O‘zbekiston | 08:54 / 22.08.2021
44090
6 daqiqa o‘qiladi

Yer islohoti: Prezident 6ta asosiy yangilikni sanadi

Tadbirkorlarning bino-inshootlari joylashgan yer maydonlari ular uchun yuqori likvidli aktivga aylanadi, deya ma'lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yer qonunchiligida ro‘y bergan o‘zgarishlarni “mamlakatimizning yangi tarixidagi eng katta islohotlardan biri” deb atadi.

Davlat rahbari 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan muloqotidagi nutqida yer islohotining asosiy jihatlari haqida so‘zlab berdi.

“Mana shu islohotlar mazmunini tarmoq va hudud rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, aholimiz ham, yaxshi tushunib olishlari zarur.

Birinchidan, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.

Ikkinchidan, biz barcha yerlarni 2 ta toifaga, ya'ni qishloq xo‘jaligi yerlari va noqishloq yerlariga ajratdik.

Qishloq xo‘jaligi yerlari – bu bizning bebaho milliy boyligimiz, oziq-ovqat xavfsizligi, bu oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti, degani. Shuning uchun, ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi.

Tanlov – har bir yer uchastkasi bo‘yicha “bu yerni olishga kim eng ko‘p haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun o‘tkaziladi. Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadilar.

Uchinchidan, noqishloq yer maydonlari faqat auksion orqali sotiladi.

Biz so‘nggi bir yarim yil davomida yerlarni auksion orqali ochiq-oshkora sotish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Lekin aksariyat hollarda auksionga qo‘yilgan yer maydonlarining tadbirkorga ma'qul joylardan emas, balki olis, chekka hududdagi, infratuzilmasi bo‘lmagan joylardan berilgan.

Yaxshi maydonlar esa har xil yo‘llar bilan hokimlar qarori asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri berib kelingani ham hech kimga sir emas.

Bundan buyon yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Ko‘pchilikda “yer xususiy bo‘ldi nima-yu, xususiy bo‘lmadi nima”, degan fikr bo‘lishi tabiiy, albatta. Chunki bizda yerga xususiy mulkchilik bekor bo‘lganidan buyon 3-4 ta avlod almashdi.

Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki ko‘payib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo bo‘ladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi.

To‘rtinchidan, ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima bo‘ladi, degan savollar qiynayotgani ham joylarda bor gap.

Ushbu korxonalar hozirda egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida, egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi.

Ya'ni bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi.

Bunda, yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida, ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi.

Bundan keyin, tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov obekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Men o‘ylamanki, bu yangiliklar tadbirkorlarimiz uzoq yillar kutgan tarixiy adolatni ro‘yobga chiqaradi.

Beshinchidan, bundan buyon davlat mulki obektlarini, ular joylashgan yer bilan birga, yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotamiz.

Binoni sotib olgan tadbirkorlar, unga biriktirilgan yerga ham, xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladilar.

Tasdiqlangan dasturga qo‘shimcha ravishda, yil yakuniga qadar yana 500 ta davlat aktivlari ochiq savdoga chiqariladi.

Fursatdan foydalanib, hurmatli tadbirkorlarimizni ushbu savdolarda, faol ishtirok etishga chaqiraman.

Oltinchidan, bundan keyin, yangi yer maydonlarini auksionga chiqarishdan oldin, hudud rivojlanishining aniq rejasini tuzib olishimiz zarur.

Ko‘plab rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganganimizda, birorta mamlakatda yer maydonlarini rejasiz berib yuborish mumkin emasligiga guvoh bo‘ldik. Oldin aniq hudud tanlab olinib, uni “master-plani” ishlab chiqiladi.

Qayerda uy, qayerda maktab, qayerda ishlab chiqarish bo‘lishi aniq belgilanib, infrastruktura olib kelish rejasi tuziladi. Shundan keyingina yer uchastkalari aniq loyiha bilan savdoga chiqariladi.

Shuning uchun viloyat hokimlari kadastr va arxitektura idoralari bilan birga, ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etishlari, aniq hududni belgilab, rejasini tasdiqlab, keyin yerlarni auksionga qo‘yishlari lozim.

Shuningdek, har bir viloyatda maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi va yer maydonlarini sotishdan tushgan mablag‘, to‘liq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilib, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Qo‘chqorov, viloyat hokimlari va iqtisodiy kompleks bilan birga, joriy yil 1 noyabrga qadar, har bir hududda kamida mingtadan yer maydonini sotuvga chiqarsin.

Shuningdek, magistral yo‘llar bo‘yida, loyiha asosida, har bir hududdan kamida 200 tadan yer maydoni auksionga qo‘yiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid