O‘zbekiston | 22:43 / 03.06.2024
10712
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida muhim farmonni imzoladi

Hujjat bilan bir nechta kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, farmon qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

O‘zbekiston prezidenti 3 iyun kuni “Bozor islohotlarini yanada jiddiylashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmon imzoladi.

Farmon bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish choralari belgilangan. Hujjat 4 iyun kuni rasman e’lon qilinadi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, bu hujjat mamlakat rahbariyatining jiddiy va murakkab islohotlar yo‘lida shahdam qadam tashlayotganini ko‘rsatadi.

“Farmon qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi.

Biz Jahon Savdo Tashkilotining eng asosiy shartlaridan biri – barcha uchun teng va erkin raqobat sharoitini yaratish prinsipiga amal qilgan holda, mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida qarori qat’iy ekanini yana bir bor namoyish qilmoqdamiz”, – deya yozdi Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida.

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, farmon bilan qator monopolistlarning bir necha o‘n yillar amal qilgan va avvalgi epoxadan qolgan, keyinchalik yangi davrda kuchaygan qator eksklyuziv vakolat va huquqlari bosqichma-bosqich bekor bo‘lmoqda.

“Shuningdek, tariflarni birxillashtirish, notarif cheklovlar va turli preferensiyalardan voz kechish ko‘zda tutilgan.

Davlat xaridlarida sog‘lom raqobat muhitini rag‘batlantirish maqsadlarida jiddiy qadamlar qo‘yilishi belgilangan”, – deya yozdi Bakirov.

Mavzuga oid