O‘zbekiston | 14:40 / 01.03.2020
38377
14 daqiqa o‘qiladi

Lider ayollar qatlami qanday yaratiladi? Aziza Umarova bilan suhbat

Kun.uz jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, o‘z sohasining yetakchilaridan bo‘lgan ayollar bilan fikrlashuv manzili − «O‘zbekoyim» ruknini boshlamoqda.

Jamiyatning faol ayollar qatlamini tanitib boruvchi «O‘zbekoyim»ning ilk mehmoni − Aziza Umarova.

Aziza Umarova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Buyuk Britaniyaning Sent-Endryus universitetida tahsil olgan. Davlat boshqaruvida islohotlar va modernizatsiya, elektron hukumat, gender masalalari bo‘yicha mutaxassis. Hozirda Singapurning SmartGov.consulting kompaniyasi ijrochi direktori. #Aziza Umar kundaligi telegram kanalida turli masalalar bo‘yicha o‘zining faol fuqarolik munosabatini bildirib boradi.

Aziza opa, sizni rahbar, jamiyatda o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, har qanday masalada o‘z fikrini ilgari sura oladigan kuchli ayol sifatida bilamiz. Shuningdek, oila bekasi va onasiz. Bularning barchasiga qanday ulgurasiz?

− Menimcha, har bir ishni o‘zining kerakli vaqtida qilganman. Ta'lim olish kerak bo‘lgan paytda o‘qidim, kar'yera qilish kerak bo‘lgan paytda ishladim. Hozir asosiy ishimdan, ulg‘ayib qolgan farzandlarim tarbiyasidan ortib, yangi O‘zbekiston qurilishida faol qatnasha olaman.

2016 yildan boshlab haqiqatan ham katta o‘zgarishlar boshlanganini tan olish kerak. Oldimda tanlov bor edi: bu o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lishni istaymanmi yoki bir chetda qolib ketishni xohlaymanmi? Men ayollar ham bu jarayonda ishtirok etishi kerak, degan qarorga keldim. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlarda faol yoza boshladim, o‘z fikrimni bildira boshladim.

− Muayyan bir maqsadga erishish uchun, istaymizmi-yo‘qmi, ayol erkakka qaraganda ikki hissa ko‘proq mashaqqat chekishi kerak. Oila, farzand tarbiyasi bor. Ayollik vazifalari ijodiy faoliyatda davom etishda to‘sqinlik qilgan vaqtlar ham bo‘lganmi? Bunday holatda qanday yo‘l tutgansiz?

− Bunaqa holatlar ko‘p bo‘ladi. Ammo hayotdagi har bir bunday epizod − sinov, insonning to‘xtagisi kelishi, faqat oilam bilan, bolalarim bilan shug‘ullanishim kerak, degan kechinma bo‘lishi mumkin. Bunda ko‘p imkoniyatlarni qo‘ldan boy berasiz.

Oilamning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tgan 16 yillik turmushim davomida oilaviy hayotni, karerani va shaxsiy izlanishni baravar olib bora oldim. O‘zbekistonda oilalar – bunda nafaqat ota-ona, balki turmush o‘rtoq, qaynona-qaynota ham qizlarni qo‘llab-quvvatlashganida edi, ilg‘or qizlar soni ko‘proq bo‘lardi.

Oilada qizga sen buni uddalay olmaysan, bu senga kerak emas, buni qilma, demaslik kerak. Qiz bolaning o‘ziga beradigan bahosi, kurashish uchun kuch topa olishi aynan shunga bog‘liq.

− O‘zbekistonda ayollarning jamiyatdagi roli va o‘rniga 10 ballik tizimda necha ball bera olasiz?

− 3 yoki 4 ball xolos. Chunki aynan hozir ayollarning roli juda sust. Bunda bir qancha omillar bor. 90-yillarda mamlakatda ahvol juda ham og‘ir edi, natijada ko‘plab ayollar o‘z kasblaridan ketishga, qandaydir biznes bilan bo‘lsa ham shug‘ullanib, farzandlarining qornini to‘ydirish haqida o‘ylashga majbur bo‘lishgan. Sobiq ittifoq davlatlarining barchasida, shuningdek, bizda ham vaziyat juda og‘ir bo‘lgan. Ko‘plab professionallar o‘z sohasidan ketdi. Karera bilan, jamiyatga daxldor ishlar bilan shug‘ullanishdan to‘xtashdi.

Yangi avlod ulg‘ayib kela boshlagan davrda milliy qadriyatlarga juda katta e'tibor yo‘naltirilgan, bu ba'zida ta'limning zarari hisobiga amalga oshgan. Qizlarning ta'lim olishi zarurati haqida mutlaqo unutdik. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, oliy ta'limda tahsil oladigan qizlar juda ham kam.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, yaqin paytgacha O‘zbekistonda oliy ta'lim oladiganlar ko‘rsatkichi atigi 10 foizni tashkil etgan. Ular orasida qizlar yanada kam. Agar biz qizlarni tarbiyalamasak, ularga oliy ta'lim bermasak, ulardan o‘z sohasini rivojlantira oladigan mutaxassislar chiqmasa, biz izlayotgan lider ayollar qayerdan paydo bo‘ladi?

Izoh: Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda oliy ta'lim olayotgan 440,959 nafar talabaning 45,9 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Menimcha, bugun qizlar uchun shou-biznesdagi ayollar namuna bo‘lyapti. Instagramda obuna bo‘lishadi, ko‘rinishini, kiyinishiga taqlid qilishadi. Ammo bir zamonlar biz ismlarini nomma-nom bilgan ilmli ayollar qani? Sovet tizimi tayyorlagan ayollar qani? Ilm doirasida bor faol ayollarning hammasini sovet tizimi tayyorladi. 1990-2000 yillarda tayyorlangan avlod qani? Ular yo‘q. Shuning uchun men faqatgina 4 ball qo‘ya olaman.

Qachon bizda ular ko‘payadi? Qachonki, ko‘chada duch kelgan odamdan nechta faol ayolni bilasiz, deb so‘rasangiz va sizga siyosatchi, olim, dirijyor, injyener, bastakor, rassom ayollarni sanab bera olishsa, shundagina 10 ball berish mumkin bo‘ladi.

− O‘tgan yildan boshlab gender tengligi masalasiga jiddiy e'tibor qarata boshlandi. Qonun qabul qilindi, komissiyalar tuzildi. Lekin hali xalq gender tengligining mohiyatini to‘la tushunib yetganicha yo‘q. Sizningcha, O‘zbekiston chindan gender tengligiga erishish uchun qanday yo‘ldan borishi kerak?

− Gender tengligi haqida so‘z ketganda, avvalo, imkoniyatlar tengligi tushunilishi kerak. Oiladagi oddiy misol. Ikki o‘g‘il va ikki qiz bo‘lsa, nega siz ikki o‘g‘lingizga ta'lim berasiz, lekin ikki qizingizga ikki komplekt mebel olib berib, turmushga berib yuborasiz?

Bu haqda yaxshi bir sharq maqoli ham bor: o‘g‘lingni o‘qitib, erkakni tarbiyalaysan, qizingni o‘qitib, butun millatni tarbiyalaysan. Sharoitlar bolalikdanoq bir xil bo‘lishi kerak.

Ishga olishda sutkasiga 24 soat ishlay olgani uchun yigitni olib, turmushga chiqib, farzandli bo‘lishi mumkinligi uchun qiz bolani olmaydigan bo‘lsak, bu noto‘g‘ri. Ularga mutaxassisligi nuqtayi nazaridan qarash kerak. Ulardan qaysi biri professional sifatida bilimliroq? Agar bu qiz bo‘lsa, ishga uni olish kerak.

Eng yomoni nimada, bilasizmi? Agar oilaviy turmushi o‘xshamasa, ajrashsa, qizlar aholining eng kambag‘al qatlamiga aylanib qoladi. Shuning uchun bolalikning ilk davridan qiz ham, o‘g‘il ham birdek yaxshi ta'lim olsa, qiz bolaga qanaqa bo‘lsa ham hunar o‘rganishi kerakligi uqtirilsa, bu jamiyat uchun foydali bo‘ladi. Bu jarayonni 60-70 yillarda ko‘p mamlakatlar bosib o‘tdi. Urushdan keyin Yevropada, Isroilda, Yaponiyada, Koreyada ham ilgari ayollar uyda o‘tirishgan, ishlashmagan. Keyinchalik ular iqtisodiyotga aralasha boshlagach, millatlar boyiy boshladi.

Hukumat har bir masalani ko‘rib chiqishda gender prizmasi orqali yondashishi lozim. Misol uchun, Moliya vazirligi. Davlat budjeti qabul qilinayotganda, u ham ayollar, ham erkaklar manfaatini qanchalik ifodalayotganini tahlil qilish kerak. Budjetdan ajratiladigan pulning qanchasi onalik va bolalikni himoya qilish uchun yo‘naltiriladi? Investitsiya dasturlarining qanchasi ayollar uchun ish o‘rinlarini yaratadi?

Agar hamma pul energetika-yoqilg‘i sohasiga tikiladigan bo‘lsa, u yerda ayollar uchun mutlaqo ish yo‘q. Agar tekstil sohasiga ham pul tikilsa, ayollar uchun ish o‘rni yaratiladi. Hammasi mana shunday bazaviy primitiv darajada ko‘rib chiqilishi kerak.

Yoki Adliya vazirligi hujjatni qabul qilishdan avval qonunni gender tahlilidan o‘tkazishi kerak. Qonunda erkak va ayolning manfaatlari qanchalik nazarda tutilgan? Ularning har ikkisining ham manfaatlari hisobga olinganmi? Har qanday qarorga shu asosda yondashish lozim.

Fikrimcha, bizda ayollar masalasi sekinlik bilan ko‘tarila boshlandi. Bu yaxshi siljish. Ammo yetarli emas.

− Ayollarning turli muammolarga duch kelishiga ko‘p hollarda ulardagi huquqiy savodxonlikning pastligi sabab bo‘lmasmikan?

− Bu ta'lim masalasiga borib taqaladi. Davlat uzoq vaqt shunday qildiki, oliy ta'lim olish dabdaba edi. Ta'lim olish imkoniyatining yo‘qligi katta vakuumni hosil qildi.

Agar ayollarimiz biz istayotgan darajaga chiqishini istasak, viloyatlarda universitetlar ochilishi uchun barcha harakatni qilishimiz kerak. Ularga ayollar ham, erkaklar ham, qizlar ham, yigitlar ham kira olishi kerak.

Men qachondir bizda qishloq qizlari uchun stipendiya dasturi paydo bo‘lishini orzu qilaman. O‘qishga puli bo‘lmagan qizlar yashab turgan joyida ham ta'lim uchun grant ola bilishi kerak. Ular nima uchun bu imkoniyatdan mahrum? Davlat ularni qidirib topishi, imtihon va olimpiadalar orqali kashf etib, ulardan yangi intellektual elitani hosil qilishga qiziqish bildirishi kerak. Ertaga nimagadir erishishga qodir bo‘lgan insonlarni tayyorlashi kerak.

− O‘z tajribangizdan kelib chiqqan holda, shaxsiy rivojlanish uchun qanday adabiyotlarni tavsiya qilasiz?

O‘zimda katta taassurot qoldirgan kitoblar bu Chingiz Aytmatovning barcha asarlari. Ularning deyarli barchasi o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Shuningdek, Orxon Pamuq ijodi yoqadi. «Muzey nevinnosti» («Ma'sumiyat muzeyi») kitobi. Bu kitob odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni tushunishga yordam beradi. Kurt Vonnegut asarlarini ham tavsiya qilgan bo‘lardim. Menimcha, o‘zbek tilida tarjimasi yo‘q, rus tarjimasi bor. «Boynya nomer pyat» («Beshinchi raqamli kushxona»), «Kolybel dlya koshki» («Mushuk belanchagi») va boshqa qiziqarli kitoblari bor.

Fikrimcha, yuzaki asarlarni kamroq o‘qish kerak. Ichki olamni o‘zgartirishga yordam beradigan kitoblarnigina topib mutolaa qilish kerak.

− Hayotdagi shioringiz nima?

Shiorim... Menimcha, inson shunchaki o‘ziga ishonishi kerak. Atrofdagi og‘ir vaziyatlarga e'tibor bermaslik kerak. Agar odamlar taslim bo‘lishsa, ular ortiq harakat qila olishmaydi.

Bu o‘rinda yaqin insonlarning qo‘llab-quvvatlashi ham juda muhim, hammaslaklar bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, doim ichki tiklanish uchun kuch topa olish kerak. Qandaydir zarba kelib tushganda qiyin bo‘ladi, faqat qayta kuch topib, harakatda davom eta bilish kerak. Bu juda ham muhim xususiyat. Hammaga ichki kuch, zaxiraga ega bo‘lishni tilayman.

− Siyosiy richaglar sizning qo‘lingizda bo‘lganida, O‘zbekistonda birinchi galda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?

Propiska tizimini bekor qilgan bo‘lardim. Menimcha, davlat aholiga yo turmush uchun barcha sharoitlarni qilib berishi kerak – regionlarda ham hamma sharoitlar bo‘lishi, odamlarda issiqlik, gaz, ichimlik suvi bilan muammolar bo‘lmasligi kerak. Yoki odamlarga o‘zlari uchun qayer qulay bo‘lsa, o‘sha yerga ko‘chib kelish imkonini berish lozim.

− O‘zingiz faoliyatidan qoniqadigan va qoniqmaydigan davlat tashkiloti qaysi?

O‘zimga faoliyati yoqadigan tashkilotlarni aytaman, lekin yoqmaydiganlarni ayta olmayman.

Antimonopoliya qo‘mitasi faoliyati yoqadi. Ular yaqinda tashkil etildi, vakolatlari hali kam. Ammo ular to‘g‘ri yo‘lda ish olib bormoqda.

Turizm qo‘mitasining faoliyati ham yoqadi. Nega? Chunki ilgari qo‘mita aktivlarni boshqarar edi. Uning o‘z avtobuslari, mehmonxonalari bor edi. U bozor ishtirokchilari bilan raqobatlashishga harakat qilardi. Keyin qo‘mita hammasidan bosqichma-bosqich chekindi. O‘z aktivlarini berdi, xususiy sektor bilan raqobatlashishni to‘xtatdi. Shu bilan birga, xususiy sektorga bu bo‘shliqlarni to‘ldirish imkoniyatini berdi. Bu juda katta o‘zgarish bo‘ldi.

− Qaysi o‘zbek siyosatchilarining faoliyatini e'tirof eta olasiz?

− Tanzila Kamolovna Norboyeva juda ham yoqadi, u o‘z yangi vazifasiga juda faollik bilan kirishdi.

Erkaklar orasidan esa xuddi shu Senatdan Sodiq Safoyevni ko‘rsatgan bo‘lardim. U juda ham o‘qimishli. Chet tillarida erkin gaplashadi, har doim gapirganda konseptual tushunchalar haqida gapiradi. Menimcha, u juda ko‘p yigit-qizlar uchun misol bo‘la oladi. Ajoyib notiq, keng dunyoqarashga ega donishmand, o‘z fikrini yaxshi yetkazib bera oladigan inson, haqiqiy davlat arbobi.

− Sizningcha, o‘zbek xalqining kamchiligi nimada?

Bizda bir-birini qo‘llab-quvvatlay olmaslikdek yomon odat bor. Har doim birga bo‘lish, birdamlikni o‘rganishimiz kerak. Shundagina biz millat sifatida kuchliroq bo‘lamiz. Hamjihatlik yetishmaydi bizga. Oldinga harakat qilish, rivojlanish uchun hamjihatlik juda ham muhim.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid