O‘zbekiston | 22:30 / 20.06.2023
12638
2 daqiqa o‘qiladi

Qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish taklif qilindi

Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov miqdori qonun bilan belgilanganidan yuqori bo‘lgan uy-joy, avtotransport yoki boshqa mol-mulk mulkdorlaridan qo‘shimcha soliq undirishni taklif qildi.

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi. Siyosatchi o‘z dasturidagi taklif-tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Xususan, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, bunda miqdori qonun bilan belgilangandan yuqori uy-joy, avtotransport yoki boshqa mol-mulk mulkdorlaridan ushbu soliqning undirilishini nazarda tutish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, Ulug‘bek Inoyatov ta’lim va ilm-fan bilan bog‘liq qator tashabbuslarni ham ilgari surmoqda:

  • maktablar o‘quv dasturlarida chet tillari va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish;
  • maktab o‘quvchilari uchun jamoat transportlaridan foydalanishda tabaqalashgan tariflarni joriy qilish;
  • talabalarning darsni o‘zlashtirishi va ularning innovatsion faoliyatda ishtirokiga qarab, stipendiyalar miqdorini belgilash;
  • turar joy ijarasi uchun kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish;
  • olis qishloqlardagi bolalar uchun mo‘ljallangan madaniyat muassasalari, sport inshootlari, “Barkamol avlod” markazlari, musiqa va san’at maktablarining faoliyatini yanada rivojlantirish.

Mavzuga oid