Ta’lim | 14:52 / 09.11.2025
11042
12 daqiqa o‘qiladi

“Bir yillik qattiq harakat 100 000 dollar investitsiya olib keladi” – AQShdagi o‘zbek grant yutish haqida

Gulruh Sa’dullayeva – Yevropaning Erasmus Mundus granti g‘olibi, Buyuk Britaniyaning Chevening granti finalchisi, AQShning UBL dasturi qatnashchisi. Uning fikricha, o‘zbekistonliklarda yirik grantlarni yutishdagi salohiyat juda yuqori. Ammo yagona muammo uni qanday qo‘lga kiritish bilan bog‘liq. “Potensial bor, baza bor, lekin ko‘pchilik nimani qayerdan boshlashni bilmaydi. Bilgan odam ham xato qilishdan qo‘rqadi”, – deydi Sa’dullayeva. U Kun.uzʼga bergan intervyusida grantlar tizimi, bu boradagi tajribasi, qolaversa, AQShdagi hayoti haqida gapirib berdi.

Kun.uz muxbiri Amerikaga bo‘lgan safari davomida mamlakatda bo‘lib turgan bir qancha o‘zbeklar bilan suhbatlar uyushtirdi. Shulardan biri, asli jizzaxlik bir nechta mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’limga ega va ko‘plab grantlar sohibasi Gulruh Sa’dullayeva bo‘ldi.

U 2024 yil avgustidan beri AQShning Illinoys shtati Neypervil shaharchasida yashaydi. Hozirda UGL holding kompaniyasida xavfsizlik menejeri sifatida ishlab kelmoqda.

Gulruh intervyu davomida nima sabab Amerikaga kelgani, u yerdagi hayoti, dunyoga mashhur yirik grantlarni qanday qilib qo‘lga kiritgani, Yevropada kattaroq loyihalarda ishlagani – umuman o‘zi va qiziq tajribalari haqida batafsil gapirib berdi.

– Gulruh Sa’dullayeva kim o‘zi? Dastlab shu haqida gaplashsak.

– O‘zim Jizzax davlat pedagogika institutida o‘qiganman va 8 yil davomida ingliz tili va adabiyotidan o‘qituvchilik qilganman. Undan tashqari litseylarda, pedagogika kollejida dars berganman. 2018 yilda konsaltingga, grantlarga qiziqishni boshlab, Edu Action’ga ishga o‘tganman.

O‘shandan boshlab konsaltingda ishlashni boshladim va mingdan oshiq o‘quvchilarga yordam berdim. Orada o‘zim grantlar yutdim. Qisqasi, kimgadir yordam berish yoki grantlar yutishiga sababchi bo‘lish o‘zimga juda yoqadi va o‘shandan beri shu grantlar bilan bog‘liq ishlarda ishlayman.

Shu paytgacha Erasmus grantini yutganman, Chevening finalchisi bo‘lganman. UBLP (Uzbekistan Business Leaders Program) grantini yutganman. Universitetimdan magistraturada Sapienze University of Rome, Rimdagi universitetda o‘zining regional grantini yutganman. Qolgani kichkina-kichkina grantlar, asosiy katta grantlar shular.

Bu yerda ham o‘qib ishlayman. Hozir Illinoysda UGL – United Group Logistics degan kompaniyada xavfsizlik menejeriman. Xavfsizlikka, hujjatlarga [qarayman], yana bir qator vazifalarim bor. Marketing va biznes yo‘nalishi bo‘yicha ham o‘qiyapman.

Diplomlarim ko‘p. Diplomatiyada (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti) ham o‘qiganman. Gid-hamrohlik va tarjimonlik faoliyati, ya’ni rasmiy ravishda men tarjimon bo‘la olaman. Undan tashqari Italiyadagi universitetda European law and Economics fakultetini ham tugatganman. Keyinchalik Amerikada litsenziyaga ega bo‘lgan huquqshunos bo‘lish rejam ham bor. Faqat bu keyinroqqa. Chunki hozirgi ishim o‘zimga yoqadi. Har kuni nimadir o‘rganaman, yangi narsalar o‘rganaman, jamoam yoqadi.

– Yuqorida sanagan grantlaringiz qanday grantlar, ular qanday imkoniyat yaratadi?

– Bakalavr uchun alohida grant, magistratura uchun alohida grant va magistratura uchun ham har bitta davlatga alohida grantlar bor. Masalan, butun Yevropa Ittifoqi uchun Erasmus Mundus bor, uning ichida esa mingdan ortiq grant bor. Yo‘nalishi, sohangizga qarab va asosan magistratura uchun [o‘zgarib boradi]. Chevening granti bor, Buyuk Britaniyaga 100 foizlik grant. 100 foizlik grant deganda qanday? Siz kontrakt pulini to‘lamaysiz. Bir yillik kontrakti aytaylik, 50 ming dollar. Siz shuni to‘lamaysiz, sizga har oy stipendiya beradi. Undan tashqari sizning viza, yo‘lkira, sug‘urta, kitob hamda sayohat xarajatlaringizni ham to‘lab berishadi. Shu jihatdan juda ham foydali. Umuman davlatlar kesimida har xil grantlar bor, aytganimdek, Chevening (Buyuk Britaniya), Erasmus (YeI mamlakatlari), DAAD (Germaniya), Fulbright (AQSh), GKS (Janubiy Koreya), MEXT(Yaponiya) bor. Grantlarning hammasining konsepsiyasi bir xil.

Bilasizmi, O‘zbekistonda hozir har xil konsaltinglar ko‘paygan va ular grantlarga yordam beradi. Lekin bular pulli. Iste’dodli bolalarning grantlarga, o‘sha konsaltinglarga puli yetmaydi. Shu holatda menda g‘oya paydo bo‘lgan. Edu Action’da SAT sertifikatida natijasi baland, umuman yutuqlari ko‘p, lekin iqtisodiy jihatdan juda ham qimmat kontrakt to‘lashga qurbi yetmaydigan bolalarga bepul xizmat ko‘rsatishgan. Misol uchun, SAT aytaylik, 1600 dan 1500 olgan, IELTSʼi 8, GPA, ya’ni diplom baholari baland va ularning potensiali bor. Ular Harvardga ham, KAIST (Korea Advanced Institute of Science and Technology), SNU (Seoul National University)ga ham kira oladi. Lekin qayerdan, nimadan boshlashni bilishmaydi.

Shunda bizga o‘xshagan mentorlar yordamga keladi. Qanday? Misol uchun, u bolalarga nimadan boshlashni ko‘rsatish kerak. Bilgan odam ham xato qilishdan qo‘rqadi. Baribir bitta ustoz ko‘rish kerak. Istalgan kasbda, jurnalistikada ham, o‘qituvchilikda ham siz ustoz ko‘rasiz, o‘qituvchi ko‘rasiz, darslarga qatnashasiz. Grantlar ham xuddi shunday. Bolalarga biz nima qilamiz, o‘sha hujjatlari, qanaqa hujjatlar yozish kerakligini ko‘rsatamiz, qachon qabul boshlanadi, nimalar qilish kerak, motivatsion xatlar qanaqa yoziladi – umuman shular haqida ma’lumot beramiz. Chunki bu ma’lumotlar odatda pulli yoki to‘liq ma’lumot bo‘lmaydi. Shuning hisobiga shundan boshlaganman va hozir ham shu yo‘lda davom etyapman.

– Birinchi yutgan grantingiz nima bo‘lgan?

– Birinchi yutgan grantim Erasmus bo‘lgan. O‘qib yurgan paytim magistraturada Erasmus granti chiqqan Ispaniyaga, uni yutganman. Ikkinchi yutgan grantim Italiyadagi regional grant bo‘lgan. Bu narsada oddiy o‘sha motivatsiya xati, shular kerakli bo‘lgan, ya’ni baza. Chunki Erasmus’da o‘zining ochiladigan joylari qisqa bo‘lgani uchun ko‘pchilik topshira olmaydi va kam odam yutadi. Va keyingi grantim UBL, Uzbekistan Business Leaders Program bo‘lgan. Topshirganimda viza xarajatlarim, biletlarim, yashash, oylik xarajatlarim ham to‘lab berilgan. Ya’ni men o‘zimning cho‘ntagimdan xarajat qilmaganman.

– Grantlarni yutish masalasida O‘zbekistonda salohiyat qanday?

– Bizning o‘zbek bolalarimizda salohiyat juda ham baland. Hozir chunki maxsus ixtisoslashtirilgan maktablar paydo bo‘lgan: Prezident maktabi, Mirzo Ulug‘bek, umuman ixtisoslashtirilgan. Bu yerda bolalar xalqaro ta’lim darajasi bilan bir xil o‘qishadi. Shunaqa darajada o‘qiganining hisobiga istalgan davlat hujjatlari to‘g‘ri kelsa, grant bera oladi. O‘zi nimani tekshirishadi? Diplom bahosi yaxshi bo‘lishi kerak, kerakli testlardan yetarlicha ball olgan bo‘lishi lozim va yaxshi motivatsiyaga, o‘qishga qiziqishi borligini ko‘rsatib berish kerak xolos.

Bizda potensial juda ham baland, chunki ko‘pchilik hozir yoshlarning – SAT’da eng balandi 1600 bo‘lsa, 1580, 1550, 1560 olgan bolalarni ham ko‘rganman. IELTSʼdan ham 9 ball olganlar ko‘payib ketdi. 8-8,5 ball olganlar ham ancha. Ya’ni potensial, o‘qishga bo‘lgan chanqoqlik hozir eng baland darajada. O‘shani to‘g‘ri yo‘naltirib, to‘g‘ri ma’lumot berish kerak xolos.

– Grantga topshirishda, uni yutib olishda eng ko‘p qiynaydigan muammolardan qaysilar? Ko‘proq e’tibor qaratish kerak bo‘lgan nuqtalar haqida ham aytib o‘tsangiz.

– Hamma grantda qabul har xil. Lekin asosiy maqsadi bir xil – kelajakdagi bo‘lajak liderlarni topish. Ya’ni ularga yotib olib, berilib faqatgina beshga o‘qiydigan talaba kerak emas. O‘zini har tomonlama: ijtimoiy, sport jihatdan ham aktiv bo‘lib ko‘rsatgan talabalarni qidirishadi. O‘sha narsani hujjatingizda, qatnashgan konferensiyalaringizda, motivatsiya xatingizda chiroyli qilib ko‘rsatib berishingiz kerak. O‘sha potensialga yetgandan keyin, inshoni tekshirayotgan odam bunga ishonsa, keyingi suhbat bosqichiga o‘tasiz. Lekin muhimi — ishontirish. Ko‘pchilik bolalarning xatosi nima? Umumiy ma’lumot yozishadi yoki “Men bolaligimda...” deb o‘tmish bilan ko‘proq qolib ketishadi. Yo‘q. Aniq faktlar, kim nima qilishni xohlashi, nimalar qilgan, hozir nimalar qilyapti, kelajakda o‘sha o‘qish unga nima qilib bera oladi. Misol uchun, men TOP universitetga topshiryapman, aytaylik, Harvardga yoki MITʼga, ularga faqatgina o‘tmishidagi qiynalgan narsani aytib, hech kim o‘qishga kira olmagan. Ya’ni hozirgi kuni kelajakdagisi bilan bir-biriga mos tushishi kerak.

– Bakalavriat bilan magistraturaga grantni yutib olish farqlari qanday? Aynan nimalar talab qilinadi, qanday hujjatlar, nimalarga ko‘proq e’tibor berish kerak?

– Hozir bizda ta’lim 11 yillik bo‘lgani uchun istalgan davlatga bakalavriatga to‘g‘ridan to‘g‘ri kira olmaysiz. Misol uchun, Yevropa davlatlarida 12 yillik ta’lim tizimi so‘raladi. 11 yillikni tugatib, siz to‘g‘ridan to‘g‘ri, aytaylik, Italiyaga hujjat topshira olmaysiz, 12 yil qilib berishingiz kerak. Bu degani, O‘zbekistonda bir yil o‘qishingiz, yoki umuman yana nimadir o‘qib bergan bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Chunki bakalavrga kirish uchun minimum 12 yil, magistraturaga kirish uchun minimum 15 yil kerak. Germaniyaga esa 13 yillik ta’lim tizimi shart. Bu degani bakalavriatga hozir O‘zbekiston bolalarida tanlov juda ham kam. Bir-ikkita tanlovlar bor, albatta. Misol uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh), Yaponiya, Janubiy Koreya ba’zida qabul qilishi mumkin, Latviya, Polsha, umuman MDH yoki umuman SSSRdan chiqqan davlatlar ham tushunib, vaziyatimizni qabul qilishi mumkin, lekin ko‘pchiligi qabul qilmaydi.

Magistraturada ancha tanlov ko‘p. Ko‘pchilik aytadi: “O‘zbekiston ta’lim sifati bo‘lmaydi, hech qayerga o‘tmaydi”, deydi. Yo‘q, bu yolg‘on. O‘zbekistonda bitirib ham siz bemalol o‘sha Kembrij bo‘ladimi, Harvard bo‘ladimi, Stenford bo‘ladimi, istalganiga kirishingiz mumkin. Bunda hech qachon to‘siq bo‘lmagan. Muhimi, baholar yaxshiligi va umuman aytganimdek, o‘sha tanlovdagi kerakli hujjatlarni to‘g‘ri to‘ldira olish bo‘ldi.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorlardi.
Tasvirchi AvazTillayev,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid