yashil parklar va jamoat bog‘lari bo‘lishi kerak. Yer bilan bog‘liq masalalarni mahalliy hokimliklar har yili dekabr oyida hal qiladi, ya’ni qayerda bog‘ qilinadi, qayerda aholi punkti quriladi, aniqlab chiqiladi. Rejalashtirilgan loyihaga ko‘ra aholining dam olishi, sayr qilishi uchun shunday joylar tanlanadi. Har bir tumanda bir nechta joy tanlanib, platformaga kiritiladi. Bu uzluksiz jarayon bo‘ladi, bu yil tanlangan yer bilan bu to‘xtab qolmaydi, keyingi yil boshqa hudud tanlanadi”, - dedi u.

Ma’lumot uchun, “Mening bog‘im” loyihasida taklif qoldirish 20 iyun kuni yakunlanadi. Moderatsiya bosqichi yakunlangach, uchinchi bosqichda 10 kunlik ovoz berish jarayonlari o‘tkaziladi. Eng yuqori ovoz olgan takliflar tuman, shahar g‘aznachilik hisobvarag‘i tomonidan moliyalashtirib beriladi.

2024 yil “Yashil makon” uchun davlat budjyetidan 104 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. “Mening bog‘im” loyihasiga “Yashil makon”ga ajratilgan mablag‘larning yarmi, ya’ni 52 mlrd so‘mi yo‘naltiriladi. Har bitta taklif miqdori 250 mln so‘mni tashkil qiladi. Respublikada 208 ta tuman va shaharlar bo‘lsa, har bittasida bittadan loyihalar g‘olib bo‘ladi va ularda yashil zonalar va yashil parklar tashkil qilish uchun yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid