Jahon | 12:02 / 13.03.2024
5684
3 daqiqa o‘qiladi

Kishinyov Dnestrbo‘yida saylov uchastkalari ochilgani uchun Moskvaga norozilik bildirdi

Moldova hukumati fikricha, Rossiyaning Dnestrbo‘yida ularning roziligisiz saylov uchastkalarini ochishi mamlakat suverenitetiga putur yetkazadi.

Foto: Sputnik / Osmatesco

Moldova Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning mamlakatdagi elchisi Oleg Vasnetsovga tan olinmagan Dnestrbo‘yida Rossiya prezidenti saylovi uchun saylov uchastkalari ochilgani yuzasidan norozilik bildirdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi 12 mart, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkauntida ma’lum qildi. 

Moldova Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, «Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi» (DMR) hududida saylov uchastkalarining ochilishi «xalqaro huquqni buzadi, Moldova suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazadi». Bayonotda, shuningdek, vazirlik hozirda «qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rib chiqayotgani» aytilgan. 

Rossiyaning Moldovadagi elchisi Oleg Vasnetsov Kishinyovdagi Tashqi ishlar vazirligi binosidan chiqib ketar ekan, mamlakatdagi diplomatik vakolatxonaning vazifasi hududda yashovchi 250 mingga yaqin Rossiya fuqarolari manfaatlarini himoya qilish ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Dnestrbo‘yida uchastkalar ochish g‘oyasidan voz kechmaydi. 

Avvalroq «Interfaks» Dnestrbo‘yi OAVga tayanib, tan olinmagan respublika hududida Rossiya prezidenti saylovida ovoz berish uchun oltita saylov uchastkasi ochilishi haqida xabar bergan edi. 

2018 yildagi saylovda ham Dnestrbo‘yida saylov uchastkalari ochilgan 

2018 yilda bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidenti saylovlarida Kishinyovning noroziligiga qaramay, tan olinmagan Dnestrbo‘yida ham saylov uchastkalari ochilgan edi. Hammasi bo‘lib, Moldova hududida ularning 27 tasi bor edi, 24 tasi - «DMR»da. O‘shanda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 74 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi ovoz berdi, ularning 95 foizdan ortig‘i Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatladi.

Dnestrbo‘yi va Gagauziya Moskvadan yordam so‘radi 

Fevral oyi oxirida tan olinmagan Dnestrbo‘yining «barcha darajadagi deputatlar kongressi» Rossiya Federatsiya kengashi va Davlat dumasiga «Moldova bosimi sharoitida Dnestrbo‘yini himoya qilish choralarini ko‘rishni so‘rab» rasman murojaat qildi. 

«DMR»dan keyin Moldovaning yana bir viloyati - Gagauziya muxtoriyati ham xuddi shunday murojaat bilan chiqdi. Uning rahbari Yevgeniya Gutsul mart oyi boshida Rossiyaga tashrif buyurib, u yerda Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko va prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Shuningdek, u Rossiya hukumatidan yordam so‘ragan va mintaqa aholisiga mamlakat markaziy organlari tomonidan zulm qilinayotganidan shikoyat qilgan. 

Mavzuga oid