O‘zbekiston | 20:40 / 13.06.2019
27482
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: Maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqidagi ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi internet tarmog‘ida tarqalgan, maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqidagi ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri emasligini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Bolalarni davlat umumta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, 81ta umumta'lim muassasalariga bolalar asosiy va qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinadi.

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumta'lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning (tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan) farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda asosiy kvota shakllantiriladi.

Umumta'lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta'lim muassasalarida ta'lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta'lim muassasalariga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan quyida nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi bo‘yicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘imlar undiriladi:

a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;

b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, ya'ni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar;

v) umumta'lim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) ta'lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun.

Ta'kidlanishicha, qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul to‘lov miqdorini Kuzatuv kengashlari belgilaydi. Mazkur mablag‘lar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda ta'lim muassasasining rivojlanishiga hissa qo‘shgan maktab o‘qituvchilari va direktorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Umumta'lim muassasalarining 1-sinfiga qabul jarayonlari bevosita Kuzatuv kengashi a'zolari tomonidan nazorat qilib borish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Kuzatuv kengashi a'zolari maktab mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishini nazoratga oladi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda Toshkentdagi «elitniy» 75ta maktabga boshqa hududda yashovchi bolalarni 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha «stavkalar» narxi yozilgan surat tarqalgan edi. Unga ko‘ra, Shayxontohur tumanidagi uchinchi kategoriyaga kiritilgan 180-maktabga boshqa mikrohududdan kelgan bolani 1-sinfga qabul qilish narxi eng kam ish haqining 30 barobari (6 081 900 so‘m), Chilonzordagi birinchi kategoriyaga mansub 103-maktabniki esa eng kam ish haqining 50 barobari (10 136 500 so‘m) deb ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu yildan Toshkentning talabgir maktablarida korrupsiya holatlarini yo‘qotish uchun, jumladan, 1-sinfga boshqa mikrohududdan qabul qilinadigan bolalar uchun ota-onalardan bir martalik to‘lov olish tartibi joriy etilmoqda.

Mavzuga oid