O‘zbekiston | 13:35 / 27.09.2021
4359
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda 1,3 milliard dollarlik 45ta yirik «mega-loyihalar» ishga tushiriladi

Namangan viloyatida qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan 45 ta yirik “mega-loyihalar” ishga tushirilib, 20 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Facebook

“To‘qimachilik sanoatida Pop, Uychi tumanlari va Namangan shahrida besh yilda 2 milliard dollarlik 1 700 dan ziyod loyihalar ishga tushiriladi.

Jumladan, Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida 313 gektar maydonda “Namangan Tekstayl” industrial zonasi tashkil qilinib, 560 million dollarlik 22 ming ish o‘ringa mo‘ljallangan 710 ta loyiha amalga oshiriladi. Sport kiyimlari, yozgi va qishki ustki kiyim, jinsi kabi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga yetakchi jahon brendlari jalb qilinadi.

Shuningdek, Namangan muhandislik-texnologiya instituti negizida, Italiya, Fransiya, Koreya va boshqa rivojlangan davlatlarning ilg‘or to‘qimachilik oliygohlari bilan birga Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi.

Qurilish materiallari sanoatida 1,7 milliard dollarlik 1 327 ta loyiha amalga oshirilib, 16 mingta doimiy ish o‘rinlari tashkil etiladi, mebelsozlik sohasida kelgusi 5 yilda Chortoq, To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida jami 180 million dollarlik 512 ta loyiha amalga oshiriladi, charm-poyabzal sanoatida 500 million dollar investitsiyalar hisobiga 15 ming ish o‘rinlik 131 ta loyihalar ishga tushirilib, tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga oshiriladi.

Kosonsoy, Pop, Chust va Uychi tumanlari elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilib, 420 million dollarlik 127 ta loyiha ishga tushiriladi, meva-sabzavotni qayta ishlash sanoatida 833 ta loyiha amalga oshirilib, 650 million dollar investitsiyalar o‘zlashtiriladi.

Viloyatda qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan 45 ta yirik “mega–loyihalar” ishga tushirilib, 20 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Xususan, Pop tumanida 120 million dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga quvvati 150 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida jami 100 ming nafar aholi va tumandagi barcha sanoat korxonalari uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlanadi.

Kelgusi besh yilda eksport hajmi 1,6 milliard dollarga yetkaziladi. Jumladan, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 4 barobarga, charm-poyabzal, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 5 barobarga oshiriladi.

“Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti ochilishi hisobiga, qo‘shni davlatga yiliga 150 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi. To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoq tumanlarida zamonaviy agrologistika komplekslari tashkil etiladi. Davlatobod tumanida “Namangan ekspo” markazi tashkil etilib, viloyatda har yili to‘qimachilik Xalqaro forumi va ko‘rgazmasi tashkil etiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid