Jahon | 07:24 / 13.10.2022
40074
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada o‘zbekistonlik fuqaroga harbiy komissarlikdan chaqiruv qog‘ozi keldi

Bu haqda Mediazona Markaziy Osiyo xabar bermoqda.

«Men Moskvada yashayman, lekin hech qachon Rossiya fuqarosi bo‘lmaganman. Shunga ko‘ra, men hech qanday harbiy hisobda turmayman. Men allaqachon O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qildim, ular menga kelib ariza yozishimni aytishdi, shuningdek, chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha hech qayerga bormasligim haqida ogohlantirishdi», — dedi Siroj Nabiyev.

Nashrning yozishicha, bu Rossiyada xorijliklarga chaqiruv qog‘ozini topshirish bo‘yicha birinchi holat emas. Oktabr oyi boshida shu yo‘l bilan Peterburgda Qozog‘iston fuqarosini armiyaga chaqirishga urinib ko‘rishgani xabar qilingan edi. Mahalliy harbiy komissarlik chaqiruv qog‘ozi «xato» tufayli yuborilganini tan oldi, ammo ular erkak kishiga «ro‘yxatdan o‘tish va bu haqda boshqa o‘ylamaslik» uchun baribir komissarlikka kelib-ketishni tavsiya qilishdi.

Bundan tashqari, OAV Vladimir Putin e’lon qilgan «qisman» safarbarlikdan so‘ng Rossiyaning Peterburgdan Vladivostokkacha bo‘lgan turli shaharlarida yashovchi yuzlab tojikistonliklar chaqiruv qog‘ozi olgani haqida yozgan.

Avvalroq, shuningdek, Moskva oblastining Podolsk shahrida O‘zbekiston fuqarosiga harbiy komissarlikka kelishni talab qilgan chaqiruv qog‘ozi topshirilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid