Jahon | 20:52 / 17.08.2025
11212
11 daqiqa o‘qiladi

Alyaskadagi besamar uchrashuv, Turkiya Suriyaga qurol beradi – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 17 avgust, yakshanba. Bundan 33 yil avval BBCʼga intervyu bergan shohimardonlik Ismoil ota «avgustgacha chidasak, hammasi yaxshi bo‘larkan», deb aytgandi. Buni qarangki, 2025 yil avgustini Yevropaning bir mamlakatida millionlab odamlar intizor kutdi. Chunki bizdan uncha uzoq bo‘lmagan bu davlat to‘rt yildan beri o‘z yerlariga bostirib kirgan qo‘shnisi bilan urishmoqda, daydi o‘qdan ularning bolalari o‘lyapti, shaharlari yer bilan bitta bo‘lmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ikkitasi 15 avgustda ko‘rishib, urushni tugatishga harakat qilamiz, deb butkul umidsizlikka tushgan bu davlatga umid bergandi. Lekin hech narsa bo‘lmadi. Urush hamon davom etmoqda, uyida farzandi kutayotgan otalar, uylanmagan bo‘z yigitlar zax okopda o‘lishda davom etmoqda. Va eng dahshati bu urush 1940 yilda ham, 1980 yilda ham emas, shu kecha-kunduzda, bir kinoda aytilganidek, kosmik kemalar koinotga parvoz qilayotgan, odam o‘rniga kompyuter o‘ylayotgan ultrazamonaviy davrda sodir bo‘lmoqda.

1992 yil, O‘zbekiston endi mustaqil bo‘lgan, do‘konlar bo‘m-bo‘sh davrda o‘sha o‘lmas gapini aytgan Ismoil ota bugun hayot bo‘lganida, bozorlarimiz, do‘konlarimizdagi to‘kin-sochinlikni ko‘rib xursand bo‘lardi. Nihoyat va’da qilishgani avgustga yetdik, degan bo‘lardi balki. Ismoil ota, hozir ham narx-navo baland, go‘sht falon so‘m, bug‘doy arzon-u, non qimmat, benzin ko‘tarildi, ba’zan shakar noyob bo‘lib qoladi. Lekin bizning avgust siz yashagan avgustdan ming chandon yaxshi. Eng muhimi, qorin to‘qlash amrimahol emas. Faqat sizday samimiy, bir gapi ming gap o‘rnini bosadigan insonlar kamayib ketdi.

Azizlar, biz Ismoil ota intizor kutgan avgust oyining ajoyib kunida ortda qolgan haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Alyaskadagi uchrashuv

Demak, haftaning eng muhim voqeasi Tramp va Putinning AQShda uchrashgani bo‘ldi. Oq uyga ko‘ra, Putinning iltimosi bilan tashkil etilgan uchrashuv bir vaqtlar amerikaliklar ruslardan sotib olgan Alyaskada o‘tkazildi. Joyni Tramp tanlagan. Butun dunyo 15 avgustdagi uchrashuvni diqqat bilan kuzatdi, lekin undan hech qanday natija chiqmadi. Putin o‘sha eski da’volarini takrorladi, Tramp doimgidek o‘zini katta ish qilgandek ko‘rsatdi, lekin yana chuv tushdi.

Amerika prezidenti uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida hech qanday kelishuv bo‘lmaganini aytdi. Vaholanki, saylov kampaniyasi vaqtida urushni bir kunda tugataman deb katta ketgan Tramp Oq uyga qaytgach, urushni tugatish bo‘yicha yana ko‘p va’dalar bergan, ko‘pchilik uning gaplarini jiddiy qabul qilmay qo‘ygan bir vaqtda Putin bilan bir ko‘rishsam, hammasini hal qilaman, deyishga o‘tdi.

Lekin yuzma-yuz uchrashuvdan ham hech qanday samara chiqmadi. Aytgancha, yakkama-yakka uchrashuv bo‘lmadi, muzokarada har ikki tomondan uch kishidan qatnashdi. Avvaliga delegatsiyada besh kishidan bo‘lishi aytilgandi, ruslar shunga ishonib iqtisodchi mudofaa vaziri Belousov va Ukrainada tug‘ilgan amerikashunos Kirill Dmitriyevni ham olib borishgandi. Oxir-oqibat bu ikkovi muzokarada qatnashmay qaytib ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tramp dushanba kuni Oq uyda Zelenskiy bilan uchrashadi. Agar bu gal ham uchrashuvda vitse-prezident Vens qatnashib, Zelenskiydan rahmat deyishini talab qilib, janjal boshlamasa, Tramp Ukraina prezidentiga Putinning nima istayotganini yetkazadi. Ishonchli manbalarga ko‘ra, Putin Trampga butun Donbass ustidan nazorat istayotgani, Zaporijjya va Xersonda frontni muzlatishga tayyorligini aytgan. Tushunmaganlar uchun qisqacha tushuntirish bersam, «frontni muzlatish» degani «urushni keyinroq yana davom ettiramiz» degani.

Ba’zi nashrlarga ko‘ra, Rossiya Sumi oblastining o‘zi egallagan kichik qismi va Xarkivdan chiqib ketishga tayyor ekan. Ma’lumot uchun, Rossiya Luhansk oblastini deyarli to‘liq egallab bo‘lgan, Donetsk oblastining 30 foizcha qismi hamon Ukraina nazoratida va bu yerlar Kiyev sharqiy mudofaasi uchun strategik ahamiyatga ega. Rossiya ukrainlar ana shu egallanmagan yerlardan chiqib ketishini istamoqda. Shoirning ta’biri bilan aytganda, Rossiya tig‘ bilan yetolmagan yerlarni qalam bilan olmoqchi.

Zelenskiy yana Oq uyga boradi

Yevropa davlatlari va Ukraina AQSh prezidenti Tramp tanlagan yo‘nalishdan ochiqchasiga norozi, chunki urush ularning maydonida kechmoqda. Tramp esa urushni tezroq tugatib, amerikaliklarga «Ko‘rdingizmi, men urushni tinchitdim, men tinchlikparvar dahoman», deyishni istaydi. Urush kim kimga yerini berishi bilan tugashi uni umuman qiziqtirmaydi.

18 avgust kuni Zelenskiy navbatdagi marta Oq uyga borib, Tramp bilan ko‘rishadi. Oxirgi marta Ukraina lideri Vashingtonga fevralda borgan va o‘sha uchrashuvda janjal chiqqandi. Ertangi uchrashuvga Zelenskiy bilan birga Yevropa liderlari ham taklif qilingan. Hozircha Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen xonim Zelenskiy bilan birga AQShga borishi aniq bo‘ldi. Balki yana biror Yevropa davlati lideri ularga hamrohlik qilar. Ba’zi nashrlar Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni va Germaniya kansleri Fridrix Mers ham Zelenskiyning Vashington safariga hamrohlik qilishi haqida yozgan.

«Rossiya kuchli, Ukraina esa yo‘q»

Yana Alyaskadagi uchrashuvga to‘xtalamiz. To‘g‘ri tushuning, bu uchrashuv qanchalik samarasiz kechgan bo‘lmasin, undagi gaplar muhim masalalarga ta’sir qilishi mumkin. O‘sha uchrashuvdan keyin Donald Tramp aytgan ikkita gapga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bu gaplar Trampning kayfiyatini ochib beradi.

Qadrdon Fox News telekanaliga intervyu bergan Tramp Putin bilan uchrashuvga 10 baho qo‘yishini aytdi. «Ikki yadroviy davlatlar muloqot qilishi yaxshi», dedi AQSh prezidenti. Shuningdek, Putin bilan ko‘p masalada hamfikr ekanini aytib, Zelenskiyni Rossiya bilan kelishishga chaqirdi. Va mana shu yerda o‘zining qanday pozitsiyada ekanini ko‘rsatadigan gap aytdi: «Rossiya kuchli davlat, ular esa yo‘q».

Va yana o‘sha intervyuda Tramp 2020 yildagi prezidentlik saylovida aslida yutqazmagani haqida navbatdagi marta gapirdi. Bilasizmi, bu haqda Trampga kim aytgan ekan? Vladimir Putin. Rossiya prezidenti Trampga u pochta orqali ovoz berilgani sabab yutqazgani, bunday ovoz berish usuli demokratiyaga xos emasligi, boshqa biror davlatda bunday ovoz berish usuli yo‘qligini aytibdi.

Mayli, dunyoning o‘nlab davlatida pochta orqali ovoz berish tizimi borligini hozir eslab o‘tirish shart emas. Shunchaki, bu gapdagi eng muhim joyiga yana bir diqqat qiling: Putin Amerikadagi ovoz berish tizimi demokratiyaga zid ekanini aytibdi. Men bu gapga ta’rif topolmadim, sizda bo‘lsa, ayting.

Turkiya Suriyaga qurol beradi

Turkiya yangidan shakllanayotgan Suriyaga qurol-yarog‘ yetkazib beradi, shuningdek, Suriya harbiy sohasini moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Turkiya mudofaa vazirligi ma’lum qildi. Bayonotdan bir kun avval Turkiya va Suriya mudofaa vazirlari harbiy tayyorgarlik bo‘yicha memorandum imzolagandi.

O‘tgan oyda Isroil hujumiga uchragan Suriya harbiy yordam so‘rab, Anqaraga murojaat qilgandi. Turkiya tomoni Suriyaning harbiy salohiyatini kuchaytirishga harakat qilishini bildirgan.

Tramp Baydenni sudga bermoqchi

AQSh birinchi xonimi Melanya Tramp sobiq prezident Jo Baydenning mojaroli o‘g‘li Hanter Baydenni sudga berib, undan 1 milliard dollar ma’naviy zarar undirishi mumkin. Gap shundaki, Hanter Bayden Trampni uning xotini bilan Jyeffri Epshteyn tanishtirgani haqida gapirgan. Epshteyn oxirgi oylarda AQShda nomi tildan tushmayotgan inson bo‘lib, tovlamachilik va pedofiliyada ayblangan. Bu odam allaqachon o‘lib ketgan, lekin uning nomi katta-katta odamlarga muammo tug‘dirmoqda. Epshteynning Tramp bilan birga tushgan suratlari ham tarqalgandi.

Baydenning o‘g‘li Hanter yaqinda bergan intervyularidan birida Tramp va Melanya Epshteyn orqali tanishganini aytib, katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Melanya Trampning advokati Baydenning o‘g‘lidan uzr so‘rashni talab qilib, aks holda birinchi xonim uni sudga berishini aytdi.

Bizda hozircha shular. Dunyoda aslida juda ko‘p voqealar sodir bo‘ldi, lekin Alyaskadagi samarasiz uchrashuv shovqini barchasini bosib ketdi. Ha, azizlar, bu hafta ham urush tugamadi, tinchlik bo‘lmadi. Ismoil ota aytganiday, avgust oxirigacha kutaylik-chi, undan keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketar.

So‘zimiz boshida avgust oyining ramziga aylangan shahrixonlik dehqon boboni eslagandik. Keling, so‘zimiz oxirida bizning National Geographic darajasida videolar tayyorlaydigan farg‘onalik muxbirimiz Sarvar Ziyoyev tayyorlagan o‘sha maqolaning oxirini o‘qiymiz: «Ismoil ota kiygan to‘n, telpak va belbog‘larigacha yaxshi saqlangan. U qurgan imoratlar va hatto tirikligida go‘ng tashigan og‘ilxonasigacha o‘z o‘rnida. Dehqon boboning boltasida endi uning o‘g‘illari o‘tin yoryapti...» Olamlarga tatigulik gaplar. Omon bo‘ling, azizlar. Bizni avgustning keyingi yakshanbasida kuting.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid