Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Oreshnik” orqali aytilgan gap: Rossiya nimadan xavotirda? | “Geosiyosat”
Rossiyaning “Oreshnik” raketasi bilan bergan zarbasi jang maydonidan tashqarida ham aks sado berdi. Tahlilchilarga ko‘ra, dunyo Rossiyaning yadroviy qudratini yaxshi biladi. Moskvaning asosiy tayanchi iqtisodiyot yoki demografiya emasligi ham ayon. Shunday fonda Putinning “Oreshnik”ni yana ishga solishi Moskvaning asabiyligidan darak beradi. Biroq barcha tahlilchilar ham bir xil fikrda emas.
Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar ushbu mavzuga turlicha pozitsiyadan nazar solishdi.
Rossiyaning “Oreshnik” zarbasi front va diplomatik maydonda nimani o‘zgartirdi?
Bektosh Berdiyev: Voqealar rivojiga e’tibor qaratilsa, zarbadan keyingi kuni Lviv shahri meri Andrey Sadoviy o‘zining Telegram-kanalida bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, raketa taxminan 13 ming kilometr tezlikda uchgan va “o‘ta yuqori tezlikka ega” bo‘lgan. Sadoviyning ta’kidlashicha, ushbu raketani tutib qolish amalda imkonsiz bo‘lgan. Zarba Lviv viloyatida, NATO va Yevropa Ittifoqi chegaralaridan qariyb 70 kilometr masofada joylashgan hududga yo‘naltirilgan. Shundan so‘ng Lviv viloyati harbiy ma’muriyati ham rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, zarbalar mintaqa uchun muhim bo‘lgan tanqidiy infratuzilma obektlariga qaratilgan. Rossiyaning asosiy nishoni yirik gaz saqlash majmuasi bo‘lgan, biroq u to‘liq vayron qilinmagan. Shunga qaramay, boshqa muhim obektlar ishdan chiqqan va ayrim hududlarda gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Rossiya tomoni bu hujumni Novgorod viloyatidagi Vladimir Putinning rezidensiyasiga qilingan dron zarbasiga javob sifatida talqin qildi. Ukraina esa bu izohni rad etdi. Kiyev rasmiylari mazkur hujumni tinchlik muzokaralariga tayyorgarlik jarayonida Rossiyaning ataylab keskinlikni oshirishga qaratilgan harakati sifatida baholadi va BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirish niyatini bildirdi. Diplomatik maydonda bu voqea Yevropada jiddiy rezonans uyg‘otdi. Jumladan, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha yetakchi vakillaridan biri Kaya Kallas intervyusida “Oreshnik” raketasi bilan amalga oshirilgan zarbani Rossiya tomonidan tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning qo‘pol buzilishi sifatida baholadi. Shu bilan birga, ekspertlar bu hujum orqali Moskva ikki asosiy signalni berishga harakat qilganini ta’kidlamoqda. Birinchidan, Rossiya NATO va Yevropa Ittifoqi chegaralariga yaqin hududlarga ham zarba bera olish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatdi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Dnepr yo‘nalishida “Oreshnik” raketasidan ilk bor foydalanilgan va Vladimir Putin bu raketaning 1000 kilometrdan 5500 kilometrgacha bo‘lgan masofaga zarba bera olishini ma’lum qilgan edi. Ikkinchidan, bu hujum Rossiyaning harbiy salohiyati hanuz yuqori ekanini namoyish etishga qaratilgan siyosiy-psixologik xabar sifatida talqin qilinmoqda. Ko‘plab tahlilchilarga ko‘ra, Ukrainaning Yevropaga yaqin ichki hududlariga berilgan zarba Yevropa davlatlariga ham bilvosita ogohlantirish bo‘lib, “Rossiya hali ham yetarli qudrat va imkoniyatlarga ega” degan signalni o‘z ichiga oladi.
Shuhrat Rasul: Hozirgacha “Oreshnik” raketasi atigi bir necha marta qo‘llangan. Oxirgi uchirishdan oldingi holat taxminan bir yil avval sodir bo‘lgan. Shundan buyon bu quroldan foydalanilmagani Rossiya ixtiyorida uning soni cheklanganini ko‘rsatadi. O‘sha paytdayoq mutaxassislar Rossiya arsenalida “Oreshnik” raketalarining soni ko‘pi bilan to‘rt-besh dona bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Oraliq davrda Ukraina tomoni Kapustin Yar poligonida joylashgan “Oreshnik” raketalaridan biri uchirish jarayonida diversiya yo‘li bilan portlatilganini ma’lum qilgan. Har qanday holatda ham bu raketalarning katta zaxirasi mavjud emasligi ayon. Vladimir Putin bir necha bor “Oreshnik” raketalari seriyali ishlab chiqarilayotganini ta’kidlagan. Biroq “seriyali ishlab chiqarish” haqidagi bayonotlar real sanoat quvvatlari bilan mos kelmaydi. Hatto ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan taqdirda ham, Rossiya sanoati yiliga ko‘pi bilan yetti-sakkiz dona shunday raketa ishlab chiqara olishi mumkin. Sababi bu qurol nihoyatda qimmat va texnologik jihatdan murakkab. Oddiy yadrosiz variantining bahosi taxminan 40–50 million dollarni tashkil etadi. Agar raketa yadro kallagi bilan jihozlansa, uning umumiy qiymati 100 million dollardan ham oshadi. Texnik tasnifiga ko‘ra, “Oreshnik” o‘rta va uzoq masofaga uchuvchi raketalar sinfiga kiradi. Uning parvoz masofasi 500 kilometrdan 5500 kilometrgacha yetadi. Sovet Ittifoqi davrida shu toifaga mansub SS-20 raketalarining analoglari mavjud bo‘lgan va ulardan qariyb 1800 dona ishlab chiqarilgan edi. Hozirgi Rossiya sanoati esa na moliyaviy, na texnologik jihatdan shunday miqyosdagi ishlab chiqarishni ta’minlay olmaydi. Bu shuni anglatadiki, Rossiya bugungi sharoitda strategik qurollanish poygasida AQSh yoki NATO bilan teng raqobatlasha olmaydi. Mamlakat iqtisodiy ahvoli og‘ir, sanoat bazasi esa Sovet davridagi darajadan keskin pasaygan. Hatto yetarli mablag‘ mavjud bo‘lgan taqdirda ham, texnologik cheklovlar sabab ko‘plab murakkab qurollarni qayta ishlab chiqarish imkonsiz. Rossiya bu zarba orqali nimani ko‘rsatmoqchi edi? Rossiya Davlat Dumasidagi deputat, general Andrey Gurulyov bir muddat avval Rossiya tankerlarining Yevropada hibsga olinishi ortidan ochiq tahdid bilan chiqqan edi. U “Oreshnik” raketasi bilan Yevropaning bir necha poytaxtlariga, jumladan, London va Parijga zarba berish kerakligini aytib, keskin ritorika qo‘llagan. Bu bayonot jamoatchilikda keng rezonans uyg‘otgan edi. Shunga qaramay, Rossiya rasmiylari so‘nggi zarbani Yevropaga qarshi bevosita tahdid sifatida emas, balki Novgorod viloyatidagi Vladimir Putin rezidensiyasiga qilingan hujumga javob sifatida izohladi. Bu esa Moskvaning real imkoniyatlari va berilayotgan siyosiy signallar o‘rtasida jiddiy tafovut mavjudligini ko‘rsatadi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
15:24 / 02.04.2026
🔴 LIVE: Xitoyning taklifi va NATOdagi parchalanish | "Geosiyosat"
15:05 / 31.03.2026
🔴 LIVE: Trampga qarshi namoyishlar va Eron atrofida keskinlik | "Geosiyosat"
15:05 / 30.03.2026
Husiychilar omili: Isroil yangi front ochadimi?
23:04 / 28.03.2026