Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Uchtasi birda» qahva ichidan qahvani topa olishmadi
Foto: Roskontrol
«Roskontrol» «uchtasi birda» deb sotiluvchi yettita brenddagi qahvani tadqiq etib, bunday mahsulotlar ichida amalda qahva yo‘qliginini aniqladi. Bu borada o‘tkazilgan tadqiqot haqida tashkilot saytida xulosa e'lon qilingan.
Mutaxassislar «BonKafe Classic», «Petrovskaya Sloboda», Jacobs, Express coffee mix plus+, MacCoffee, Nescafe «Klassik» va Clever kabi mahsulotlarni tekshiruvdan o‘tkazishgan. Ushbu qahvalar tarkibida asosiy qo‘shimcha shakar bo‘lib, uning omixtadagi ulushi 42 foizdan 72 foizga bo‘lgan, qahva esa 15 foizdan ham oshmas ekan.
«Uchtasi birda» qahvasi shirin va tez eruvchi ichimlikni sevuvchilar uchun maksimal qulay formatda tayyorlangan ko‘rinishidir. Uning tarkibi oddiy: eruvchan qahva, shakar va quruq sut yoki ayrimlarida qaymoq (aslida, qaymoq o‘rniga mutlaqo boshqa narsa solinar ham ekan).
Barcha namunalarda tabiiy quruq sut o‘rniga uning o‘rnini bosuvchi sun'iysi ishlatilgan. Faqat bir ishlab chiqaruvchi tabiiy toza quruq sut ishlatilganini da'vo qilgan, biroq tadqiqot asnosida uning izi ham topilmagan.
Tekshiruv natijasida faqat «BonKafe Classic» «Roskontrol»ning qora ro‘yxatidan o‘rin olgan. Bunga sabab qilib, tarkib yozuvidagi chalkashliklar va zararli transyog‘lar miqdori katta ekanligi aytilmoqda. Jacobs, Express coffee mix plus+ va Nescafe «Klassik» e'tirozli mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan. «Petrovskaya sloboda», MacCoffee va Clever xarid uchun tavsiya etilgan mahsulotlar bo‘lib chiqdi.
Bunday ichimlik kishiga xush kayfiyat ato eta oladimi?
Laboratoriya sharoitlarida namunalar tarkibidagi kofein foizi ham aniqlangan. U Jacobs tarkibida eng ko‘p ekan — 0,5 foiz. Keyingi o‘rinlarda Express coffee mix plus+, Nescafe «Klassik», Clever — 0,4 foiz. «BonKofe» va «Petrovskaya Sloboda»da yanada kamroq — 0,3%. Ro‘yxatni MacCoffee The original coffee mix 0,2 foiz kofein bilan yakunlab bergan.
Kofein miqdorining mavjudligiga qarab ekspertlar tabiiy qahva qancha miqdorda ishtirok etganiga baho berishdi. MacCoffee The original coffee mixda uning miqdori 10 foizdan kam, «BonKafe» va «Petrovskaya sloboda»da 10 foizdan, qolgan namunalarda 15 foizdan. Markirovkada tabiiy qahvaning miqdori foizlarda ko‘rsatilmagan.
Xo‘p, ichsa bo‘ladimi?
Nihoyat, xaridorlar uchun o‘ta muhim savol yuzaga chiqmoqda: bunday qahvali ichimlikni ichish nechog‘liq yoqimli?
Qahva miqdori bu qadar kam bo‘lishiga qaramasdan, ekspertlarda namunalarning organoleptik ko‘rsatkichlariga e'tiroz tug‘ilmagan. Quruq mahsulotning ta'mi va hidi — yetarli tarzda bilinadi, tayyor bo‘lgan ichimlikniki esa — shu kabi mahsulotlar uchun xos.
Biroq bunday «omixta» aralashmadan xush kayfiyat ulashishini kutib bo‘lmaydi, chunki kofein miqdori o‘ta past. Bu ko‘proq achchig‘ini yoqtirmaydigan, shirin qahvani xush ko‘ruvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa kerak.
Mavzuga oid
07:41 / 16.12.2025
Dunyoda qaysi ichimlik ustun: choymi yoki qahva?
07:20 / 26.11.2025
Dunyo qahva xaritasi: kishi boshiga iste’mol bo‘yicha yetakchi mamlakatlar
22:09 / 09.11.2025
Choy, qahva va suvning salomatlik uchun eng maqbul me’yori aytildi
21:13 / 10.12.2024