Jahon | 10:56 / 21.02.2026
3488
6 daqiqa o‘qiladi

 “Chaqirishsa, Britaniya darhol yordamga keladi” – Starmer va Lyayyen Yevropani kurashga tayyor turishga chaqirdi

Buyuk Britaniya bosh vaziri va Yevropa komissiyasi prezidenti Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasidan turib Yevropani doim kurashga tayyor turishga chaqirdi. Starmerga ko‘ra, Yevropa mudofaasi davlatlarning umumiy majburiyati. Yevroittifoqdan chiqqan bo‘lishiga qaramay, London Yevropa bilan birga. Agar chaqirishsa, darhol yordamga kelamiz, dedi bosh vazir. Lyayyen esa 2028 yilga borib mudofaa xarajatlari bo‘yicha Yevropa AQShni ortda qoldirishini ma’lum qildi.

Bosh vazir Kir Starmerga ko‘ra, 2020 yilgi Brexit, ya’ni Britaniyaning ittifoqdan chiqishiga qaramay, London Yevropa bilan birga. Buni fon der Lyayyenning o‘zi ham ramziy hodisa deya nutqini boshladi. Yevrokomissiya raisining ta’kidlashicha, “bugungi Yevropaga shok terapiyasi kerak bo‘lmoqda”. Ayniqsa, mustaqillik, suverenitet va mudofaa bo‘yicha. Yevropa o‘z himoyasiga 2028 yilga borib AQShdan ham ko‘proq pul sarflaydi. Bundan tashqari, Ukrainani qo‘llashda ittifoq bardam va mahkam. Rossiya urush boshlagani uchun badal to‘lasagina qaytarish sharti bilan berilayotgan 90 mlrd yevro bunga yaqqol misol.

Ushbu o‘tkir notinch davrda Yevropa va xususan, Buyuk Britaniya xavfsizlik, iqtisodiyot yoki demokratiyamizni himoya qilish borasida yaqinlashishi kerak. Brexitdan o‘n yil o‘tgach, kelajagimiz har qachongidan ham bog‘liq. Bu umumiy manfaatlarimizga ham mos kelmoqda. Chunki biz butun Yevropamiz, birgamiz. Endi esa eng katta ehtiyojimiz – Yevropa xavfsizlik strategiyasi, biz bu siyosatimizni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Mustaqilligimizning asl ma’nosi – hududimizni, iqtisodiyot, demokratiyamizni, turmush tarzimizni himoya qila olishdir”, deydi Ursula fon der Lyayyen.

Yevrokomissiya prezidentining qo‘shimcha qilishicha, mintaqa og‘ir sanoat, avtomobilsozlik va aerokosmik sanoatda yetakchi. Buni esa endi mudofaa bilan integratsiya qilish kerak.

Ukraina bizga yaqqol misol. Bizda juda ko‘p turli xil qurol tizimlari, tanklar, samolyotlar va kemalar mavjudligini bilamiz. Ammo yangi texnologiyalar, masalan, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot – a’zo davlatlar, NATO va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Biz hammamiz ko‘proq mablag‘ sarflashga kelishib oldik, pulni tashqariga chiqarib, buni haqiqiy mudofaa imkoniyatlariga aylantirishimiz kerak. Ba’zilar biz bunga qodirmizmi, deb so‘rashadi? Lekin men javob bersam, hozir bunga qodir emasmiz. Agar biz buni to‘g‘ri amalga oshirsak, nafaqat bizni xavfsiz saqlaydigan, balki o‘sish dvigateli bo‘lib, kelgusi o‘n yilliklar davomida yevropaliklar uchun farovonlikni ta’minlaydigan yangi sanoatga erishamiz”, - dedi yevrokomissiya raisi.

Buyuk Britaniya bosh vazirining chiqishi esa Yevrokomissiya prezidentinikini to‘ldirdi. Kir Starmerga ko‘ra, Yevropa doim kurashga tayyor bo‘lishi, AQShga bo‘lgan qaramlikdan esa qutulishi kerak. Bu qaramlikni diversifikatsiya qilish vaqti yetdi. Bosh vazir o‘z partiyasi bir vaqtlar NATO tuzilishi uchun kurashganidan faxrlanishini ham qo‘shimcha qildi.

Grenlandiya xususida aytganimiz kabi bir-birimizning suverenitetimizni tasdiqladik. Biz Afg‘onistonda birga kurashdik, bu esa katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun men aytmoqchiman, NATO nizomining 5-moddasi, bir-birimizning suverenitetimizga sodiq qolishimiz – har qachongidan-da chuqur bo‘lishi kerak. Hech shubha qilmang, agar yordamga chaqirilsa, Buyuk Britaniya so‘zsiz yordamga keladi. Chunki Yevropa hozir uxlayotgan devdir. Chunki bizning iqtisodiyotimiz Rossiyanikidan 10 baravar katta, ulkan mudofaa imkoniyatlarimiz bor. Yevropada 20 dan ortiq turdagi harbiy suvosti kemalar va 10 dan ortiq turdagi qiruvchi samolyotlar to‘plami bor. Bizning 10 dan ortiq turdagi jangovar tanklarimiz bor, AQShda esa bittagina”, - dedi Starmer.

Britaniya bosh vaziri shuningdek, Ukrainaga yana 500 mln funsterling miqdorida yordam mablag‘i berishini e’lon qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa umumiy YaIMning 5 foizini mudofaaga sarflashga kelishib olgan.

Inqiroz vaqtida fuqarolarimiz bizdan tayyor turishimizni kutishadi. Mudofaa xarajatlarimiz bu raqobatlashish emas, jamoaviy birdamlik degani. Hamkorlikda endi keskin o‘zgarishlarni amalga oshiramiz. Ukrainaga dronlar yetkazib berish, yangi avlod uzoq masofaga uchuvchi raketalarni ishlab chiqarish bo‘yicha Germaniya, Fransiya, Italiya bilan birga qilayotgan ishlarimizdan faxrlanaman”, - deya ta’kidladi Britaniya bosh vaziri.

Shunday qilib, ushbu sessiyada asosiy gap Yevropa bundan keyingi tahdidlarga tayyor turishi uchun hozirdan birgalikda katta xarajatlardan bo‘yin tovlamasligi, bu esa kelajakdagi mustaqillik asosiy bo‘lishi haqida bo‘ldi. Britaniya esa tarixdan saboq olgani, doim Yevropa bilan birga bo‘lishini bosh vazir Starmer o‘z nutqida bildirib o‘tdi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid