O‘zbekiston | 21:28 / 26.06.2020
8208
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni bo‘yicha respublikada 1-o‘rinda ekani ma'lum bo‘ldi

2020 yilning o‘tgan 5 oyidagi holatga ko‘ra, Toshkent shahrida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilishi bo‘yicha respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilmoqda.

26 iyun kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi a'zolari ishtirokidagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Majlisda qayd etilishicha, 2020 yilning 5 oyi mobaynida Toshkent shahrida 2906ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 41,4 foizi ichki ishlar xodimlarining sa'y-harakatlari natijasida aniqlangan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz yaxshilangan.

«Biroq oldini olish mumkin bo‘lgan ayrim jinoyatlar o‘z vaqtida bartaraf etilmagan, natijada shu kabi 1703ta jinoyat sodir etilib, 100 ming aholiga nisbatan 65ta jinoyat to‘g‘ri kelmoqda. Bu – respublika ko‘rsatkichidan ikki baravar ko‘pdir.

Bundan tashqari, shaharda 896ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat qayd etilgan bo‘lib, respublikada salbiy birinchi o‘rinni egallagan.

Mahalla hududida sodir etilgan 1245ta jinoyatning jami jinoyatga nisbatan salmog‘i 43 foizni tashkil etib, shu turdagi jinoyatlar ham respublikada salbiy 1-o‘rinni qayd etgan», dedi senator Farhod Boqiyev.

Bildirilishicha, poytaxtda 2020 yilning 5 oyida jami qotillik jinoyatlarining 9tasi yoshlar, 4tasi xotin-qizlar, 3tasi ilgari sudlanganlar tomonidan, 8tasi mast holda hamda 14tasi o‘tkir tig‘li jismdan foydalangan holda sodir etilgan.

Majlis davomida alohida shug‘ullanishni talab etuvchi guruhlar o‘rtasidagi jinoyatchilik ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berildi.

«Ayrim toifadagi shaxslar o‘rtasida profilaktik tadbirlar lozim darajada tashkil etilmagani bois 26 nafar voyaga yetmaganlar, 22 nafar maktab o‘quvchilari, 154 nafar xotin-qizlar, 452 nafar yoshlar, 529 nafar ishsizlar, 244 nafar muqaddam sudlanganlar tomonidan jinoyat sodir etilgan. Xususan, bu ishlar Mirzo ulug‘bek, Yashnobod va Sergeli tumanlarida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Poytaxtda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning har yettinchisi o‘g‘rilik, har beshinchisi esa firibgarlik kabi jinoyatlarni tashkil etgan.

Probatsiya guruhi nazoratida turib jazoni o‘tayotgan 46 nafar shaxs jazoni ijro etishdan bo‘yin tovlab, ayrim xorijiy mamlakatlarga yoki respublikaning boshqa hududlariga qochib ketgan», dedi senator.

Mavzuga oid