Jahon | 15:00 / 26.04.2022
35593
7 daqiqa o‘qiladi

«Azovstal»dan evakuatsiya yana barbod bo‘ldi, Dnestrbo‘yida bezovtalik. So‘nggi ma’lumotlar

Foto: MAXYM MARUSENKO/NURPHOTO VIA GETTY IMAGES

Britaniya mudofaa vazirligi Rossiyaning yo‘qotishlari borasida yangi ma’lumotlarini e’lon qildi, Ukrainadagi bir necha temiryo‘l stansiyalari raketa zarbalariga uchradi, Kiyev va Moskva «Azovstal»da gumanitar yo‘lak ochish borasida kelishuvga erisha olmadi, Dnestrbo‘yida portlashlar bo‘lmoqda.

Ukrainada urush boshidan buyon 15 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi baholariga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy harakatlar chog‘ida Rossiya armiyasining 15 ming atrofidagi harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan va 2 mingdan ortiq zirhli texnikalar, jumladan kamida 530 tank, 530 zirhli transportyorlar va 560 ta piyodalar jangovar mashinalari egallab olingan. Rossiya 60 dan ortiq vertolyot va qiruvchi samolyotlarini yo‘qotgan.

Britaniya parlamentida chiqish qilgan mudofaa vaziri Ben Uolles bir hafta vaqt olishi ko‘zda tutilgan yurish endi ko‘plab haftalar davom etishini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml «barcha maqsadlarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan», biroq «ukrainlar o‘z hayoti uchun kurashmoqda».

Ukrainada bir necha temiryo‘l stansiyalari o‘qqa tutildi

25 aprel tongida Ukraina markazi va g‘arbidagi bir necha temiryo‘l stansiyalari tugunlariga raketa zarbalari berildi.

Vinnitskiy oblastidagi Jmerinka va Kazatin shaharlarida qurbonlar bo‘lgan, Lvov atrofidagi Krasnoye stansiyasida elektr uzatish simlari shikastlangan.

Rossiya harbiylari temiryo‘l stansiyalari yaqinidagi elektr kuchini elektr transportlariga moslab beruvchi podstansiyalarga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba berilganini ma’lum qilgan.

Ukraina armiyasi Bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar xorij yordamlari front chizig‘iga yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida temiryo‘l uzellariga raketa zarbalari bermoqda.

«Azovstal» uchun gumanitar yo‘lak ochishga muvaffaq bo‘linmadi

«Azovstal» bunkerlaridagi bolalar. Foto: REUTERS

Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchukning telegram kanalida ma’lum qilishicha, Ukraina va Rossiya o‘rtasida «Azovstal» hududidagi tinch aholi vakillarini olib chiqish uchun gumanitar yo‘lak ochish bo‘yicha kelishuv yo‘q.

Avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi 25 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00dan «Azovstal»dan tinch aholi vakillari uchun bir tomonlama yo‘lak ochilishini ma’lum qilgandi.

Ammo Ukraina tomoni gumanitar koridor bo‘yicha kelishuv bir tomonlama qaror asosida bo‘lmasligi kerakligini bildirgan. Vereshchukning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ikki tomonlama kelishuv asosidagi gumanitar yo‘lak ochilishida tashabbuskor va kafolatchi bo‘lishni so‘rab murojaat qilgan.

FSB telepropagandachilarga hujumning oldi olingani haqida xabar berdi

FSB ultrao‘ng kuchlar a’zolarining qo‘lga olinishi videosini e’lon qilgan. Foto: FSB

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va Tergov qo‘mitasi dushanba kuni Moskvada olti nafar neonatsistlar qo‘lga olingani, ular go‘yoki Ukraina xavfsizlik xizmati buyurtmasiga ko‘ra teleboshlovchi Vladimir Solovyov va yana besh nafar telepropagandachilarni o‘ldirishni rejalashtirgani haqida xabar qildi.

FSB ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning yonidan sakkizta Molotov kokteyllari, granatalar, 6 ta to‘pponcha, qirqma miltiq, mingdan oshiq patronlar, shuningdek giyohvand moddalar va neonatsist adabiyoti namunalari topilgan.

Kiyev tomoni Rossiyaning Ukraina xavfsizlik xizmati propagandachini o‘ldirish uchun «neonatsistlar guruhi»ga buyurtma bergani haqidagi bayonotini uydirma deb atadi.

Bryanskdagi neft bazasida yong‘in

Maks Kirilovskiy / TASS

Rossiyaning Bryansk oblastida, Ukraina bilan chegaradan 110 kilometr masofada joylashgan «Transneft» neft bazasida chiqqan yirik yong‘in o‘chirildi. Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga yaqin manbalar bazaga Ukraina dronlari hujum qilganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

«Interfaks» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, olov 10 ming kub metr hajmdagi rezervuarni qamrab olgan. «Rossiya 24» telekanali Bryanskda yana bir obekt - harbiy qismdagi dizel yonilg‘isi saqlangan ombor yonib ketganini ma’lum qilgan.

Aprel oyi boshida Ukraina harbiy vertolyotlari yo‘llagan zarbalar oqibatida Belgoroddagi neft bazada yirik yong‘in sodir bo‘lgandi.

Dnestrbo‘yida vaziyat keskinlashmoqda

25 aprel kuni noma’lum shaxslar Tiraspolda tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasi davlat xavfsizlik vazirligi binosiga o‘t ochishdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, binoga tankka qarshi granatomyotdan zarba berilgan. Bino atrofida tashlab ketilgan qo‘l granatomyoti topilgan.

Bu katta ehtimol bilan sovetlar davriga mansub RPG-27 «Tavolga» granatomyoti, u hozirda faqat Rossiya, Dnestrbo‘yi, Gabon va Iordaniya qurolli kuchlari ixtiyorida mavjud. 

Jabrlanuvchilar bo‘lmagan, Dnestrbo‘yida dushanba kuni dam olish kuni hisoblanadi.

26 aprel kuni esa  Dnestrbo‘yidagi Grigoriopolskiy rayoni Mayak aholi punktida joylashgan mahalliy radiomarkaz antennalari noma’lum shaxslar tomonidan portlatib yuborildi. Bu radioantennalar orqali RF radiosi uzatilgan.

Dnestrbo‘yidagi vaziyat sababli Moldova prezidenti Mayya Sandu oliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazadi.

«Bugun Sandu Dnestrbo‘yi hududidagi voqealar munosabati bilan oliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqiradi», deyiladi Moldova prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Tan olinmagan Dnestrbo‘yida taxminan 460 ming kishi yashaydi, ularning qariyb yarmi Rossiya fuqaroligiga ega. 1992 yildan buyon o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan bu respublika hududida Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan.

22 aprel kuni Rossiya Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Rustam Minnekayev «maxsus amaliyotning ikkinchi fazasi» doirasida rus tilli aholi kamsitilayotgan yana bir hudud - Dnestrbo‘yiga yo‘lak ta’minlanishi uchun Ukraina janubi ustidan nazorat o‘rnatilishi rejalashtirilayotgani haqida gapirgandi.

Mavzuga oid