Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yer qonunchiligida ro‘y bergan o‘zgarishlarni “mamlakatimizning yangi tarixidagi eng katta islohotlardan biri” deb atadi.

Davlat rahbari 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan muloqotidagi nutqida yer islohotining asosiy jihatlari haqida so‘zlab berdi.

“Mana shu islohotlar mazmunini tarmoq va hudud rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, aholimiz ham, yaxshi tushunib olishlari zarur.

Birinchidan, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.

Ikkinchidan, biz barcha yerlarni 2 ta toifaga, ya'ni qishloq xo‘jaligi yerlari va noqishloq yerlariga ajratdik.

Qishloq xo‘jaligi yerlari – bu bizning bebaho milliy boyligimiz, oziq-ovqat xavfsizligi, bu oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti, degani. Shuning uchun, ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi.

Tanlov – har bir yer uchastkasi bo‘yicha “bu yerni olishga kim eng ko‘p haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun o‘tkaziladi. Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadilar.

Uchinchidan, noqishloq yer maydonlari faqat auksion orqali sotiladi.

Biz so‘nggi bir yarim yil davomida yerlarni auksion orqali ochiq-oshkora sotish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Lekin aksariyat hollarda auksionga qo‘yilgan yer maydonlarining tadbirkorga ma'qul joylardan emas, balki olis, chekka hududdagi, infratuzilmasi bo‘lmagan joylardan berilgan.

Yaxshi maydonlar esa har xil yo‘llar bilan hokimlar qarori asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri berib kelingani ham hech kimga sir emas.

Bundan buyon yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Ko‘pchilikda “yer xususiy bo‘ldi nima-yu, xususiy bo‘lmadi nima”, degan fikr bo‘lishi tabiiy, albatta. Chunki bizda yerga xususiy mulkchilik bekor bo‘lganidan buyon 3-4 ta avlod almashdi.

Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki ko‘payib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo bo‘ladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi.