Jahon | 21:51 / 26.12.2025
1577
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil dunyoda birinchi bo‘lib Somalilend mustaqilligini tan oldi

Afrikadagi Somalilend o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida xalqaro miqyosda tan olinmagan va rasmiy ravishda jahon hamjamiyati tomonidan Somalining bir qismi deb hisoblangan davlat edi.

Foto: Amos Ben Gershom

Isroil davlati Somalilend Respublikasini mustaqil va suveren davlat sifatida rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi, deb xabar berdi Isroil bosh vaziri matbuot xizmati.

Tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Somalilend prezidenti Abdurahmon Muhammad Abdullohiy ikki davlat rahbarlarining videokonferensiyasidan so‘ng imzoladi. Har ikki tomon to‘laqonli diplomatik munosabatlar o‘rnatish, jumladan, elchilar almashish va elchixonalar ochishni boshlashga kelishib oldi.

Netanyahu bu qadamni «tarixiy» deb atadi va «iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va texnologiya sohasidagi hamkorlikni» kengaytirishga umid bildirdi. Shuningdek, Isroil Somalilend prezidentini rasmiy tashrif bilan mamlakatga taklif qildi.

Somalilend - Sharqiy Afrikaning shimolidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan davlat bo‘lib, 1991 yilda Siad Barre rejimi qulaganidan keyin Somali tarkibidan ajralib chiqqan. U shundan beri amalda mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritadi: o‘z hokimiyat organlari, konstitutsiyasi, valutasi, armiyasiga ega va muntazam ravishda saylovlar o‘tkazadi. Somalining qolgan qismiga nisbatan barqarorligi va xavfsizligiga qaramay, Somalilend o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida xalqaro miqyosda tan olinmagan va rasmiy ravishda jahon hamjamiyati tomonidan Somalining bir qismi deb hisoblangan.

Endi ushbu diplomatik e’tirof Afrika va Yaqin Sharqdagi strategik dinamikani o‘zgartirishi mumkin, chunki Somalilend Qizil dengiz va Adan ko‘rfazi sektorida muhim geografik nuqtada joylashgan. Ushbu hudud yaqinidan jahon savdosining 10 foiz hajmi o‘tadi.

Qaror allaqachon Somalining hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi bir qator davlatlar, jumladan Misrning salbiy reaksiyasiga sabab bo‘ldi, ular mintaqa barqarorligi uchun ehtimoliy oqibatlardan xavotir bildirdi.

Mavzuga oid