O‘zbekiston | 14:00 / 18.02.2022
7956
4 daqiqa o‘qiladi

“Qizil”ga tushgan tadbirkorlarning birja savdolaridagi ishtiroki cheklanishi mumkin, SSP bunga qarshi

Davlat soliq qo‘mitasi “yuqori xavf toifasi”ga tushib qolgan tadbirkorlarni birja savdolarida ishtirokini cheklash bilan jazolamoqchi. Savdo-sanoat palatasi bu tadbirkorni bitta xato uchun qayta-qayta jazolash deb baholadi va bunga qarshi chiqdi.

Foto: AP

Davlat soliq qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining “Soliq organlari tomonidan davlat organlari ma’lumotlar bazasidan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori (ID-56743) loyihasini ishlab chiqdi.

Savdo-sanoat palatasi qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilik ekspertizasi xulosasini taqdim etdi.

Tadbirkorlarga yangi jazo turi o‘ylab topilmoqda

Qaror loyihasida tadbirkorlik sub’yektlarining birja savdolarida hamda davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron savdo va tenderlarda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan baholangan soliq xavfi darajasidan kelib chiqqan holda ishtirok etish huquqini belgilovchi tartib ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu tartib 2022 yil 1 oktyabrga qadar Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi va “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ bilan birgalikda ishlab chiqilishi belgilanmoqda.

DSQ ushbu yangi jazolash tartibini soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarning davomi deya baholagan.

Loyiha tushuntirish xatida keltirilishicha, bunda soliq qonunchiligini buzgan soliq to‘lovchilarga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash va soliq to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilarning birja savdolarida hamda davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron savdo va tenderlarda DSQ tomonidan baholangan soliq xavfi darajasidan kelib chiqqan holda ishtirok etish huquqini belgilovchi tartib ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Savdo-sanoat palatasining pozitsiyasi

SSP xulosasiga ko‘ra, bunday tartib joriy etilishi aynan bir huquqbuzarlik uchun qayta va qayta javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

“Vaholanki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun ma’muriy (MJtK 174-moddasida) va jinoiy (Jinoyat kodeksi 184-moddasida) javobgarlik belgilangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlari o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda ham soliq xavfi yuqori bo‘lgan toifaga tushib qolishlari mumkin. Bunday holatlarda tadbirkorlarning huquqlari asossiz ravishda cheklanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, bunday yangi tartibni ishlab chiqish maqsadga muvofiq emas. Shu bois bunday tartibni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan loyiha 5-bandini chiqarib tashlash lozim”, – deyiladi xulosada.

DSQ UzCard va Humo ma’lumotlar bazalaridan foydalanishi mumkin…

SSP loyihaning yana bir bandiga ham qarshi.

Loyiha 2-ilovasi 16–18-bandlariga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasiga elektron so‘rov asosida ma’lumot taqdim etadigan va keyinchalik ma’lumotlar bazasidan avtorizatsiya huquqi asosida foydalanish hamda ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari sifatida UzCard (“Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJ), Humo (“Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ) va sug‘urta tashkilotlari belgilangan.

Ekspertiza xulosasida aytilishicha, ushbu tashkilotlar mazkur ilova nomiga hamda loyihani ishlab chiqish uchun asos bo‘lgan qaror normasi talablariga zid ravishda keltirilgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-73-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 33-bandiga ko‘ra, soliq organlari tomonidan davlat organlarining ma’lumotlar bazalaridan real vaqt rejimida soliq to‘lovchilarning soliq majburiyatlarini aniqlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlaridan foydalanish tartibini joriy etish belgilangan.

Yuqoridagi normalar esa davlat organlari bo‘lmagan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga aralashish, ularning ma’lumot bazalaridan foydalanish holatlarini keltirib chiqaradi.

Shularni inobatga olgan holda, loyihada soliq organlari tomonidan faqat davlat organlarining ma’lumotlar bazalaridan foydalanish tartibini joriy etishni nazarda tutish lozim.

Mavzuga oid