Prezident Donald Tramp NATO boş kotibi Mark Ryutte bilan uçraşuvda AQŞning alyansdan çiqişi ehtimolini muhokama qilmoqçi.

«Öylaşimça, prezident bu masalani bir neça soatdan söng boş kotib Ryutte bilan muhokama qiladi», — dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 8 aprel, çorşanba kuni Vaşingtonda. Uning aytişiça, Tramp Ryutte bilan «juda oçiq va xolis suhbat» ötkazmoqçi.

Livitt Trampning ittifoqçilar AQŞni Eron bilan uruşda yolğiz taşlab qöygani haqidagi ayblovini takrorladi. Uning sözlariga köra, NATO «sönggi olti hafta içida Qöşma Ştatlardan yuz ögirdi». Şuningdek, u NATO bu sinovdan «öta olmaganini» aytdi. Tramp Yevropa ittifoqçilari AQŞga Hörmuz böğozini yana kema qatnovi uçun oçişda yordam berişni istamayotganidan bir neça bor norozilik bildirgan.

Bundan avval Tramp va davlat kotibi Marko Rubio Eron bilan uruş tugaganidan keyin AQŞning NATOdagi a’zoligini qayta körib çiqiş niyati borligini e’lon qilgan edi. Keyinçalik Mark Ryutte har ikki tomon pozitsiyasini tuşunişini bildirgan. U Tramp va Şimoliy Atlantika alyansining boşqa a’zolari örtasida vositaçi sifatida qaraladi.

NATO vakilining sözlariga köra, Ryutte va Tramp «xavfsizlik sohasidagi joriy vaziyat»ni ham muhokama qilişni rejalaştirgan. Bu mavzular qatorida «Eron masalasi, şuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarşi davom etayotgan tajovuzkor uruşi» ham bor. Xabar qilinişiça, kun tartibidagi yana bir masala — mudofaa sanoati sohasida transatlantik hamkorlikni yanada çuqurlaştirişdan iborat.