O‘zbekiston | 20:40 / 21.04.2026
2123
4 daqiqa o‘qiladi

Renovatsiya qonuni: mulkdorlar huquqi to‘liq ta’minlanadimi?

O‘zbekistonda eskirgan ko‘p kvartirali uylarni buzib, o‘rniga yangilarini qurishga oid qonun imzolanish arafasida turibdi. 80 foiz mulkdorning roziligi haqidagi modda – bu qonunning eng muhokamali jihatlaridan biri. Kun.uz tashkil etgan suhbatda Adliya vazirligining aniqlik kiritishicha, 80 foizlik norma boshqa masalaga oid; buzish boshlanishidan oldin 100 foiz mulkdor bilan kelishilishi shart.

Kuni kecha Urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev renovatsiya jarayonlari haqida gapirarkan, buning uchun 80 foiz mulkdorlarning roziligi yetarli bo‘lishini aytib o‘tdi. Bu raqam Senat ma’qullovidan o‘tgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunda ham ko‘rsatilgan.

Ayni mavzu yuzasidan Kun.uz tashkil qilingan suhbatda Adliya vazirligi vakili bu masalaga qo‘shimcha aniqlik kiritdi. Vazirlikning Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Xidirali Sodiqovning aytishicha, 80 foiz rozilik – bu faqat renovatsiya taklifi keyingi bosqichga o‘tishi uchun kerak. Renovatsiyani amalga oshirishda esa 100 foiz mulk egalarining roziligi olinishi belgilangan.

“Bu yerda tushunmovchilik bo‘ldi, ya’ni 80% bu faqatgina taklif o‘tishi uchun kerak, rozilik esa 100% olinadi. Biror odam uyi buzilayotganidan norozi bo‘lsa, buzib yuborilmaydi-ku. Hujjat Senatda o‘zgarib qoldimi, degan fikrlar ham bo‘lyapti, axir bu imkonsiz. Senat qonun loyihasini o‘zgartirolmaydi, yo qabul qiladi yoki qaytaradi”, deydi u.

Hidirali Sodiqov renovatsiya qonunida belgilangan 80 foizlik chegara – qolgan 20 foiz mulkdorlarning mulk huquqiga zidligi haqida gapirarkan, ushbu normani Konstitutsiyaning 21-moddasi bilan asosladi. Bu moddaga ko‘ra, inson o‘z huquqlarini (bu o‘rinda, mulk huquqini) amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart.

“Aytalik, siz avariya holatida deb topilgan ko‘p qavatli uyda turasiz. Siz “yo‘q, men shu uyda yashayman, bu mening mulkim” deganingiz bilan, bo‘lmaydi. Ertaga biror narsa bo‘lsa, qo‘shni xonadondagi uylarga ham zarar yetadi. Ya’ni siz o‘z mulk huquqingizdan foydalanishingiz – boshqalarning huquqlariga putur yetkazmasligi kerak”, – deya tushuntirdi adliya rasmiysi.

Suhbatda qatnashgan Urbanizatsiya qo‘mitasi vakillariga ko‘ra, renovatsiyaga tushgan xonadonlar mulkdorlariga kompensatsiya bozor bahosi asosida to‘lanadi.

“Hamma narsaning bahosi bor, mustaqil mulkni baholash kompaniyalari ishlaydi va narxni chiqaradi. Ko‘p uy-joy egalari qimmat narxda kelishuv qilgisi keladi, lekin xalqaro tajribani ham unutmaslik kerak”, deydi qo‘mita boshqarma boshlig‘i Artyom Kreskas.

Shaharsoz Murodxon Usmonov renovatsiyani chuqur tahlil bilan olib borish va muhandis tarmoqlariga yuklamani inobatga olish kerakligini urg‘uladi.

“Avvalo, tahlil qilib, mutaxassislarga quloq tutish kerak. Masalaning muhandislik jihatlari e’tibordan chetda qolmasligi zarur. 3 qavatli binoni buzib, o‘rniga 10 qavatli uy qurish – mavjud muhandislik tarmoqlariga umuman to‘g‘ri kelmaydi”, deydi u.

Shaharsozning qo‘shimcha qilishicha, renovatsiya shaharning umumiy qiyofasiga qanday ta’sir qilishi – eng muhimi.

Fikr bildirganlarning qo‘shimcha qilishicha, renovatsiyaning asosiy maqsadi – oldingidan qulay, zamonaviy, bahavo hamda ilg‘or yechimlar bilan qurilgan bino-obektlarni barpo qilish bo‘lishi kerak.

Suhbatni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid