Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Muddati» tugayotgan Maduro, Pokrovsk egallanganini aytgan rus qo‘mondonlari va Xitoyga kelayotgan Makron – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Maduroning «muddati» tugamoqda
Venesuela prezidenti Nikolas Maduroda – AQSh kafolati ostida o‘z mamlakatini xavfsiz yo‘lak orqali tark etish va iste’foga chiqish imkoniyatlari tugab bormoqda. Bu haqda mazkur masala bo‘yicha ma’lumotga ega Reutersʼning to‘rt manbasi ma’lum qilgan.
Bu masala o‘tgan oyda Tramp va Venesuela yetakchisining qisqa telefon suhbati chog‘ida ko‘tarilgan.
Manbalarning ma’lum qilishicha, Maduro suhbat davomida Venesuelani tark etishga tayyorligini bildirgan. Biroq buning uchun o‘zi va oilasi to‘liq huquqiy amnistiya olishi kerakligini, shu jumladan, barcha AQSh sanksiyalarini bekor qilish va Xalqaro jinoiy sudda unga qarshi olib borilayotgan asosiy ishni yopish lozimligini aytgan.
U AQSh tomonidan Venesuela hukumatining 100 dan ortiq amaldorlariga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni ham so‘ragan. Shuningdek, Maduro muvaqqat hukumatni vitse-prezident Delsi Rodriges boshqarishi va shundan keyin yangi saylovlar o‘tkazilishini taklif qilgan.
Tramp esa 15 daqiqadan kam davom etgan suhbatda Maduro so‘rovlarining aksarini rad etgan. Biroq unga mamlakatni oilasi bilan birga tark etishi uchun bir haftalik muddat bergan.
Manbalar xabariga ko‘ra, 28 noyabr — juma kuni muddat tugagan. Shundan so‘ng Tramp shanba kuni Venesuela havo hududi yopilgani haqida e’lon qildi.
Maduro hali xavfsiz yo‘lak shartlari bo‘yicha yangi taklif berishi mumkinmi — noaniq. AQSh rasmiysining xabar berishicha, Tramp dushanba kuni masalani muhokama qilish uchun eng yuqori maslahatchilari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Maduro ma’muriyati esa Tramp bilan yana bir telefon suhbatini o‘tkazishni so‘ramoqda.
Rossiya Pokrovsk egallanganini bildirdi
Dushanba kuni Rossiya armiyasining harbiy qo‘mondonlari — qo‘shinlarning front chizig‘idagi siljishlari haqida ma’lumot berdi.
Xususan, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov noma’lum harbiy qo‘mondonlik punktida Putinga – rus qo‘shinlari Pokrovskni egallagani haqida hisobot bergan. Rossiya prezidenti bu xabarni “katta muvaffaqiyatlarga zamin yaratadigan yutuqlar” sifatida olqishladi.
Chunki Donetsk bo‘ylab Rossiyaning G‘arbga siljishida Pokrovsk muhim nishon hisoblanadi. Rus qo‘shinlari tomonidan bu logistika markaziga oylardan buyon hujumlar amalga oshirilayotgan edi.
Shuningdek, Gerasimov Rossiya qo‘shinlari butun Donbassni — ya’ni Donetsk va Luhansk viloyatlaridan iborat sanoat mintaqasini to‘liq egallash tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Rossiya chegarasiga yaqin Xarkiv viloyatidagi Vovchansk shahrida ham uzoq vaqt davomida shiddatli janglar bo‘lmoqda. Reuters’ga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov shaharning qo‘lga kiritilgani bilan harbiylarni tabriklagan.
Ukraina rasmiylari hozircha bu ikkala hududning Rossiya qo‘liga o‘tgani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamadi.
Mazkur e’lon Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Parijda muzokaralar olib borayotgan vaqtda yangradi. Shu kunlarda AQSh prezidenti vakili Stiv Uitkoff ham Moskvada tinchlik rejasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Makron Xitoyga bormoqchi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu hafta o‘zining to‘rtinchi davlat tashrifi bilan Xitoyga boradi.
Makron ilgari Xitoy bilan muloqotda Yevropa tomonining qat’iy pozitsiyasini namoyish etishga harakat qilgan. Biroq Pekinni keskin ranjitmaslikka ham e’tibor bergan. Chunki Xitoyning tobora faol tashqi siyosati — savdo, xavfsizlik va diplomatik aloqalarni sinovdan o‘tkazmoqda.
Tahlilchilarning aytishicha, Makron Xitoy rahbarlariga — Yevropa Pekindan kelayotgan iqtisodiy va xavfsizlik tahdidlariga javob qaytarishini, biroq bu savdo urushi emasligini tushuntirishi kerak. Lekin bu oson bo‘lmaydi.
Chunki Xitoy va Yevropa o‘rtasida savdo keskinligi ortib bormoqda. Ayniqsa AQSh bozoridan siqib chiqarilgan arzon Xitoy mahsulotlari – Yevropaning keng sanoat tarmoqlarini jiddiy siquvga olgan.
Shuningdek, elektromobillar bo‘yicha Xitoyning texnologik ustunligi, noyob yer elementlarini qayta ishlashdagi monopolligi – Yevropa uchun muhim sanoat yetkazib berish zanjirlariga xavf sifatida ko‘rilmoqda.
Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers ham kelasi yil boshida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Honkongdagi yong‘in va hibslar
Honkongda o‘tgan hafta yuz bergan dahshatli yong‘in bo‘yicha «ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish» gumoni bilan 13 kishi hibsga olindi.
Favqulodda xizmatlar turar joy majmuasining yetti blokini tekshirishni davom ettirmoqda. Orolda so‘nggi 75 yil ichidagi eng halokatli yong‘in oqibatida qurbonlar soni 151 nafarga yetdi. Bu raqam ortishi kutilmoqda, chunki hamon 40 kishi bedarak yo‘qolgan.
Taxminan 5 ming aholi istiqomat qiladigan majmua umumiy ta’mirlash ishlari ostida bo‘lgan va bu ta’mirlashlar yong‘inga sabab sifatida ko‘rilmoqda. Hodisadan so‘ng qurilish kompaniyasining xavfsizlik qoidalarini buzgani va nazoratning sustligi borasidagi fikrlar jamoatchilik g‘azabini kuchaytirmoqda.
The Guardianʼning yozishicha, aholida “nega birorta mansabdor javobgarlikka tortilmayapti?” degan savol paydo bo‘lgan. Hukumat esa aksincha fikrda: petitsiya boshlagan ikki nafar fuqaro milliy xavfsizlik politsiya xizmatlari tomonidan hibsga olingan.
Bu hibslar Pekinning – «Xitoyga qarshi kayfiyat» uyg‘otayotgan har qanday harakatga qarshi keskin choralar ko‘rish haqida ogohlantirishidan keyin yuz bermoqda.
Kanada Yevroittifoqning SAFE tashabbusiga qo‘shildi
1 dekabr kuni Kanada Yevropa Ittifoqining «Yevropa uchun Xavfsizlik harakati» (SAFE) tashabbusiga qo‘shilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu tashabbus mamlakat mudofaa kompaniyalari uchun Yevropa bozoriga yanada kengroq kirish imkonini beradi. Bu haqda dushanba kuni Kanada bosh vaziri Mark Karniy idorasi ma’lum qildi.
«Kanadaning ushbu dasturda ishtirok etishi muhim imkoniyat bo‘shliqlarini to‘ldiradi: kanadalik yetkazib beruvchilar uchun bozorlarga keng yo‘l ochadi va Yevropaning mudofaa sohasidagi investitsiyalarini Kanadaga jalb qiladi», — dedi Karniy.
SAFE — 2025 yil boshida e’lon qilingan 150 milliard yevrolik qayta qurollanish jamg‘armasi hisoblanadi. U — Rossiya hujumi xavfi va AQShning himoyasi borasidagi shubhalar fonida tuzilgan bo‘lib, Yevroittifoqni 2030 yilgacha o‘zini himoya qilishga tayyorlash tashabbusining bir qismidir.
Mavzuga oid
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026
Yaqin Sharqqa kelgan AQSh desantchilari, Kubaga kelayotgan Rossiya tankeri va Trampga qarshi namoyishlar – kun dayjesti
15:21 / 28.03.2026