«Cheksiz vakolatga ega qo‘shin» – AQSh terroristik guruhlar qatoriga kiritgan Islom inqilobi muhofizlari korpusi qanday tashkilot?
AQSh davlat departamenti terroristik guruhlar qatoriga yana bir harbiy tashkilotni kiritdi. Eronning diniy rahnamosi oyatullohga bo‘ysunuvchi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi endilikda terroristik guruhlar qatorida tilga olinadi. Bu harbiy tashkilot AQSh davlat departamentining «qora ro‘yxati»dan 68-bo‘lib joy oldi.
8 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eron oliy rahnamosi oyatullohga bo‘ysunuvchi islom inqilobi soqchilarini terrorchilik tashkiloti sifatida e'lon qilgandi. Shundan so‘ng AQSh davlat departamenti (bunday qora ro‘yxatlarni rasmiylashtirish kabi byurokratik jarayonlar bilan davlat departamenti shug‘ullanadi) inqilob soqchilarini terroristik guruh sifatida ro‘yxatga oldi. 15 apreldan boshlab AQSh Eronning eng oliy harbiy tuzilmasini rasman terroristik guruh deb ataydi.
Hali hech qachon AQSh davlat departamenti biror mamlakatning rasman faoliyat yuritayotgan qo‘shinlarini terroristik tashkilotlar sirasiga kiritmagandi. Bu esa AQSh va Eron o‘rtasidagi munosabatlar qay darajada taranglashganini ko‘rsatadi. AQSh bu qarori bilan Eron terrorchilarning homiysi ekanini yana bir bor ta'kidlamoqchi ekanini aytdi. Xususan, Donald Tramp bu borada shunday dedi: «Eron terrorizmning asosiy homiysi hisoblanadi. Inqilob qo‘shinlari Eronning quroliga aylangan terrorizmni moliyalashtirishda faol qatnashadi».
Davlat departamentining bayonotida inqilob qo‘riqchilari Germaniya, Bosniya, Bolgariya, Keniya, Bahrayn va Turkiyada harbiy harakatlarda qatnashgani keltirilgan. Xususan, quyidagi operatsiyalar aynan sanaladi:
* 2011 yil AQShda Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisiga qarshi suiqasd. Operatsiyaning oldi olingan.
* 1996 yil Saudiya Arabistonining Al Xubar shahridagi portlash. Uning oqibatida 19 nafar amerikalik halok bo‘lgan. Davlat departamentning ma'lum qilishicha, 2018 yilda bu teraktda inqilob soqchilari qo‘shinlarining aybdorligi isbotlangan.
* 2012 yil Turkiya va Keniyada terakt uyushtirishga tayyorlanish vaqtida inqilob soqchilari askarlari qo‘lga olingan.
* 2012 yil Germaniyada teraktga tayyorlanayotgan o‘nlab inqilob soqchilari agentlari qo‘lga olingan.
Mayk Pompeo inqilob soqchilari haqida shunday deydi: «Ular rasmiy harbiy struktura niqobiga o‘ranib olishgan. Lekin bunga aldanmasligimiz kerak. Bu tashkilot butun dunyo bo‘ylab terroristik operatsiyalarda qatnashadi». Pompeoning aytishicha, inqilob soqchilari Eron iqtisodiyotining katta qismini nazorat qiladi va ular butun dunyo bo‘ylab noqonuniy biznes tarmoqlariga ham ega. Tashkilotning legal va nolegal daromadlari butun dunyoda terrorizmni moliyalashtirish uchun ketadi, deb aytiladi AQSh davlat departamenti bayonotida.
Donald Tramp AQSh bu harakati bilan Eronni ogohlantirganini ma'lum qildi: «Biz Tehronga aniq signal yubordik. Ular terrorizmga homiylik qilishning badali qimmat bo‘lishini anglashsin. Bu badalning qiymatini oshirishimiz shart. Erondagi rejimga iqtisodiy bosimni ular qing‘irliklarini to‘xtatgunlariga qadar davom ettirishimiz kerak»,- deydi Tramp.
"AQShning bunchalik agressiv qarorga kelishiga sabab bo‘lgan inqilob soqchilari qanday tashkilot o‘zi?",- degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘liq nomlanishi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi bo‘lgan tashkilot Erondagi oliy harbiy tuzilma hisoblanadi. Turli manbaalarga ko‘ra, 125 mingdan 400 minggacha askarlari bo‘lgan inqilob soqchilari Eron diniy yetakchisi oyatullohga (shialar uchun fatvo chiqarish huquqiga ega deb hisoblanadigan diniy rahnamolik darajasi. Amalda Eronning birinchi raqamli insoni siyosatchilar emas, aynan oyatulloh bo‘ladi va mamlakat siyosatining hal qiluvchi yo‘nalishlarini aynan u belgilaydi) bo‘ysunadi.
Inqilob soqchilari 1979 yilda Erondagi islom revolyutsiyasi yetakchisi oyatulloh Humayniy tomonidan tuzilgan. Uning mamlakatdagi aqlbovar qilmas obro‘si inqilob soqchilarining ham darajasini baland qilgan. Humayniyni Eron uchun kim bo‘lganini anglash uchun u haqda bir nechta faktni keltirish kifoya: Humayniy rasman buyuk oyatulloh va Eronning birinchi oliy rahbari nomlariga ega.
14 yillik quvg‘indan so‘ng Humayniyning 1979 yil 1 fevralda Eronga qaytishi bayramdek kutib olingan. U kelganidan 10 kun o‘tib Eronda islom inqilobi rasman tantana qilgan va Eron rasman Eron Islom Respublikasi deb atala boshlangan. 1983 yil 3 iyundagi Humayniyning janozasiga 10 milliondan ko‘proq odam qatnashgan. Humayniyning surati Eronning 1000 riallik kupyurasida tasvirlangan.
Inqilob soqchilariga Erondagi islom inqilobining farzandlari deb qarashadi va bu tuzilma mamlakat hududida cheksiz vakolatga ega. Qudratlilik jihatidan AQShning Markaziy razvedka byurosini eslatib yuboradi. Biroq inqilob soqchilari MRBdan farqli o‘laroq razvedka, kontrrazvedkadan tashqari harbiy amaliyotlarda ham qatnashadilar. Masalan Eron – Iroq urushida, Suriyadagi hamon davom etayotgan urushda oyatulloh askarlarining qatnashgani aytiladi.
Inqilob soqchilari safiga piyoda askarlar, havo va dengiz qo‘shinlari kiradi. Tuzilma qoshidagi «Al-Quds» va «Basij» guruhlariga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan askarlar qabul qilinadi va «Al-Quds» guruhini Donald Tramp alohida ta'kidlagani bejizga emas. «Basij» esa Erondagi ko‘ngillilar otryadi hisoblanadi. Uning a'zolari soni 10 milliondan ortiq. Ulkan propaganda natijasida eronlik yoshlar «Basij»ga a'zo bo‘lishni hayotlaridagi muhim jarayon deb bilishadi.
Inqilob soqchilari o‘z ustavida iddao qilishicha, tashkilotdagi barcha ishlar shariat qoidalari asosida olib boriladi va buni shaxsan oyatulloh tekshirib boradi. Eron oliy yetakchisi inqilob qo‘shinlari orasida rahbar deb ataladi (forschada ham aynan «rahbar»). Inqilob jangchilari orasidan ko‘plab davlat rahbariyati vakillari yetishib chiqqan. Masalan, Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajot ham inqilob soqchilaridan.
AQShning bu o‘ta keskin bayonoti ikki katta davlat o‘rtasidagi shundog‘am murakkab munosabatlarni yanada yomonlashtirishi tabiiy. Donald Trampning bu provakatsion yurishidan so‘ng amerikaliklar agressiv hisoblaydigan Eron yanada agressivlashishi mumkin xolos. Bunaqa chiqishlar bilan tarang munosabatlarni yumshatib bo‘lmaydi. Aftidan okean ortidagilar Eron bilan munosabatlar mo‘'tadillashishini xohlashmaydi. Xullas, Amerika ikkita tortishuvdagi hudud Isroilga tegishli ekanini tan olishga chaqirishi va butun boshli mamlakatning oliy harbiy tashkilotini terroristik guruh deb atashi bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni faqat yomonlashtiradi...
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
13:52 / 22.11.2024