Jamiyat | 09:50 / 11.11.2025
2012
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Qashqadaryoda yer maydonlarini noqonuniy sotishga urinishlar fosh etildi

Oqdaryo tumanida fermer xo‘jaligi rahbari 3 gektar yerni “rasmiylashtirib berish” evaziga 300 ming AQSh dollari talab qilgan, Qarshi tumanida ikki shaxs davlat zaxirasidagi 8 sotix yer uchun 180 mln so‘m so‘ragan. Ular tezkor tadbirlarda ushlandi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Kun.uz

Davlat xavfsizlik xizmati hududiy bo‘linmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida yer resurslari aylanmasidagi qonunbuzarliklarning navbatdagi holatlari fosh etildi.

Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani. Donli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligi rahbari hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xo‘jalikka tegishli 3 gektar yer maydonini Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga “issiqxona tashkil etish” maqsadida rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSh dollari talab etgani ma’lum qilindi.

DXX va viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u oldindan 20 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari ketmoqda.

Qashqadaryo viloyati. Qarshi tumanida yashovchi, 1992 va 1998 yillarda tug‘ilgan ikki shaxs o‘zaro til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini Ko‘kdala tumani fuqarosiga “uy-joy qurish” uchun olib berish evaziga 180 mln so‘m talab qilgani aniqlandi.

DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari ularni oldindan 10 ming AQSh dollari olayotgan paytda ushladi. Bu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yer maydonlaridan qonunga muvofiq foydalanish barcha uchun majburiy ekanini, davlat tomonidan ajratiladigan yerlarni noqonuniy sotish yoki vositachilik qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi. Fuqarolarga umummilliy boylik hisoblangan yer resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanish tavsiya etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid