Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xarita: Yer yuzida yashin eng ko‘p kuzatiladigan hududlar
Chaqmoqlar - bu global hodisa, ammo ular butun sayyora bo‘ylab bir xil taqsimlanmaydi. Ayrim mintaqalarda momaqaldiroq va yashin faolligi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan bir necha barobar yuqori bo‘ladi - bu geografiya, iqlim va atmosfera sharoitlarining o‘ziga xosligi bilan bog‘liq.
Foto: AP
Yangi infografika NASAʼning Lightning Imaging Sensor (LIS) datchiki ma’lumotlari asosida tuzilgan bo‘lib, har bir qit’adagi chaqmoqning asosiy «issiq nuqtalari»ni ko‘rsatadi. Unda chaqmoqlar eng ko‘p kuzatiladigan joylar yil davomida har kvadrat kilometrga to‘g‘ri keladigan yashin urishlari soni — chaqnash zichligi asosida belgilangan.
Dunyo bo‘ylab aniq qonuniyat kuzatiladi: Janubiy Amerikaning shimoliy qismi va Markaziy Afrika reytinglarda yetakchilik qiladi, bu hududlarda yashin urish zichligi boshqa mintaqalarga qaraganda ancha yuqori. Ayniqsa, Venesueladagi Marakaybo ko‘li alohida ajralib turadi — u Yer yuzida chaqmoqlar eng ko‘p kuzatiladigan joy bo‘lib, go‘yoki «chaqmoqlar poytaxti» sifatida tanilgan.

Chaqmoqning «issiq nuqtalari» odatda iliq va nam havo doimiy ravishda yuqoriga ko‘tarilib, balandlikda sovuqroq havo massalari bilan to‘qnashadigan joylarda shakllanadi. Marakaybo ko‘li atrofida tog‘lar iliq va nam havoning zich qatlamlarini o‘rab turadi va bu tez-tez hamda kuchli momaqaldiroqlar uchun ideal sharoit yaratadi.
Shunga o‘xshash jarayonlar Kongo Demokratik Respublikasining ayrim hududlarida va Hindiston shimolida ham kuzatiladi. Bu yerlarda kuchli quyosh qizdirishi va mavsumiy ob-havo sikllari quvvatli konvektiv bo‘ronlarni shakllantiradi. Ayrim mavsumlarda bu joylarda chaqmoqni deyarli har kuni kuzatish mumkin.
Lightning Imaging Sensor datchiki orbitadan momaqaldiroq paytidagi qisqa muddatli yorug‘lik chaqnashlarini qayd etish orqali chaqmoqlarni ro‘yxatga oladi. Biroq bu ma’lumotlarning geografik cheklovlari bor. LIS asosan 38° shimoliy va 38° janubiy kengliklar oralig‘idagi chaqmoqlarni kuzatadi, shuning uchun Yevropaning ko‘p qismi va yuqoriroq kengliklardagi boshqa hududlar tahlilga kiritilmagan. Demak, xarita sayyoraning mutlaqo barcha hududlarini emas, balki sun’iy yo‘ldosh qamrovida chaqmoq eng kuchli kuzatiladigan zonalarni aks ettiradi.
Mavzuga oid
14:33 / 14.02.2026
Yashin tushdimi yoki AI mahsuli? Hokimlik O‘zgidromet xabarini rad etdi
23:03 / 04.09.2024
Rimda yashin urishi oqibatida Konstantin arkasiga shikast yetdi
13:28 / 28.06.2024
Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosi yashin urishi oqibatida halok bo‘ldi
18:45 / 21.03.2023