Jahon | 20:51 / 16.12.2025
935
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp BBC nashriga qarshi 10 milliard dollarlik da’vo qo‘zg‘atdi

Tramp fikriga ko‘ra, BBC hujjatli filmda o‘z nutqining qismlarini montaj qilib, xuddi Kapitoliyga bostirib kirish oldidan zo‘ravonlik harakatlariga chaqiriq sifatida ko‘rsatgan. BBC «montaj xatosi» uchun uzr so‘radi, ammo bu atayin qilinmaganini va o‘z pozitsiyasini sudda himoyalash niyatida ekanini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Mayami federal sudiga (Florida shtati) Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasini tuhmat va nutqini manipulyatsiya qilishda ayblab, katta da’vo arizasi berdi. U 10 milliard dollar tovon puli talab qilmoqda - tuhmat uchun 5 milliard dollar va Floridaning noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi tahririyat amaliyoti to‘g‘risidagi qonunini buzganlik uchun yana 5 milliard dollar.

Tramp tomonining versiyasiga ko‘ra, 2024 yilgi AQSh prezidentlik saylovidan biroz oldin namoyish etilgan BBC hujjatli filmida (Panorama: “Trump: A Second Chance?”) uning 2021 yil 6 yanvardagi nutqining qismlari montaj qilinib, xuddi Kapitoliyga bostirib kirish oldidan zo‘ravonlik harakatlariga chaqiriq sifatida ko‘rsatilgan. Da’vogarning fikricha, bu faktlarni buzib ko‘rsatish va siyosiy tasavvurga ta’sir o‘tkazishga urinish, shuningdek, uning shaxsiyatini «yolg‘on, tuhmat va chalg‘ituvchi holatda tasvirlash»dir.

Tramp BBC nashri harakatlarini saylov natijalariga aralashishga urinish deb atadi. Shuningdek, u montaj o‘z obro‘siga putur yetkazganini va biznes manfaatlariga, jumladan, brend va aktivlar qiymatiga zarar yetkazganini da’vo qilmoqda.

BBC allaqachon «montaj xatosi» uchun uzr so‘ragan va parchalar Tramp so‘zlari haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirishi mumkin bo‘lgan tarzda montaj qilinganini tan olgan, biroq korporatsiya tuhmat da’vosi uchun qonuniy asos ko‘rmayotganini va sudda o‘z pozitsiyasini himoya qilish niyatida ekanini da’vo qilmoqda.

Mojaro allaqachon BBC ikki top-menejeri - bosh direktor va yangiliklar xizmati rahbarining iste’foga chiqishiga olib keldi, ular kompaniya tanqidlari fonida ishdan ketdi.

Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, Trampga materiallarning «qasddan va yovuz niyatda buzib ko‘rsatilganini» isbotlash qiyin bo‘ladi, chunki AQSh qonunlari, ayniqsa, ommaviy axborot vositalariga qarshi tuhmat ishlarida g‘alaba qozonish uchun yuqori marrani belgilaydi.

Mavzuga oid