Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Nigeriyada harbiy amaliyot o‘tkazish bilan tahdid qildi
U mahalliy hukumatni mamlakatdagi xristianlarni jangarilardan himoya qilishga layoqatsizlikda ayblagan.
Foto: Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh armiyasiga Nigeriyadagi jangari guruhlarga qarshi harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Shu bilan birga, u ushbu mamlakat hukumatini xristianlarni himoya qila olmaslikda ayblagan, Nigeriya prezidenti esa mamlakatda diniy murosasizlik yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida post yozib, unda Pentagon Nigeriyadagi ehtimoliy harbiy harakatlarga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan.
«Agar Nigeriya hukumati nasroniylarning o‘ldirilishiga yo‘l qo‘yishni davom ettirsa, AQSh zudlik bilan Nigeriyaga ko‘rsatayotgan barcha yordam va ko‘makni to‘xtatadi. Bundan tashqari, AQSh bu sharmandali mamlakatga „qurollarni shaylagan holda“ kirib, dahshatli vahshiyliklarni amalga oshirayotgan islomiy terrorchilarni butunlay yo‘q qilishi mumkin. Men Mudofaa vazirligimizga ehtimoliy harakatlar uchun tayyorgarlik ko‘rishni buyurmoqdaman. Agar hujum qilsak, bu xuddi terrorchi bezorilar bizning aziz nasroniylarimizga hujum qilganidek, tez va shafqatsiz bo‘ladi!» – deb yozdi Tramp.
«OGOHLANTIRAMIZ: YaNIGeRIYa HUKUMATI ShOShILGANI MA’QUL!» – degan Tramp o‘z odatiga ko‘ra matnning bir qismini katta harflarda yozib.
Shundan so‘ng, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset uning idorasi harakat qilishga shayligini aytdi. «Yoki Nigeriya hukumati nasroniylarni himoya qiladi, yoki biz dahshatli vahshiyliklarni amalga oshirayotgan islomiy terrorchilarni o‘ldiramiz», – deya qo‘shimcha qildi u.
AQSh prezidentining harbiy harakatlar bilan tahdidi uning ma’muriyati Nigeriyani AQShning diniy erkinliklarni buzgan davlatlar ro‘yxatiga kiritganidan bir kun o‘tib yangradi. Ro‘yxatda Xitoy, Myanma, Shimoliy Koreya, Rossiya va Pokiston kabi davlatlar ham bor.
Avvalroq Tramp Nigeriyani «alohida xavotir uyg‘otuvchi mamlakat» deb atagan va u yerda «minglab» xristianlar o‘ldirilganini aytgandi.
Prezident gap aynan qanday qotilliklar haqida ketayotganiga izoh bermadi va aniq dalillarni taqdim etmadi. Ammo AQShning o‘ng siyosiy doiralarida Nigeriyadagi xristianlar genotsidi haqidagi gap-so‘zlar bir necha oydan beri davom etmoqda.
Nigeriya tomoni nima deydi?
Xalqaro inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, Nigeriyada xristianlar musulmonlarga qaraganda ko‘proq o‘ldiriladi, deb hisoblash uchun asos yo‘q – ikki din vakillari orasida zo‘ravonlik qurbonlari soni deyarli bir xil.
O‘zini xristian ruhoniysi deb atagan Nigeriya prezidenti vakili Daniel Bvala BBC Newshour dasturida Tramp Nigeriyaga yordam berishni istayotgani, biroq jangarilarga qarshi har qanday harbiy harakatlar ikki davlat tomonidan birgalikda amalga oshirilishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u Nigeriya suveren davlat ekanini eslatib o‘tgan.
Bvala, shuningdek, isyonchilar ma’lum bir e’tiqoddagi odamlarni ta’qib qilmasligi va hammani yoppasiga o‘ldirishayotganini aytgan. Nigeriya prezidenti Bola Tinubuning o‘zi ham mamlakatda diniy murosasizlik yo‘qligini hamda xavfsizlik muammolari diniy e’tiqodidan qat’i nazar aholining barcha qatlamlariga ta’sir qilishini qayd etgan.
Daniel Bvala BBC Newshour dasturida Trampning «o‘ziga xos muloqot uslubi» borligini eslatib, Nigeriya hukumati uning so‘zlarini so‘zma-so‘z qabul qilmasligini ta’kidlagan.
«Biz AQSh yordamini, agar u bizning hududiy yaxlitligimizni tan olsa, mamnuniyat bilan qabul qilamiz», – deydi u. Bvala Trampning Nigeriyani «sharmandali mamlakat» deb ataganiga javoban keskinlikni yumshatishga harakat qilgan.
«Biz buni so‘zma-so‘z qabul qilmaymiz, chunki Donald Tramp Nigeriya haqida yaxshi fikrda ekanini bilamiz. Tramp bizga tahdidni yengishda yordam berishga intilayotganini tushunamiz», – degan prezident maslahatchisi va ikki davlat prezidentlari yaqin kunlarda yuzma-yuz uchrashib, vaziyatni muhokama qilishiga umid qilishini qo‘shimcha qildi.
Gap qaysi jangarilar haqida ketmoqda?
«Boko Haram» va «G‘arbiy Afrikadagi Islom davlati» harbiylashgan guruhlari o‘n yildan ortiq vaqtdan beri mamlakat shimoli-sharqidagi aholini terror qilib kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida jangarilar qo‘lida o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan.
Ushbu guruhlar mamlakatning shimoli-sharqida harbiy harakatlarni boshlaganidan beri o‘tgan 15 yil ichida millionlab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Biroq, Acled monitoring guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yildan beri ularning fermerlarga hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni ikki baravardan ko‘proq oshgan.
Nigeriyaning markaziy qismida esa asosan musulmonlardan iborat cho‘ponlar hamda va xristian dehqonlarlar o‘rtasida ham suv va yaylovlar uchun to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.
«Qonga qon» tamoyili bo‘yicha bunday to‘qnashuvlar oqibatida ham minglab odamlar halok bo‘lgan, ammo huquq himoyachilarining fikricha, vahshiylik mojarolarning barcha tomonlari tomonidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin va hujumlar asosan xristianlarga qaratilgani haqida ma’lumotlar yo‘q.
Mavzuga oid
20:28
«O‘zbekneftgaz» Trampga yaqin ekani aytiladigan lobbi kompaniya bilan 5 yillik shartnoma imzoladi
12:26
AQSh Venesuela atrofida dengiz blokadasini boshladi
08:51
Tramp Suriya va boshqa davlatlar fuqarolariga AQShga kirishni taqiqladi
20:51 / 16.12.2025