O‘zbekiston | 11:46 / 14.01.2019
14994
5 daqiqa o‘qiladi

Paxta va boshoqli don mahsulotlari yetishtirish uchun mineral o‘g‘itlar hamda yoqilg‘i moylash mahsulotlari narxi cheklangan darajasi belgilanadi

Foto: Alamy

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2019 yilda paxta va boshoqli don mahsulotlari yetishtirish uchun talab qilinadigan mineral o‘g‘itlar hamda yoqilg‘i moylash mahsulotlari narxini cheklangan darajasini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mineral o‘g‘itlarni birja savdolaridagi narxini hamda oxirgi iste'molchi bo‘lgan paxta va boshoqli don mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga sotiladigan chakana narxini cheklangan darajasi bo‘yicha bergan takliflari tasdiqlanishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha, 2019 yilning 1 yanvaridan 31 dekabrigacha mineral o‘g‘itlarni birja savdolaridagi narxi hamda oxirgi iste'molchi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga sotiladigan chakana narxi mazkur qaror ilovasida belgilangan cheklangan darajasidan oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu talabni buzgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov, A.S.Sultonov, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

2019 yil 1 yanvardan boshlab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi va ularni yakuniy iste'molchiga yetkazib beruvchi korxonalarning xarajatlarini belgilangan me'yorlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalar narxlari va “Agrokimyoximoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining ustamalarini narxlarni tartibga soluvchi organda deklaratsiya qilinishini;

keltirilgan narxlarning cheklangan darajasiga deklaratsiya qilingan narxlar asosida tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.S.Sultonov, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni to‘liq quvvat bilan ishlashini, ular tomonidan ishlab chiqarish xarajatlarini, birja savdolariga qo‘yiladigan boshlang‘ich narxlarini hamda “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari xarajatlarini va ular tomonidan mineral o‘g‘itlarni yakuniy iste'molchiga yetkazib beriladigan cheklangan chakana narxlarini sun'iy ravishda oshirib yubormaslik choralarini ko‘radi.

 

“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati 2019 yil yakuniga qadar davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga dizel yonilg‘isini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan belgilangan chakana narxlarda yetkazib berilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash Jamg‘armasi, “Agrobank” ATB, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga talab qilinadigan moddiy resurslar uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni to‘liq ajratilishini hamda fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 28 fevraldagi 149-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va A.S. Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari R.N. Rahmatov hamda qishloq xo‘jaligi vaziri B.T.Yusupov zimmasiga yuklanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid