Jahon | 15:51 / 07.03.2026
5513
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay aeroporti yaqinida dron quladi. Aeroport endigina ochilayotgan edi

Dubay xalqaro aeroportning “A” terminali yaqiniga dron qulagani aks etgan video tarqaldi. Bundan biroz avval Dubay xalqaro aeroporti faoliyatini qisman qayta yo‘lga qo‘yganini e’lon qilgan, Emirates aviakompaniyasi bugunga parvozi reja qilingan mijozlarni aeroportga kelishga chaqirgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr

Dubay xalqaro aeroporti hududiga (yoki aeroport yaqiniga) dron qulashi kuzatildi. BBC bu holat aks etgan, internetda tarqalgan video haqiqiyligini tasdiqladi.

Holat 7 mart kuni aeroportning “A” terminali yaqinida sodir bo‘lgani taxmin qilinyapti. Videoda kadr ortidagi shaxs “yana bitta dron” deganini eshitish mumkin. Shundan keyin kadrda dron tovushiga o‘xshash tovush eshitilib, portlash bo‘lgani ko‘rinadi.

AQSh va Isroilning Eronga hujumi bilan boshlangan Yaqin Sharqdagi urush tufayli Dubay xalqaro aeroporti faoliyati to‘xtab qolgan edi.

7 mart kuni, portlash videosi tarqalishidan biroz oldin aeroport o‘z faoliyatini qisman tiklayotganini e’lon qilgandi.

Shu kuni BAAning eng yirik aviakompaniyalaridan biri Emirates ham parvozlarni boshlayotganini ma’lum qilgan va bugunga parvozi belgilangan mijozlarni aeroportga kelishga chaqirgan edi.

7 mart kuni ertalab BAA rasmiylari Eronning yana bir dron hujumi to‘xtatib qolingani haqida xabar bergandi. Dubay hukumati voqeani dron qoldiqlarining qulashi bilan bog‘liq “kichik hodisa” deb atab, jarohatlanganlar yo‘qligini bildirgandi.

Bu bayonotlarda aynan aeroport yaqinidagi hodisa nazarda tutilganmi yoki u alohida boshqa holatmi, hozircha ma’lum emas.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid