Bugun, 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy kun tartibida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi. Partiya Markaziy Kengashining joriy yil 12 may kuni bo‘lib o‘tgan plenumida Xalq demokratik partiyasidan partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov nomzodini ilgari surish haqida qaror qabul qilingan edi.

Shundan so‘ng Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakolatli vakili O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi. Hujjatlarni o‘rganib chiqqan Markaziy saylov komissiyasi O‘zXDPning 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berdi.

So‘zga chiqqan partiya faollari Ulug‘bek Inoyatov nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Qurultoyda nomzod masalasi bo‘yicha muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatovni nomzod sifatida ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi.

Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodning Dasturi to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi. Nomzod dasturida ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishdir, deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishlarida 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. 

Ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi sifatida kuchli ijtimoiy siyosat sohasida pensiya tizimini takomillashtirish, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish, ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish, pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda.