O‘zbekiston | 12:28 / 15.10.2022
50745
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni Germaniyaga ishga taklif qilmoqda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi dunyoning rivojlangan qator mamlakatlari, xususan, Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda. Bu borada olib borilayotgan muzokaralar natijasida bugungi kunda Germaniyaga fuqarolarni ishga jalb qilish borasida ushbu davlatning bir nechta tashkilotlari bilan qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: Globogate concept AG

Xususan, “Globogate concept AG” tashkiloti bilan 500 nafar O‘zbekiston fuqarolarini 10 oylik dastur asosida Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlariga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha ikkita loyiha amalga oshirilmoqda.  

Birinchi loyihada hamshiralarni tayyorlash, nemis tiliga o‘qitish va “Asklepios” tibbiyot muassasasiga mehnat faoliyatiga jalb qilish va ikkinchi loyihada umumiy kasalliklar hamshiralarini tayyorlash, nemis tiliga o‘qitish va “Aachen Universitätsklinikum” tibbiyot muassasasida ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ularni amalga oshirish maqsadida “Globogate concept AG” tashkiloti va ish beruvchilar tomonidan 3 bosqichli tanlov tashkil etilgan.  

Shuningdek, Germaniyaning “Duvenbeck” tashkiloti bilan imzolangan hamkorlik shartnomasiga asosan yuk tashish avtomobili haydovchilarini kasbiy ta’lim bo‘yicha o‘qitish va Germaniyaga ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu kelishuv doirasida joriy yil fevral-mart oylarida tashkil etilgan tanlovlarda muvaffaqiyatli o‘tgan 16 nafar fuqarodan 7 nafari Germaniyaga yuborildi.

Bundan tashqari, Germaniyaning “Counsalting.uz” tashkiloti tomonidan “Europa park” istirohat bog‘ida ishlash uchun tanlab olingan 32 nafar fuqaroga ishchi vizasi rasmiylashtirilib, joriy yil aprel-may oylarida Germaniyaga yuborildi. Shu bilan birga, Germaniyaning “GfM Gruppe” tashkiloti bilan hamkorlik doirasida esa 4 nafar fuqaro “Deutsches Rotes Kreuz” tashkilotida dual tizim asosida, ya’ni bir vaqtning o‘zida ishlash asosida kasbiy ta’lim olish uchun jo‘natildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning “SPA GmbH” kompaniyasi 100 nafar O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya hududida dual tizimi asosida kasb-hunarga o‘qitish va tibbiyot, qariyalarni parvarish qilish, metall konstruksiyalari hamda boshqa texnik sohalarda ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ushbu kelishuvga muvofiq, metall konstruksiyalari hamda boshqa texnik sohalarda ishga joylashtirish uchun o‘tkazilgan onlayn tanlovda muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar fuqaro ushbu mamlakatga yuborildi.

Ta’kidlash joiz, xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimiz uchun Germaniyada ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori maoshli bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Ushbu ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilish mumkin.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid