Jahon | 18:01 / 07.12.2025
6151
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Ukraina o‘rtasidagi uch kunlik muzokaralarda o‘sishga erishilmadi

Hududiy va xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi masalalar ochiq qolmoqda.

Foto: Getty Images

Vashington va Kiyev o‘rtasidagi Rossiya-Ukraina urushini tugatish va tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha uch kunlik muzokaralarda deyarli yutuqlarga erishilmadi va hududlar hamda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha masalalar hal qilinmasdan qoldi, deyiladi CNN nashri xabarida. 4 dekabrdan beri Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Andrey Gnatov bilan birga Mayamida bo‘lib, u yerda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

6 dekabr kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Uitkoff va Kushner bilan «uzoq, mazmunli va konstruktiv» telefon muloqoti haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «qon to‘kilishining tugashini kafolatlashi va Rossiyaning uchinchi bosqini xavfini bartaraf etishi mumkin bo‘lgan asosiy narsalarni, shuningdek, Rossiyaning o‘z va’dalarini bajarmaslik tahdidini muhokama qilgan». Axios ma’lumotlariga ko‘ra, telefon orqali muloqot ikki soat davom etgan. Bu Zelenskiyning o‘tgan haftada Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib qaytgan amerikalik muzokarachilar bilan birinchi muloqoti bo‘ldi.

«Murakkab masalalar saqlanib qolmoqda, ammo ikkala tomon ham real va maqbul yechimlarni yaratish ustida ishlashda davom etmoqda. Hozirgi bosqichdagi asosiy chaqiriqlar hudud va kafolatlar [xavfsizlik] masalalariga taalluqli va biz ularni hal qilish uchun maqbul formatlarni izlayapmiz», – dedi Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina.

Axios manbasi aytishicha, Uitkoff va Kushner Rossiya va Ukraina tomonlarining takliflarini to‘plagan va Putinni ham, Zelenskiyni ham yon berishga undamoqda. Nashrning yana bir suhbatdoshiga ko‘ra, telefon orqali suhbat chog‘ida hududiy masalani muhokama qilish «murakkab kechgan». Rossiya hamon Ukraina qo‘shinlari Donbassdan to‘liq chiqib ketishini talab qilmoqda, ammo AQSh muammoni hal qilish uchun yangi g‘oyalarni ishlab chiqishga harakat qilmoqda, deydi ikkinchi manba. Yana bir asosiy mavzu AQSh tomonidan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari edi. Manbalardan biri ma’lum qilishicha, tomonlar bu borada sezilarli yutuqlarga erishgan va kelishuvga yaqinlashgan, biroq ikkala tomon ham ushbu kafolatlarni bir xil talqin qilishi uchun qo‘shimcha ishlarni amalga oshirish kerak.

Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga «haqiqatan ham yaqin» qolganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi hamma narsa ikki masalaning hal qilinishiga bog‘liq: Donbassning kelajagi va Zaporijjya AES nazorati.

Bir kun avval Uitkoff Ukraina delegatsiyasi bilan «Ukrainada mustahkam va adolatli tinchlikka erishishning ishonchli yo‘li» bo‘yicha «konstruktiv muhokama» o‘tkazgani haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda «har ikki tomon ham har qanday kelishuvga erishishdagi haqiqiy o‘sish Rossiyaning uzoq muddatli tinchlikka, jumladan, keskinlikni yumshatish va qotilliklarni to‘xtatish bo‘yicha qadamlarga jiddiy sodiqligini namoyish etishga tayyorligiga bog‘liq ekani bo‘yicha yakdil fikrda bo‘lgan».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid