Jahon | 14:48 / 30.03.2026
19536
3 daqiqa o‘qiladi

Bitta «malika» 220 dollar. Keniyada noqonuniy chumoli savdosi avj oldi

Keniyada qizil rangli afrika chumolilari kontrabandasi kuchaydi. Ayniqsa ona chumolilar juda ham qimmat bo‘lib, qorabozorda 170 funt sterlinggacha (220 dollar) sotilyapti. Hasharotlarni nam paxta solingan probirka va shpritslarga joylashtirgan holda mamlakatdan olib chiqishga urinish holatlari aniqlangan.

Foto: Reuters

Keniyaning Rift vodiysidagi qishloq xo‘jaligi shaharchasi — Gilgil va uning atrofidagi hududlar noqonuniy chumoli savdosi markaziga aylandi, deya yozadi BBC.

Nashrning qayd etishicha, xalqaro kolleksionerlar tomonidan qizil rangli ulkan afrika chumolilari qadrlanadi. Ayniqsa ona chumolilar juda ham qimmat bo‘lib, qorabozorda 170 funt sterlinggacha (220 dollar) sotilishi mumkin.

Bitta urug‘lantirilgan ona chumoli butun boshli koloniyani yarata oladi va o‘nlab yillar davomida yashashi mumkin. Skanerlar organik moddalarni sezishga moslashmagani uchun ularni pochta orqali ham bemalol jo‘natsa bo‘ladi. Bu esa oldi-sotdi jarayonini yanada osonlashtiradi.

Foto: Reuters

«Bir do‘stim chet ellik xaridor shu atrofda osongina topiladigan katta qizil ona chumolilar uchun yaxshigina pul to‘layotganini aytib qoldi. Ochiq maydonlar yaqinidagi chumoli tepaliklarini odatda erta tongda, hali issiq tushmasidan oldin qidirsa bo‘ladi. Chet elliklarning o‘zlari dalaga umuman kelmasdi — ular shaharda, mehmonxonada yoki mashinada kutib turishar, biz esa ular bergan kichik naychalar yoki shpritslarga qadoqlangan chumolilarni yetkazib berardik», degan ismini oshkor etishni xohlamagan mahalliy vositachilardan biri BBC’ga.

O‘tgan yilda Nayvasha shahridagi mehmonxonalarning biridan 5 000 dona tirik ona chumoli topilgan. Gumonlanuvchilar Belgiya, Vetnam va Keniya fuqarolari bo‘lib, ular hasharotlarni nam paxta solingan probirka va shpritslarga joylashtirgan. Bu esa chumolilarni ikki oy davomida tirik saqlash imkonini beradi. Jinoiy to‘da qo‘lga kiritilgan «o‘lja»ni Yevropa va Osiyoga olib chiqib, sotuvga qo‘yishni rejalashtirgan.

Mutaxassislar savdo ko‘lami kutilmaganda kengayib ketganini ta’kidlayapti. Keniyalik biolog Dino Martins chumolilar koloniyasi o‘nlab yillar yashashi, bitta malika esa butun tizimni yaratishini qayd etadi. Shu bilan birga, olimlar mazkur chumoli turlari boshqa hududlarga tarqalib, mahalliy ekotizimlarga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirishyapti.

Keniya hukumati aeroportlar va chegara punktlarida nazoratni kuchaytirishni rejalashtiryapti.

Foto: ntvkenya.co
Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid