Jahon | 18:00 / 16.07.2025
8894
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil Damashqdagi harbiy shtabga va prezidentlik saroyi yaqiniga zarba yo‘lladi (video)

Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari Suriya poytaxti Damashq shahriga hujum qilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil harbiylari chorshanba kuni Suriya mudofaa vazirligining Damashqdagi binosining kirish qismiga zarba berilganini ma’lum qildi. Biroz o‘tib Isroilning yana bir zarbasi yo‘llandi — bu safargi zarba Suriya poytaxtida prezidentlik saroyi yaqiniga kelib tushgan. Isroil rahbariyati shu tariqa mamlakatdagi ozchilik hisoblangan druzlarni hukumat qo‘shinlari hujumlardan himoya qilishga urinayotganini iddao qilgan. Suriya sog‘liqni saqlash vazirligi Damashq o‘qqa tutilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana 18 kishi jarohatlanganini xabar qilgan.

Bu hujum vaqtidagi kadrlar xalqaro telekanallar tomonidan jonli efirda yozib olindi. Kadrlarda Suriya poytaxtidagi binolardan biri yakson etilgani ko‘rinadi.

Kunning ikkinchi yarmida Isroil mudofaa armiyasi mamlakat qurolli kuchlari Damashq hududida Suriya armiyasi harbiy shtabining kirish joyiga zarba yo‘llanganini ma’lum qildi.

Reuters agentligi Isroil mudofaa vazirligidagi manbaga asoslanib, Damashqdagi binoga kamida ikkita zarbdor dron uchib kelgani va suriyalik zobitlar yerto‘laga yashirinishiga to‘g‘ri kelganini aytgan.

Saudiyaning Elekhbariya davlat telekanali xabariga ko‘ra, Isroil zarbasi oqibatida mahalliy aholi vakillaridan ikki kishi yaralangan.

Bir necha soat o‘tib TSAHAL yangi bayonot berdi, unda aytilishicha, Isroil mudofaa armiyasi Suriya janubidagi Suvayda viloyati tomon harakatlanayotgan tanklar, raketa qurilmalari, qurollar va og‘ir pulemyotlar o‘rnatilgan pikaplarga zarba berishda davom etmoqda. Bundan tashqari, harbiy texnikalar mazkur hududga harakatlanishiga to‘sqinlik qilish uchun yo‘llar ham o‘qqa tutilgan.

Bir necha kun oldin asosan druzlar istiqomat qiluvchi Suvayda shahrida badaviylar va druzlar o‘rtasida to‘qnashuvlar oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan keyin Isroil harbiylari Suriya bo‘ylab zarbalar yo‘llashga kirishgandi.

Bundan tashqari, chorshanba kuni Isroil armiyasi Suriya poytaxti Damashqda prezident saroyi yaqiniga zarba yo‘lladi, deb xabar berdi Reuters agentligi guvohlarga tayanib. Keyinroq bu ma’lumotni TsAXALdagilar ham tasdiqladi.

Suriya sog‘liqni saqlash vazirligi bugungi zarbalar oqibatida Damashqda bir kishi halok bo‘lib, yana 18 kishi yaralangani haqida xabar bergan.

Tomonlar nima demoqda?

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats chorshanba kuni Suriya hukumati qo‘shinlari druzlarga qarshi kurashda badaviylar bilan birlashganini da’vo qilayotgan to‘qnashuvlardan keyin Suriya katta yo‘qotishlarga uchrashidan ogohlantirdi.

«Damashqqa berilgan signallar tugadi – endi og‘riqli zarbalar vaqti keladi», – deya uning so‘zlarini keltiradi AFP agentligi. Vazir Isroil harbiylari Suriyaning janubiy Suvayda viloyatida «druzlarga hujum qilgan kuchlarni ular to‘liq chiqib ketishidan oldin yo‘q qilish uchun qat’iy harakat qilishi»ga va’da berdi.

Suriya hukumati Isroilning Damashqdagi nishonlarga bergan yangi zarbalariga hozircha munosabat bildirmadi, biroq bir necha soat oldin rasmiylar Isroilning mamlakat janubidagi «jinoiy va noqonuniy xatti-harakatlari»ni qoralagandi.

Suriya ma’muriyati bayonotida druzlar va badaviylar o‘rtasida harbiy harakatlar davom etishiga har qanday holatda ham toqat qilinmasligi va rasmiylar bu bilan bog‘liq barcha holatlarni tekshirishga «to‘liq sodiqligi»ni tasdiqlashi, aybdorlarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘yilmasligi bildirilgan.

Bayonot oxirida Suvayda aholisiga ularning huquqlari har doim himoya qilinishi va hukumat hech kimga ularning xavfsizligi yoki barqarorligiga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligi va’da qilingan.

Damashq qurollangan druzlar otryadlarini sulhni buzishda aybladi.

Voqealar qanday boshlangandi?

Suvaydada yakshanba kuni boshlangan to‘qnashuvlar o‘tgan yilning dekabr oyida Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin dinlararo to‘qnashuvlar bilan bog‘liq birinchi holat bo‘ldi.

Suriya hukumati qo‘shinlari dushanba kuni Suvaydada boshlangan druzlar va badaviylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni bostirish uchun mamlakat janubiga yo‘naltirildi.

Biroq oxir-oqibat hukumat qurolli kuchlari qurollangan druzlar otryadlari bilan qarama-qarshilikka kirishdi.

To‘qnashuvlar oqibatida, Suriya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan. Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlarini kuzatish markazi kamida 99 kishi, jumladan, ikki bola, ikki ayol va 14 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Suvaydadagi holat – o‘tgan yil dekabrida Bashar Asad ag‘darilganidan keyin mamlakatda konfessiyalar o‘rtasida yuzaga kelgan ilk to‘qnashuvlar bo‘lmoqda.

Mahalliy Sweida24 axborot agentligi chorshanba kuni tongda Suveyda va unga yondosh qishloqlar artilleriya va minomyotdan shiddatli o‘qqa tutilganini xabar qilgan.

Suriyaning SANA davlat axborot agentligi ma’lumotida aytilishicha, Damashq qurollangan druzlarni yaqinda erishilgan tinchlik sulhini buzishda ayblagan.

Suriya mudofaa vazirligi shahar aholisiga uylarini tark etmaslik bo‘yicha qat’iy tavsiya bergan.

Reuters muxbiri bilan telefon orqali bog‘langan ayrim suvaydaliklar uylarini ichkaridan mahkam yopib olishgani va qo‘rquv ichida yashayotgani, ayrim joylarda bir necha kundan buyon harbiy harakatlar davom etayotgani va elektr yo‘qligini aytib berishgan.

Mavzuga oid