O‘zbekiston | 20:47 / 31.01.2020
8959
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisining 77 foizi jamoat transportidan foydalanadi – so‘rovnoma

So‘rov natijalariga ko‘ra, respublikada aholining aksariyat qismi jamoat transportlaridan foydalanadi. Respondentlarning yarmi avtobuslar va mikroavtobuslar soni, ulardagi xizmat sifatini qoniqarli emas, deb hisoblaydi.

Yo‘lovchi transporti xizmatlari ko‘rsatish sohasida aholining huquqlari himoya qilinganligi holatiga baho berish maqsadida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan dekabr oyida 1661 nafar ishtirokchi o‘rtasida ijtimoiy  so‘rovnoma o‘tkazilgan.

Mazkur so‘rovnoma natijalari bugun, 31 yanvar kuni Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mas'ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Butun respublikani qamrab olgan mazkur so‘rovnomalarda ishtirok etganlarning 77 foizi jamoat transportidan foydalanishi aniqlandi.

Ularning 50 foizidan ortig‘i yo‘nalishda qatnayotgan avtobus va mikroavtobuslar soni va ularning xizmat sifati qoniqtirmasligini bildirgan. 74,3 foiz qatnashchi esa yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha takliflar bergan», – deya ma'lumot berdi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurod Hayitmetov.

Elmurod Hayitmetov / Foto: AOKA

So‘rovnomaga ko‘ra, 29,7 foiz respondent bekatlar holatiga salbiy fikr bildirgan.

Bundan tashqari, avtobus va mikroavtobuslarda isitish tizimining yaxshi ishlamasligi, avtobuslarning bekatlarda uzoq vaqt turib qolishi haqida munosabat bildirilgan. Avtobus qatnov jadvali bo‘yicha ma'lumotlarning mavjud emasligi ham ko‘pchilik tomonidan qayd etilgan.

«So‘rovnoma  natijalari bo‘yicha ma'lumot va takliflar Vazirlar Mahkamasi  hamda Transport vazirligiga kiritildi», – deya qo‘shimcha qildi Elmurod Hayitmetov.

Foto: OAKA

Mavzuga oid