O‘zbekiston | 19:00 / 14.05.2020
39271
16 daqiqa o‘qiladi

Tendersiz loyihalar balosi va tizimli muammolar. Iqtisodchi Sardoba voqeasidan xulosalar haqida

Xalq deputatlari Sergeli tuman kengashi deputati, iqtisodchi Abduqahhor Iminoxunov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «Sardoba fojiasi»ning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillar, tizimli muammolar va mazkur fojiadan chiqariladigan xulosalar haqida so‘z yuritdi.

– Abduqahhor aka, «Sardoba fojiasi»dan keyingina to‘g‘on qurilishi uchun hech qanday tender o‘tkazilmagani ma'lum bo‘lmoqda. Aslida, bu kabi yirik loyihalar kimlargadir tendersiz «sovg‘a qilinishi» iqtisodiy til bilan aytganda qanday baholanadi?

– So‘zimning avvalida nafaqat «Sardoba» suv ombori, balki umumiy davlat xaridlari tizimi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Har qanday davlatda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qandaydir xizmat qabul qilib olinsa yoki tovarlar xarid qilinganda bu ishlar davlat xaridlari tizimi orqali amalga oshirilishi kerak. Davlat xaridlari tizimi esa korrupsiyadan xoli bo‘lishi uchun shaffof ishlashi lozim.

O‘zbekiston Respublikasida ham «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun, qator qonunosti hujjatlar bor. Bir so‘z bilan aytganda, respublikada davlat xaridlari tizimi ishlab kelmoqda va qaysidir ma'noda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Lekin davlat xaridlari tizimida yo‘l qo‘yiladigan ayrim kamchiliklar oqibatida Sardobadagi kabi muammolar yuzaga kelmoqda. Aslida esa, bir necha yuz million AQSh dollari qiymatiga teng loyihalar umumxalq muhokamasiga ham qo‘yilishi lozim, menimcha.

Nafaqat davlat xaridlari tizimi shaffof bo‘lib, unda istalgan korxona va tashkilotlar ishtirok etishi, balki keng jamoatchilik fikri ham o‘rganilishi zarur edi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, birinchi navbatda «Sardoba» suv ombori kabi loyihalarning o‘zi tenderga qo‘yilishi kerak.

«Sardoba» suv omborining loyiha tenderi o‘tkazilib, unda o‘sha sohada yuqori tajriba va xalqaro miqyosda obro‘-e'tiborga ega loyihalash institutlari ishtirok etganda bu kabi talafotlar yuzaga kelishi qurilish boshlanishidan oldinroq aniqlangan va oldi olingan bo‘lar edi.

Bu – birinchi omil. 

Ikkinchidan esa, «Sardoba» suv ombori loyihasi ishlab chiqilgach, ekologlar xulosasi olinishi lozim edi. Bundan tashqari, ombor uchun texnik shartlar ham mukammal ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganda soha mutaxassislari o‘z fikrini loyiha bosqichidayoq bildirgan bo‘lar edi. O‘shandayoq mutaxassislar tomonidan qanday kamchiliklar borligi, nimalarni qabul qilish mumkin yoki mumkin emasligi, iqlim va tuproq xususiyatlari haqida tahlil va mulohazalar bildirilgan bo‘lardi.

Keyingi bosqichda esa loyihani ishlab chiqaruvchi yuqori malakali kompaniya tanlanishi zarur edi.

Qurilish bosqichiga oid juda ko‘p savollar mavjud. Davlat xaridlari tizimida ishlagan shaxs sifatida menda nega «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ qurilishni amalga oshirgan degan savol paydo bo‘lmoqda.

Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi mavjud. Nega ular bu ishlar bilan shug‘ullanmasdan qurilish «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga tendersiz berib yuborildi?

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ham qurilishni o‘zi amalga oshirmasdan suv ombori qurilishini suv pudratchilariga, suv pudratchilari esa xususiy kompaniyalarga berib yuborgan.

Nega boshlang‘ich sharoitda birdaniga xususiy korxonalar qurilish uchun yollanmasdan orada bir necha tashkilot aralashdi? Ularning vositachiligiga qanday ehtiyoj bor edi?

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va gidroenergetika o‘rtasida bog‘liqlik ko‘rmayapman. «O‘zbekiston temir yo‘llari» budjet tashkiloti va uning ustavida yo‘lovchi va yuk tashish asosiy vazifa etib belgilangan.

Iqtisodchi sifatida yana bir savol qo‘ygan bo‘lar edim: ijtimoiy tarmoqlarda loyihaning qiymati 404 million dollarni tashkil qilgani aytilmoqda. Bu mablag‘ning qanchasi loyiha amalga oshirilishida chindan ishlagan tashkilotlarga yetib borgan?

Bu savol har bir iqtisodchi uchun qiziq. Budjetdan ajratilgan pulning qanchasi real vaziyatda ish bajargan, texnika va ishchilari bor korxonalarga berilgan?

Bundan tashqari, tuproq ishlari bilan xususiy korxonalar ham shug‘ullanganini ko‘rdik.

«Sardoba» suv ombori qurilgan yillarda 1 metr kub tuproq chiqarish narxi Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida qanchaga teng bo‘lgan? Ombor uchun qancha kub metr tuproq chiqarish ishlari bajarilgan va bunga qancha mablag‘ sarflangan? Bu kabi savollar ko‘p va o‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan savollarga javob berib boriladi.

– Yaponiyadagi Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Alisher Umriddinov bilan shu mavzuda suhbatlashganimizda u O‘zbekistonda sovet ittifoqidan qolgan bir mexanizm mavjudligi, albatta, qanaqadir loyiha olinadigan bo‘lsa, o‘zining qarindoshlari yoki yaqinlari nomiga sho‘'ba korxonalar tashkil etilib, ularga loyiha berilishi va buning ortidan pul «yuvilishi» haqida aytib o‘tdi. Nazarimda, bekorga tuproq chiqarilishi masalasini ko‘tarmadingiz. Demak, bajarilgan ish qiymatini iqtisodiy yo‘l bilan aniqlash imkoni bo‘lishi kerak.

Ayni paytda hukumat tomonidan surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda. Biroq hamma narsa shu paytga qadar hujjatlarda chiroyli qilib joyiga qo‘yilgan bo‘lsa, haqiqiy faktlarni isbotlashning imkoni bormi?

– Men, avvalo, savolning «O‘zbekistonda» deya qo‘yilishiga qarshiman. Qayerda davlat xaridlari tizimi mavjud bo‘lsa, qanchadir miqdorda korrupsiya elementlari mavjud bo‘ladi. Rivojlangan davlatlarda ham, butun dunyoda ham shunday vaziyatlar mavjud. Korrupsiyaga moyilligi yuqori davlatlarda ko‘proq, qayerdadir kamroq korrupsiya elementlari kuzatiladi. Ya'ni bu kabi muammolar faqat O‘zbekistonga xos emas.

Shuningdek, korrupsion elementlarni cheklash, uning sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlari ham mavjud. Lekin bu mavjud mexanizmdan biz qanchalik darajada foydalana olyapmiz, degan savol qo‘yish o‘rinli bo‘lishi mumkin.

Yo‘l qo‘yilgan noqonuniylikni aniqlash mumkinmi, degan savolga esa «Ha, aniqlash juda oson», deb javob beraman.

«Sardoba» suv omborining loyihasi olinib, uning asosida smeta tuziladi. Smetada bajarilgan ishlarning bir birligining narxi ko‘rsatiladi. U asosida qancha ish qilinganini aniqlash qiyin emas. Kosmosdan turib ham qurilgan obektning bo‘yi, eni, balandligi va bajarilgan ish hajmini aniqlash mumkin. Binoga zarar yetkazmagan holda uning tarkibini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borish tajribasi mavjud.

Masalan, turgan dambani 3 o‘lchovli tarzda modellashtirib, muammosiz tarzda unga tegishli barcha ma'lumotlarni o‘rganish mumkin. Faqat bu ishni qilish uchun xohish, iroda bo‘lsa, haqiqatni yuzaga chiqarish istagi bo‘lsa, uni qilish mutlaqo qiyin emas.

Bundan tashqari, «Sardoba» suv ombori qurilganiga hali endi 3 yil bo‘lgan. «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tegishli hujjatlar 5 yil saqlanadi, Fuqarolik kodeksida esa davo muddati 3 yil qilib belgilangan. Har qanday kichik korxona ham o‘z buxgalteriya hujjatlarini saqlab boradi. Shuning uchun vaziyatni aniqlashtirish, iqtisodiy tahlillarni amalga oshirish qiyin ish emas.

Biroq masalada aniqlashtirish kerak bo‘lgan narsa iqtisodiy taraf emas. Bu yerda e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar insonlar hayotiga xavf paydo bo‘lishi, shaxslarning vafot etgani, iqtisodiyot tizimiga berilgan zarba va xalq ko‘nglidagi davlat tizimiga bo‘lgan ishonch bilan bog‘liq. Chunki odamlar davlatga soliq to‘lamoqda va unda mavjud tizimga ishonmoqda. 

Mamlakatda juda ko‘p gidrotexnik inshootlar bor. Har bir gidrotexnik inshoot oldida uxlayotgan odam esa xotirjam bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda «Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi» mavjud bo‘lib, bu juda jiddiy tashkilot. Agar u o‘z faoliyatini talab darajasida amalga oshirsa, qurilish nazoratini tashkil qilsa, bunday xavf bo‘lmaydi.

Masalaning iqtisodiy jihatdan suiiste'molliklari masalasiga kelsak, ularni aniqlash qiyin emas.

Bu yerda judayam bir qiziq holatlar ko‘p. Yuqorida ham aytdim o‘tdim. O‘zbekistonda alohida Suv xo‘jaligi vazirligi bor. Alohida Energetika vazirligi degan tashkilot bor. Qurilish vazirligi bor. Shu tashkilotlarning qoshida mana shu aynan Gidroenergitika sohasida shug‘ullanishi kerak bo‘lgan mutaxassislari bor va Raqamli boshqaruv degan tashkilotning qoshida «O‘zbekgidroenergo» degan aksiyadorlik jamiyati tuzilgan ekan. Bu mutlaqo tushunarsiz ish. Raqamli boshqarish qayoqda, Axborot texnologiyalari vazirligi qayoqda, gidroenergetika qayoqda?

Gidroenergetika zarari bo‘yicha xavfli sanoat sohasi deb o‘ylayman. Odamlarning hayotiga bevosita daxldor soha bu. Endi «O‘zsuvenergo» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zgidroenergo» deb qayta tashkil etilishi… Menimcha, yumorga moyil odamlar ishlaydi shu joylarda. Suv va gidro bir xil ma'noli so‘zlar bo‘lsa, shu so‘zlarnigina tarjima qilib katta bir kompaniyani qaytadan tashkil etishibdi-da, shunaqami?

Keyin «O‘zgidroenergo» raqamli boshqaruvning tarkibiga kirib qolibdi. Raqamli boshqaruvning tarkibida ikkita katta obekt bor ekan: birinchisi, UMS kompaniyasi, ikkinchisi, gidro. Bularning faoliyat sohasi «yaqin»ligini qarang. Biri mobil, ikkinchisi suv. Suv ham mobil-da. Suv ham harakat qiladi-ku, shu nuqtayi nazardan bir-biriga birlashtirilgandir?

Qanday umumiylik bor? Butun boshli vazirliklar ishlab turgan joyda raqamli iqtisodiyotga gedroenergetikani topshirish. Nima askiyami bu?

– Voqealar rivojini ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har qanday fojiadan xulosa chiqarsakkina, keyingilarining oldi olingan bo‘lardi, nazarimda. Sardobada ro‘y bergan avariyadan qanday xulosalar chiqarishimiz kerak? U bizga nimalarni o‘rgatdi?

– Shu savolga agar men javob berib o‘tadigan bo‘lsam, birinchi o‘rinda, davlat boshqaruv tizimimizda o‘zgartirish kiritish zaruriyati ko‘rindi, deb o‘ylayman. Har bir davlat organi o‘zining faoliyati sohasidagi ish bilan shug‘ullansa va shu soha uchun o‘zi mas'ul bo‘lib, o‘zi javob bersa va bu mas'ullik shaxslargacha olib borilsa. Mana shu narsa o‘ta zarur deb o‘ylayman.

Nima uchun raqamli boshqaruv degan korxona gidroenergetika bilan shug‘ullanadi? Gidroenergetika bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan alohida vazirlik bo‘lgan holatda nima uchun «O‘zbekiston temir yo‘llari» degan yuk tashishi kerak bo‘lgan, yo‘lovchi tashishi kerak bo‘lgan tashkilot tender qilmasdan, qanaqadir qurilishi kerak bo‘lgan gidroenergetika obektini oladi-da, qurilishda uni boshqa korxonaga beradi. O‘zi qilmaydi. U olgan korxona yana boshqasiga beradi. Oxirida kimningdir o‘g‘li rahbar bo‘lgan qandaydir xususiy korxonalarga ketib qoladi. Nega? Qanday qilib?

O‘ylaymanki, bu tizimli muammo. Tizimli muammolarda bizning qonun chiqaruvchi organimiz parlament, Oliy Majlis, Senat faol ishtirok etishi lozim va zarur deb o‘ylayman. Chunki bu ijro mexanizmidagi kamchilik emas. Bu qonunchilik bazasidagi kamchilik.

Davlat boshqaruv tizimini isloh qilishimiz kerak. Har bir davlat boshqaruv organi o‘ziga mos va o‘ziga xos bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullansin. Shuning majburiy mexanizmini yaratishimiz kerak.

Ikkinchisi, boya aytib o‘tganimiz, davlat xaridlari, davlat buyurtmalari tizimi, dedik, shaffof bo‘lsin yuz foiz. Buni ham albatta, qonunchilikdan boshlash kerak. Davlat xaridlari tizimidagi qonunchilik bazasi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Bu yerda Vazirlar Mahkamasining vakolatlarini, vazirlik, davlat idoralari vakolatlarini qonunchilik yo‘li bilan chegaralab qo‘yish kerak. Qo‘lida vakolati bo‘lmasa, jinoiy javobgarlik ko‘rsatib o‘tilsin.

Uchinchi masala – mehnat munosabatlari. Mehnat kodeksimizda bor. Ota va o‘g‘il, yaqin qarindoshlar bir-birining qo‘l ostida ishlashi taqiqlangani. Demak, qonunchilik nuqtayi nazaridan buning ham shaffof tizimini yaratishimiz kerak. Zarurat bor ekan. Nega o‘sha narsa Mehnat kodeksida ko‘rsatilyapti, jazolash mexanizmi yo‘q? Xo‘p, men davlat tashkiloti rahbari bo‘lib, o‘z o‘g‘limni ishga olsamda, unga qanaqadir moliyaviy vakolatlar bersam. Meni nima qilib jazolaydi? Qanday jazo sanksiyasi bor menga, degan savolga javob yo‘q. O‘ylaymanki, bu ham bir masala.

Bundan tashqari, yuqorida aytib o‘tilgan shunaqa texnogen va tabiiy ofatlar paytida aholini ogohlantirish tizimi. Qani? Yo‘q! Balki bordir. Men bilmayman, hech qachon ko‘rmaganman. O‘ylaymanki, bu juda ham katta saboq bo‘lishi kerak. Odamalarga tezda xabar bera olish kerak. Judayam katta muammo - zararni baholash tizimi yo‘q.

Nechta uy vayron bo‘ldi? Ular tiklanishiga qancha mablag‘ ketadi? Bu narsani tezlik bilan operativ ravishda hisoblash kerak edi. Mana qozoq birodarlarimiz, qo‘shnilarimizga qoyil qoldim. Pul ajratilib, qurilishni boshlashdi. Nega bizda hali zarar qiymati e'lon qilingani yo‘q?

– Qozog‘istonda ham uylarga, ham ekin maydonlariga yetkazilgan zarar ko‘lami allaqachon pulga chaqilib e'lon qilindi...

– Mana shuni aytmoqchiman. Bir tabiiy ofat yoki texnogen ogat yuz bersa, uning oqibatlarini baholash mexanizmi yo‘q va uni kompensatsiya qilish mexanizmi ham yo‘q. Qanaqa qilib, kimning hisobidan beramiz? Men judayam o‘z vatanimni sevaman. O‘zbekiston degan bir buyuk imkoniyatlar davlatida nahotki fuqarolarining boshiga ish tushsa, ularga yordam bera oladigan budjetda mablag‘ topilmasa? Kimdir, boshqa davlatning fuqarosi pul bersa, biz xursand bo‘lsak. Men uyaldim bundan. Xursand bo‘ladigan ish emas bu.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid