Shu hafta ichida DMR Kishinyov tomonidan bosimlar bo‘layotgani sababli Rossiyaga yordam so‘rab murojaat qildi. Forbes nashri hududda nimalar bo‘layotgani, hammasi nimadan boshlangani va nima bilan tugashi mumkinligi haqida tahliliy material e’lon qildi.

Bu qanday hudud?

Dnestrbo‘yi — Sharqiy Yevropadagi hudud bo‘lib, Moldova chegarasi ichida joylashgan. Biroq, 30 yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, hudud tan olinmagan davlat — Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi (DMR) deb atab kelinadi. BMTning barcha a’zolari, jumladan, Rossiya ham uni rasman Moldovaning bir qismi, deb hisoblaydi. Uning Moldovadan mustaqilligini faqat o‘ziga o‘xshagan ikkita tan olinmagan davlat — Janubiy Osetiya va Abzaxiya Respublikasi tan olgan. Dnestrbo‘yi mustaqilligini o‘zi-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi ham tan olgan edi — toki 2023 yili Ozarboyjon tomonidan to‘la-to‘kis yo‘q qilingunga qadar.

Dnestrbo‘yida kirill alifbosidan foydalaniladi, Moldova esa 1989 yildayoq lotin imlosiga o‘tib ketgan. Respublika aholisi 465 ming kishi deb baholanadi, ularning ko‘pchiligi uchun rus tili ona tili, aksariyat odamlar ikki va hattoki uch davlat (Moldova, Ukraina va Rossiya) fuqarosi. Tan olinmagan respublikaning hattoki o‘z valutasi bor — dnestrbo‘yi rubli.

XVIII asrda bu hudud Rossiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan, hudud Rossiya va Usmoniylar imperiyasi o‘rtasidagi Yass sulhiga ko‘ra ruslarga o‘tgan. DMRning hozirgi hududlaridan bir qismi bir paytlar Turkiya qo‘l ostida bo‘lgan. XX asr mobaynida hududda sanoat rivojlanishi fonida SSSRning boshqa respublikalaridan bu yerga rus tilida gaplashuvchi aholi ko‘chib o‘tgan.

O‘shanda moldovan tili shakllantirilishi boshlangan