Jamiyat | 17:52 / 23.04.2020
3300
6 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Inoyatov: «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati xalqimizni yanada jipslashtiradi

Koronavirus bilan bog‘liq turli cheklovlar iqtisodiyoti baquvvat, tibbiyoti va boshqa ijtimoiy sohalari rivojlangan davlatlarni ham esankiratib qo‘ydi.

Mamlakatimizda sinovli kunlardan mardonavor o‘tish bo‘yicha qat'iy harakat qilinmoqda. Prezidentimizning tezkor, muammolar yechimiga aniq yo‘naltirilgan qaror va farmonlari, videoselektor yig‘ilishlarida xavflarni bartaraf etish bo‘yicha qat'iy belgilab berayotgan vazifalari bu jarayonda asosiy ahamiyat kasb etmoqda.

Eng muhim jihat shundaki, yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashish yuzasidan hayotiy tashabbuslar bilan chiqib, davlat va jamiyat imkoniyatlari hamda sa'y-harakatlarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirdi. “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini tashkil etish tashabbusi ham shunday ezgu g‘oyalardan bo‘ldi.

Endi bu tashabbus nega muhimligi, uning ulkan ijtimoiy ahamiyati haqida mushohada qilib ko‘raylik. Karantin muddati uzaytirilishi ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, vaqtincha ishsizlar, norasmiy sektorda kunlik daromadga suyanib kelgan oilalarga manzilli yordamni kuchaytirishni taqozo etadi. Bu yordam qisqa muddatda ko‘rsatilishi, oilalardagi ehtiyoj va zarurat hisobga olinishi zarur.

Bunday vaziyatda eng tezkor va aniq yordam ma'lum mahalla, ko‘cha doirasida ko‘rsatilishi mumkin. Nega? Mahallada kim yordamga muhtoj bo‘lib qolgani, aynan qanday oziq-ovqat yoki dori-darmonga ehtiyoj sezayotganini aniqlash oson.

Hamma ham xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlariga murojaat qilmasligi mumkin. Yana jamiyatimizda shunday kishilar borki, qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘rashga, ismini, uy manzilini aytishga istihola qiladi.Agar mahallasi, ko‘chasidagi tanish inson yordam bersa, bir kun qaytarishni ko‘ngliga tugib qo‘yadi. Mahallada muhtoj oilaga yordam berilganini birov bilib, birov bilmay qoladi. Xijolatchilik kamroq bo‘ladi. Odamning ichki tabiati shundayki, o‘ziga tanish, yaqinroq kishilardan yordamni iliqroq qabul qiladi.

Mahalla, ko‘cha yoki boshqa kichikroq hudud doirasida oilalarga yordam ko‘rsatilganda karantin qoidalariga rioya qilish, odamlarni bir joyga to‘plamasdan ko‘proq oilalarga yordam ko‘rsatish osonroq bo‘ladi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati natijasida qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-birodarlar o‘rtasida mehr-oqibat, xayr-u saxovat rishtalari yanada mustahkamlanadi.Shu tariqa ijtimoiy, iqtisodiy holatidan qat'i nazar, aholi o‘rtasida hamjihatlik, ruhiy yaqinlik kuchayadi. Bu jamiyatimizdagi ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlarida 1 apreldan buyon (1197 qisqa raqami orqali) 180 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, qiymati qariyb 23 milliard so‘mlik yordam yetkazib berilgan. Bu muhim natija.

Shuning bilan birga, iqtisodiyotda band bo‘lmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, ko‘makka muhtoj boshqa toifadagi kishilarni hisobga olsak, manzilli yordam yetkazish zarurati yanada ravshanlashadi.

Saxovatpesha, ijtimoiy mas'uliyati yuqori tadbirkorlar davlat tomonidan turli imtiyoz va preferensiyalar orqali qo‘llab-quvvatlanishi karantin cheklovlaridan keyingi qiyinchiliklarni yengib o‘tishda ularga katta yordam bo‘lishi shubhasiz.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati ehtiyojmand bo‘lib qolgan har bir oilaga yetib borishi, hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasligi, bu jarayonda, ayniqsa, partiyamizning boshlang‘ich tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlar faollik ko‘rsatishi talab etiladi. Chunki O‘zXDP dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, joylardagi ijtimoiy himoya bilan bog‘liq vaziyatdan partiyamiz deputatlari yaqindan xabardor bo‘lishi kerak.

Buning uchun birinchi navbatda qaysi hududda kimga yordam qilinishi bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni shakllantirish, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ayollar va keksalar, ko‘p bolali oilalarga murojaat qilishini kutib o‘tirmasdan ijtimoiy ko‘mak yetib borishini e'tiborga olish kerak.

Saxovat va ko‘makka qurbi yetadigan tadbirkorlar, fermerlarga, klaster xo‘jaliklariga davlat tomonidan imtiyoz va preferensiyalar berilishini tushuntirish, ayni paytda tadbirkorlarning bu imtiyozlardan foydalana olishiga amaliy yordam berish zarur. Mahalliy Kengashlardagi deputatlar bu borada ta'sirchan imkoniyatlarga ega. El-yurtga yordam bergan tadbirkorlar turli anglashilmovchilik va sansalorliklar sabab bo‘lib davlatdan ko‘mak olishga qiynalmasligi kerak. Bu ish o‘rinlariga ham salbiy ta'sir yetkazishi mumkin.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati Ramazon oyi kunlaridagi ezgu amallar bilan uyg‘unlashib ketishida ham chuqur ma'no bor. Muqaddas oyda muhtojlarga yordam ko‘rsatilishi, ehtiyojmandlar qo‘llab-quvvatlanishi ruhiy birdamligimiz va bardamligimizni oshiradi. Ayni shu tuyg‘ular murakkab sinovlarni yengib o‘tishda hammamizga qo‘shimcha kuch-quvvat beradi, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati xalqimizni yanada jipslashtiradi.

Ulug‘bek Inoyatov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari.

Mavzuga oid