
AQSh mudofaa vazirligi ko‘rmoqchi bo‘lgan siyosiy choralar – ba’zi ittifoqchilarning Eron urushida Qo‘shma Shtatlar harbiylariga kirish, bazalardan foydalanish va havo hududidan o‘tish huquqlarini (ABO) berishni istamagani yoki rad etayotganidan kelib chiqqan. Bu haqda Reuters nashri Pentagon ichki elektron xati mazmunidan xabardor AQSh rasmiysiga tayanib xabar bermoqda.
Elektron xatda qayd etilishicha, ABO huquqlarini (ABO – Access, basing and overflight) ta’minlash «NATO a’zolari uchun mutlaq minimal talabdir».
Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, ushbu variantlar ayni paytda Pentagonning yuqori bo‘g‘inlarida muhokama qilinmoqda. Xatdagi variantlardan biri «muammoli» mamlakatlarni NATOdagi muhim yoki nufuzli lavozimlardan chetlatishni ko‘zda tutadi.
Elektron xatda keltirilgan siyosiy choralar NATO ittifoqchilariga «Yevropaliklarning hamma narsaga haqli ekani hissini kamaytirish» maqsadida kuchli signal yuborishga qaratilgan, deb xulosa qildi rasmiy vakil.
Ayniqsa Ispaniyadan qattiq norozilik
AQSh oliy rahbariyati ayniqsa, o‘z bazalari yoki havo hududidan Eronga hujum qilish uchun foydalanishga ruxsat bermasligini e’lon qilgan Ispaniyaning sotsialistik hukumatidan norozi. Qo‘shma Shtatlarning Ispaniyada ikkita muhim harbiy bazasi bor: «Rota» dengiz bazasi va «Moron» aviabazasi.
Xatda ta’kidlanishicha, Ispaniyani alyansdan chetlatish varianti AQSh harbiy amaliyotlariga cheklangan ta’sir ko‘rsatadi, ammo ulkan ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Rasmiy vakil AQSh Ispaniyani alyansdan chetlatishni qanday amalga oshirishi mumkinligini ochiqlamadi. Shuningdek, nashr ham NATOda buni amalga oshirish uchun qandaydir mavjud mexanizm bor-yo‘qligini aniqlay olmagan.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa bu xatni jiddiy olmasligini aytdi.
















