Iqtisodiyot | 07:33 / 22.08.2025
7712
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonning ikki tumani «Tashabbusli budjet» 2-mavsumidan chetlatildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlarida loyihalarni saralash bosqichida amaldagi mezonlarga rioya etilmaganini aniqladi.

Foto: Kun.uz

Andijon viloyatining Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlaridagi loyihalari «Tashabbusli budjet»ning 2-mavsumida ishtirok etmaydi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, loyihaning 2-mavsumi doirasida fuqarolardan jami 22263 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shulardan 18656 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.

Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlarida esa loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilgan. Aniqlanishicha, Ulug‘nor tumanida jami 73 ta loyiha kelib tushib, shundan faqat 13 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tgan. Ammo 60 ta loyiha hech qanday asossiz yoki sabablari tushuntirilmagan holda rad etilgan.

Shu kabi holat Oltinko‘l tumanida ham kuzatilgan. Bu hududdan 116 ta loyiha kelib tushgan bo‘lsa, shundan 22 tasi ovoz berishga o‘tkazilgan, 94 ta loyiha esa asoslantirilmagan holda rad etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan vazirlik tomonidan amaldagi qonunchilikda belgilangan mezonlarga asosan loyihalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan xat yuborilgan bo‘lsa-da, tuman ichki komissiyalari tomonidan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanmagan.

«Loyihalarni saralash bosqichida amaldagi mezonlarga rioya etilmaganini inobatga olib, fuqarolardan kelib tushgan shikoyat va e’tirozlar asosida Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlarida «Tashabbusli budjet»ning 2-mavsumi doirasida loyihalarga ovoz berish bosqichi o‘tkazilmaydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid