Jamiyat | 12:10 / 10.10.2024
39985
10 daqiqa o‘qiladi

200 ming so‘mlik ijara va uch o‘lim: Namangandagi maktab o‘quvchisi sodir etgan ayanchli avtohalokat tafsilotlari

2 oktyabr kuni Namangan shahrida yuz bergan mudhish avariya barchani dahshatga soldi - 5 nafar o‘quvchi ijaraga olgan Gentra mashinasida yuqori tezlikda harakatlanib yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, yuk mashinasiga urildi, uch bola vafot etdi. Bu shu yilning o‘zida Namangan shahrida maktab o‘quvchilari ijaraga olgan mashinada sodir bo‘lgan to‘rtinchi avariyadir. Ularning barchasi o‘lim bilan tugagan.

Kun.uz muxbiri baxtsiz hodisa bilan bog‘liq tafsilotlarni o‘rganish uchun Namangan shahrida bo‘lib YTHda vafot etgan o‘quvchilarning yaqinlari, kasb-hunar maktabi o‘qituvchilari hamda shifokorlar bilan suhbatlashdi.

Ayanchli yakun topgan avtohalokatda Namangan shahridagi 1-sonli kasb-hunar maktabi o‘quvchilari Ayubxon Akramov, Musoxon Olimov hamda 10-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Isoxon Karimovlar vafot etgan.

Rasmdan o‘ngda Musoxon Olimov, chapda Ayubxon Akramov

 

Rasmdan chapda marhum Isoxon Karimov

Avtomashinani boshqargan Akramjon Nuriddinov reanimatsiya bo‘limidan “palata”ga olib chiqilgan.

Akramjon Nuriddinov

Yana bir YTH ishtirokchisi Abdulaziz Hakimjonov esa jonlashtirish bo‘limida qolmoqda.

Abdulaziz Hakimjonov

RShTYoIM Namangan filiali Bolalar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri Dilmurod Mamadaliyevning aytishicha, o‘quvchilar mashina ijara olib boshqarishi oqibatida ko‘plab o‘lim holatlari sodir bo‘lyapti.

Dilmurod Mamadaliyev

“2 oktyabr kuni soat 11:30 larda Bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga 5 nafar voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari yo‘l-transport hodisasi oqibatida olingan tan jarohatlari bilan og‘ir ahvolda olib kelindi. Ulardan biri biologik o‘lim holatida edi, qolgan 4 nafari og‘ir darajadagi bosh va ko‘krak suyagi shikasti, qorin va oyoq-qo‘llardagi og‘ir darajali shikastlanishi bilan qabul qilindi.

2 nafari tibbiy yordamlar foyda bermasdan vafot etdi. Ikki nafar jabrlanganlarning ahvoli normal holatga kelgan. Bir nafar bola jarrohlik bo‘limiga, boshqasi bolalar anesteziologiya markaziga joylashtirildi.

Bunday holat shu yilning o‘zida shifoxonamizda to‘rtinchi marta takrorlanyapti. So‘nggi vaqtlarda voyaga yetmagan bolalar tomonidan transport vositalarini boshqarish holati ancha ko‘paygan”, deydi shifokor.

Namangan shahridagi 1-son kasb-hunar maktabiga borib marhum o‘quvchilar haqida surishtirdik. Maktab ma’muriyatiga ko‘ra, YTHda vafot etgan Olimov Musoxon hamda avtomashinani boshqargan va hozirda shifoxonada qolayotgan Akramjon Nuriddinovlar sababsiz dars qoldirgani uchun 2024 yilning 2 aprelida o‘quvchilar safidan chiqarilgan ekan.

Baxtsiz hodisa paytida voqea joyida vafot etgan Ayubxon Akramov esa mudhish hodisa sodir bo‘lgan kuni darsga kelmagan.

Instagram’ga video olaman deb telefonga chalg‘ib mashinani boshqara olmay qolgan...

Marhamat Ibragimova,  vafot etgan o‘quvchilarning sinf rahbari

“Ayubxon Akramov darslarga qatnashayotgan edi. Ammo 2 oktyabr kuni darsga kelmadi, qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildim, javob bermadi. Keyin avtohalokatga uchragani haqida eshitdik. Taxminan soat 12:30 larda Ayubxon vafot etgani haqida xabar keldi. Olimov Musaxon shu yilning 2 aprelida o‘qishdan chetlatilgan edi. Ammo ular ko‘chada ko‘rishib yurishar ekan. Voqea joyida ikkisi ham bo‘lgan. Akramjon Nuriddinov ham vaqtida o‘qishga kelmagani sababli o‘qishdan chetlatilgandi. Ular mashinani ijaraga olib, Instagram’ga video joylash uchun ko‘chada tezlikni oshirgan holda yurishar ekan. Mashina boshqargan o‘quvchi ijtimoiy tarmoqqa video olaman deb telefonga chalg‘ib mashinani boshqara olmay qolgan”, deydi Marhamat Ibragimova.

O‘lgan o‘quvchilar maktabdan haydalgan edi, buyrug‘i qo‘limda...

Ikromjon Rustamov, kasb-hunar maktabi direktor o‘rinbosari

“Akramjon Nuriddinov, Ayubxon Akramov, Musaxon Olimovlar 2 oktyabr sanasida avtohalokatga uchragani haqida xabar eshitdik. Musaxon Olimov va Akramjon Nuriddinovlar Vazirlar Mahkamasining 466-sonli qaroriga muvofiq 72 soatdan ko‘p dars qoldirgani uchun 2024 yil 2 apreldan o‘quvchilar safidan chetlashtirilgandi. Ayubxon Akramovning o‘zi maktabimizda o‘qiyotgan edi.

Va qaytadan birinchi kursda o‘qisagina o‘qishni tiklashi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi”, deydi kasb-hunar maktabi direktor o‘rinbosari Ikromjon Rustamov.

YTHda vafot etgan Isoxon Karimov haqida ma’lumot olish uchun u o‘qigan 10-maktabda bo‘lib o‘qituvchilar bilan suhbatlashdik.

Ismi sir qolishini iltimos qilgan direktor o‘rinbosariga ko‘ra, Isoxon Karimov 2 oktyabr kuni darsga kech qolib kelgan. Darslari tugagach, mahalladoshlari Gentra'ga solib maktabdan olib ketishgan.

200 ming so‘mga ijaraga olingan mashinani deb o‘g‘limdan ayrildim...

Marhum Isoxon Karimovning otasi

“Mudhish voqea haqida soat 12:00 larga eshitdik. 3 o‘g‘il va 1 qiz otasi edim. Isaxon kenja o‘g‘lim edi. To‘ng‘ich o‘g‘lim telefon qilib katta ko‘chada 5 nafar bola halokatga uchrabdi dedi. Yuragim bir bejo bo‘lgandi. Keyin bilsak o‘sha bolalardan biri kichik o‘g‘lim ekan. Voyaga yetmaganlarga ijaraga mashina berayotganlar ozroq o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi tepadagilar. 200 ming so‘mga mashinani shunchaki ijaraga berib yuborib, bolalarning ham hayotini tahlikaga qo‘yishmoqda. Hammasidan ko‘ra onasiga qiyin bo‘ldi. O‘zi kasalmand edi. Voqeadan keyin bemorligi oshdi”.

Surishtiruv davomida kasb-hunar maktabi rahbariyati Musoxon Olimov va Akramjon Nuriddinovlar ko‘p dars qoldirganliklari uchun o‘quvchilar safidan chetlashtirilgani haqida ko‘rsatma berishib hatto o‘sha buyruq aslini taqdim etishgandi. Biroq marhum o‘quvchilar yaqinlariga ko‘ra, ular kasb-hunar maktabida o‘qiyotgan bo‘lgan. Maktab ma’muriyati javobgarlikdan qochish uchun YTHdagi o‘limdan so‘ng tezkorlik bilan soxta buyruq tayyorlashgan.  

O‘qiyotgan o‘g‘limni haydalganga chiqarishdi...

Marhum Musoxon Olimovning otasi

“Voqea sodir bo‘lishidan bir oz oldin qizim bilan mashinada ketayotgan edik. To‘satdan avtohalokatga ko‘zimiz tushdi. Ichimda bu halokatga uchragan insonlar tirik qolmagan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Chunki Lacetti yuk mashinasining tagiga kirib ketgan edi. Birozdan keyin esa Ayubxon avtohalokatga uchradi deb telefon qilishdi. Lacetti’da emasmidi, deb so‘radim. Rostdan shunday bo‘lib chiqdi. 5 o‘rtoq mashina ijaraga olishgan ekan.

Shifoxonaga borganimda o‘g‘lim Musoxon vafot etgan ekan, ertasi kuniga Isoxon ham vafot etdi. Isoxon ham mening jiyanim.

O‘g‘lim o‘qiyotgan kasb-hunari maktabi o‘qituvchilari javobgarlikdan qochish uchun o‘qiyotgan o‘g‘limni haydalganga chiqarishdi.

Voyaga yetmaganlarga hech qanday hujjatlarni talab qilmasdan ijaraga mashina berish bu juda yomon holat. Pul uchun bu ish qilingan bo‘lsa, mana 3 yil ichida 16 ta voyaga yetmaganlar bilan shu hol takrorlangan. Bu uchun nazoratni kuchaytirish kerak. Qandaydir radar yoki nazorat qiluvchi shaxs qo‘yish kerak. Shunda bu voqealarning urchib ketishi oldi olinar edi. Shu ishni qilayotgan odamlarning ham bolasi bordir?”

“Prava”siz bolalarga mashina bergan jazolanishi shart...

Olimjon Akramov, marhum Ayubxon Akramovning bobosi

“Nabiram, Akramov Ayubxon 2 oktyabr kuni kollejga ketgan edi. Ko‘chada o‘rtoqlari bilan birga 5 kishi ijaraga mashina olishgan va shu mashinada avtohalokatga uchrashgan. Nabiram mashinaning birinchi o‘rindig‘ida o‘tirgan ekan va voqea joyida vafot etgan. Mashinaning asl egasi ayol kishi bo‘lganini ta’ziyaga kelgan odamlardan bildik. O‘sha mashinani ayoldan ijaraga olgan bir yigit nevaralarimga 200 ming so‘m evaziga 2 soatga ijaraga bergan ekan. Oilamiz uchun bu juda katta musibat bo‘ldi. Va voyaga yetmagan, haydovchilik guvohnomasi yo‘q bolalarga mashinani topshirib qo‘ygan odamni albatta jazolash shart. Zora shu orqali barcha haydovchi yoki ijaraga mashina beruvchilar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi.

Marhum kursdoshlarim o‘qishdan haydalmagandi...

“Namangan shahar 1-sonli kasb-hunar maktabi talabasiman. Ayubxon, Musoxon, Akram kursdoshlarim. Bir kollejda o‘qiymiz, faqat boshqa guruhlarda. Shu voqea bo‘lishidan 3 kun oldin o‘rtog‘imni ko‘rgan edim. Bu bolalar bilan 2 yil oldin tanishganmiz. Ayubxon va Akramjonlar darsga qatnashardi. Musoxon va Akramni o‘qishdan haydalgan deyishyapti, lekin ularning hammasi kollejga kelib turishar edi”, dedi ismi sir qolishini iltimos qilgan marhum o‘quvchilarning kursdosh do‘stlaridan biri.

Holat yuzasidan Namangan shahar IIB Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gentra avtomashina egasi boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositasini topshirganligi yuzasidan ham tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov

Mavzuga oid