Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tulada migratsiya qoidalarini buzgan 13 nafar o‘zbekistonlik 8 oydan buyon hibsda qolmoqda. Ular orasida ayollar ham bor
Kun.uz’ga Rossiyaning Tula viloyatidagi vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbekistonliklardan murojaat kelib tushdi. Ularning 5 nafari ayollar. Migratsiya tartibini buzgani uchun qo‘lga olingan fuqarolar vatanga qaytish uchun elchixona va konsullik idoralariga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo foydasi bo‘lmagan.
Foto: Videodan kadr
Tahririyatga bog‘langan F.D.ning (fuqarolarning iltimosiga ko‘ra ularning shaxsi ochiqlanmadi) so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda hibsda saqlanayotgan 13 o‘zbekistonlik (ularning 5 nafari ayollar) Tula viloyati Kireyevskiy tumanidagi “Zolotoy gorod” nomli dam olish oromgohida ishlagan. Keyin ularning hujjatlari amal qilish muddati tugagani aniqlanib, politsiya tomonidan ushlangan.
Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ular jinoyatchi sifatida emas, balki “guvoh” maqomida ushlab turilibdi. Hozirda erkaklar Kireyevskiy tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasida, ayollar esa Tula shahri Aleksinskiy shossesidagi izolyatorda saqlanmoqda.
“Biz 8 oydan beri shu yerdamiz. Har kuni qiyin sharoitda yashayapmiz. Oramizda 5 nafar ayol ham bor. Elchixona, konsullik va Tashqi ishlar vazirligiga necha marta murojaat qildik, hech qanday natija yo‘q”, - dedi tahririyatga murojaat yo‘llagan F.D.
Fuqarolar hibsxona sharoiti og‘irligini, oziq-ovqat va tibbiy xizmat yetarli darajada emasligini ta’kidlamoqda. Ayrimlariga Ukrainaga urushga borish haqida taklif ham berilgan, ammo ular buni rad etgan.
Murojaatda keltirilishicha, ularning qaytishi uchun chiptalari bor, agar lozim bo‘lsa, o‘z mablag‘lari hisobidan deportatsiya qilinib yuborilishini ham so‘rashmoqda.
Aytishlaricha, ular bir necha marta O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va konsullik idoralariga murojaat qilgan, ammo foydasi bo‘lmagan.
Tahririyat ixtiyorida ushbu 13 nafar fuqaroning to‘liq ro‘yxati va shaxsiy ma’lumotlari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval “Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasi e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, elchixona va konsulliklar xorijdagi deportatsiya markazlarida saqlanayotgan o‘zbekistonliklarni aniqlab, Migratsiya agentligiga taqdim etishi, agentlik esa 1-3 ish kunida ularning yo‘l chiptalarini xarid qilishi belgilangandi. Birinchi navbatda Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardagi ayollar va bolalar qaytarilishi aytilgan.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
20:47 / 07.12.2025
O‘zbekistonliklar Yaponiyadagi qurilishlarga ishga yuboriladi
19:09 / 05.12.2025
Moskva meri migrantlardan norozi bo‘lganlarga qo‘lga supurgi olishni maslahat berdi
20:56 / 04.12.2025
Janubiy Koreya noqonuniy migrantlarning ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi uchun 90 kunlik dastur e’lon qildi
18:37 / 01.12.2025