Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATOning AQShsiz kelajagi: Yevropada yangi reja muhokamada
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Yevropa mamlakatlari NATOning mavjud tuzilmalaridan foydalangan holda AQSh ishtirokisiz ham alyansning jangovar qobiliyatini saqlab qolish bo‘yicha norasmiy muzokaralar olib bormoqda.
Foto: dpa
Gap, jumladan, yadroviy tiyib turish tizimi va alyans harbiy tuzilmalarini boshqarish masalalari haqida ketmoqda. Nashr ma’lum qilishicha, bunday ehtimoliy ssenariylarni tahlil qilish o‘tgan yili boshlangan, ammo Berlin pozitsiyasi o‘zgargach, jarayon keskin tezlashgan.
Germaniya uzoq yillar davomida Fransiyaning Yevropaning mudofaa suverenitetini kuchaytirish haqidagi chaqiriqlariga ehtiyotkorona yondashib kelgan. Reuters’ning fevral oyidagi tahliliga ko‘ra, Yevropa davlatlari oxirgi oylarda AQShga qaramlikni kamaytirish yo‘llarini faolroq muhokama qila boshlagan, ammo Germaniyaning yangi yondashuvi bu jarayonga alohida turtki bergan.
WSJ xabariga ko‘ra, kansler Fridrix Mers 2025 yil oxirida o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqqan. Bu qarorga Donald Trampning NATOga munosabati, Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi va AQShning uzoq muddatli ishonchli ittifoqchi bo‘lib qolishiga doir shubhalar sabab bo‘lgan. Nashrga ko‘ra, Mersni ayniqsa Trampning Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha bayonotlari va NATO doirasida aniq qadriyatlarga tayanmaydigan siyosiy yondashuvi tashvishga solgan.
Shu bilan birga, Mers ommaviy bayonotlarida NATOning o‘zi Yevropa xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ham ta’kidlab kelmoqda. Reuters 9 aprel kuni u “NATO bo‘linib ketishini istamaymiz” deganini keltirgan.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, reja ustida ishlayotgan amaldorlar ba’zan bu g‘oyani shartli ravishda “Yevropacha NATO” deb atamoqda. Bu yondashuv yangi muqobil alyans tuzishni emas, balki NATOning amaldagi tuzilmalarini saqlab qolgan holda, operativ boshqaruvda yevropaliklar ulushini oshirishni nazarda tutadi. Hozirgacha NATO harbiy tuzilmalarida asosiy rahbarlik roli ko‘p jihatdan amerikaliklar qo‘lida bo‘lgan.
Norasmiy uchrashuvlarda havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini kim boshqarishi, Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlariga qo‘shimcha kuchlarni yetkazish koridorlari, ta’minot yo‘nalishlari va yirik harbiy mashqlar kabi aniq masalalar muhokama qilinmoqda. Yana bir o‘ta nozik masala — AQShning yadroviy “qalqoni” o‘rnini Yevropa mexanizmi bilan to‘ldirish ehtimoli. WSJ’ga ko‘ra, Mers bu mavzuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muhokama qilishni boshlagan.
WSJ xabariga ko‘ra, Germaniya pozitsiyasining o‘zgarishi kengroq konsensus yuzaga kelishida muhim omil bo‘lgan. Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shimoliy Yevropa davlatlari va Kanada NATOni “yevropalashtirish” g‘oyasini alyans ichidagi bir turdagi “ko‘ngillilar koalitsiyasi” sifatida ko‘ra boshlagan. Bu yondashuvning maqsadi — AQSh ishtirokini qisqartirgan taqdirda ham NATOning ishlash qobiliyatini saqlab qolish.
Bu qarash Yevropada alohida armiya yaratish g‘oyasi bilan bir xil emas. Masalan, Reuters 15 aprel kuni Portugaliya alohida “Yevropa armiyasi” g‘oyasini rad etgani, ammo NATO doirasida modernizatsiya tarafdori ekanini xabar qildi. Bu Yevropa ichida ham yondashuvlar turlicha ekanini ko‘rsatadi.
WSJ va Reuters materiallariga ko‘ra, bu muhokamalar Donald Trampning NATOga nisbatan tanqidlari va AQShning alyansdagi roliga doir keskin bayonotlari fonida kuchaygan. Reuters mart oyida Yevropa davlatlari Trampning tashqi siyosiy yondashuvi sabab AQShga mudofaa sohasida kamroq bog‘lanish yo‘llarini izlayotganini yozgan.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa 9 aprel kuni qilgan chiqishida “kuchliroq Yevropa — kuchliroq NATO ichida” bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Bu bayonot Yevropa rolining oshishi alyansdan ajralib chiqish emas, balki uning ichida mas’uliyatni ko‘proq bo‘lishish sifatida ko‘rilayotganini anglatadi.
Mavzuga oid
09:48 / 14.04.2026
Mojar: Vengriya Ukraina uchun 90 mlrd yevroni bloklamaydi
09:30 / 10.04.2026
Tramp NATOdan noroziligini bildirib, Grenlandiyani esladi
09:10 / 09.04.2026
AQSh NATOdagi a’zoligini qayta ko‘rib chiqishi mumkin
09:17 / 06.04.2026